Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:18

Armiya yoshidagilar bir oylik xizmatga borish shartnomasiga qo‘l qo‘yishga majburlanayotganini aytmoqda


Qoraqalpog‘istonning Kegeyli tumanida Safarbarlik chaqiruv rezervi(SChR)ga jalb qilinayotgan yoshlardan pul to‘lash haqidagi shartnomaga majburan imzo qo‘ydirilmoqda.

Bu haqda o‘zi tuman Mudofaa ishlari bo‘limiga chaqirtirilib¸ shunday shartnomaga qo‘l qo‘y talab qilingan yoshlar vakillari Ozodlikka xabar qildi.

Harbiy xizmatning bu turiga 4 million so‘mdan ortiq pulni to‘lash imkoni bo‘lmagan ayrim yoshlar¸ aytilishicha¸ imzo qo‘yishdan bosh tortmoqda.

Kegeyli tumani Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i Ozodlik bilan suhbatda shartnoma imzolashda majburiylik yo‘qligini iddao qildi.

Кегейли тумани Мудофаа ишлари бўлимидаги ҳолат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:04 0:00

Ozodlik tasarrufiga kelib tushgan videolardan birida Kegeyli tumani Mudofaa ishlari bo‘limidagi holat tasvirlangan.

Videoda harbiy kiyimdagi shaxsning yosh yigitlardan birini devorga tirab, o‘shqirayotgani aks etgan.

Videoni yuborgan shaxsga ko‘ra, harbiy kiyimdagi mulozim, SChRga chaqirilgan bolani shartnomani imzolashga majburlamoqda.

Kegeyli tumanida yashaydigan 20 yashar yigitning shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab Ozodlikka aytishicha, undan harbiy safarbarlik chaqiruv rezervida xizmat qilish shartnomasiga majburan qo‘l qo‘ydirib olingan.

“Bir oylik armiyaga hammaga majburiy imzo qo‘ydirib olishayapti, shu bolalar qatori men ham imzo qo‘yishga majbur bo‘ldim. Chunki, qo‘ymayman degan bolalarni shu yerdagi harbiylardan bittasi urib, so‘kib, qo‘rqitib majburlab imzo qo‘ydirishdi. Mening ko‘zim yaxshi ko‘rmasligi bo‘yicha ikkita tibbiy AKTim bor edi. Har safar shaharga borib, davolatib turaman. Lekin bunga ham qarashmaydi ular”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir 21 yashar yigit, imzo qo‘yish-qo‘ymaslik haqida ota-onasi bilan maslahatlashishga ham ruxsat berilmaganini aytadi.

“Uyimizdan telefon qilib so‘raymiz imzo qo‘yishimizni, telefonni bering¸ desak telefonlarning hech birini bermaydi. Hammanikini yig‘ishtirib olgan edi. Mening uyimda faqat onam 0,5 stavkada ishlaydi. Otam, men - ishsiz. 4 millionni to‘lashga bizning qurbimiz yetmaydi. Imzo qo‘yib kelganimdan so‘ng, har kuni posyolka sovetidan, Mudofaa ishlari bo‘limidan xodimlar uyga kelib, qachon to‘laysizlar deb qistovga olishayapti. Bugun agar imzo qo‘yishmasa¸ sudga beramiz yoki uydagi narsalarni olib ketamiz¸ deyishdi dadamga”.

Kegeyli tumani Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i O‘lmasbek Qo‘chqorov Ozodlik bilan suhbatda bir oylik safarbarlik chaqiruv rezerviga chaqirilayotgan yoshlar shartnomani imzolash uchun majburlanayotganini inkor qildi:

- Hech qanday majburlash bo‘lgani yo‘q. Agar kimdir majburlanganini iddao qilgan bo‘lsa, menga belgilangan tartibda murojaat qilsin, oilaviy sharoitini yozib, mening oldimga kelsin. Men qonun doirasida ko‘rib chiqay, javob xatini yozay. Agar javobimdan qanoatlanmasa¸ mendan yuqori turuvchi qo‘mondonlikka murojaat qilsin. Biz u bolalarni so‘kishga hech qanday vakolatimiz ham yo‘q. Hamma insonning o‘z haq-huquqi bor. Biz o‘zimizga qo‘yilgan vazifalarni bajarayapmiz, xolos”.

O‘zbekiston armiyasida Muddatli harbiy xizmatdan (MHX) tashqari Safarbarlik chaqiruv rezervidagi (SChR) xizmat turi ham mavjud.

SChRga xizmatga chaqirilganlar bir oylik harbiy yig‘inda bo‘lish bilan birga davlatga, eng kam ish haqining 20 baravari miqdorida, 4 million 54 ming so‘m to‘lashi shart.

SChRga chaqirilganlardan ba’zilari, O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga navbatdagi chaqiruv o‘tkazilgan fevral-martdan buyon o‘tgan vaqt ichida Ozodlikka qilingan murojaatlarida, to‘lov miqdorining kattaligidan shikoyat qilgan bo‘lsa, ba’zilari nega davlatga pul to‘lashi kerakligini tushunmayotganini aytgan edi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 2018 yilning 29 iyun kuni harbiy xizmatga chaqiruv yoshini 27 dan 25 ga tushirishni taklif qilib, bosh vazir Abdulla Aripovga parlament so‘rovi yuborgan edi.

Jumladan, Senat qoshidagi Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jaev oilalarning ijtimoiy va moddiy holatini baholash to‘g‘risidagi nizomning yo‘qligi, bu safarbarlik chaqiruv rezervida bir oylik xizmatni o‘tash uchun badal pulini joriy etishda korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklar uchun juda qulay sharoit yaratib berayotganini tanqid qilgan edi.

XS
SM
MD
LG