Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 00:27

Hindiston raketa bilan sun’iy yo‘ldoshni urib tushirib "superdavlat"lar safiga qo‘shildi


Hindistonliklar bosh vazir Narendra Modining raketa parvozi ortidan qilgan bayonotini tinglamoqda. 2019, 27 mart.
Hindistonliklar bosh vazir Narendra Modining raketa parvozi ortidan qilgan bayonotini tinglamoqda. 2019, 27 mart.

Hindiston o‘tgan haftada uchirgan raketasi bilan yerga yaqin uchadigan sun’iy yo‘ldoshni urib tushirdi. Bu haqda bayonot bergan Hindiston bosh vaziri Narendra Modining aytishicha, shu paytga qadar faqat AQSh, Rossiya va Xitoy bunday amaliyotni bajargan edi.

Modi Hindiston sharqida otilgan raketa taxminan 300 km balandlikda uchayotgan sun’iy yo‘ldoshni urib tushirganini, ushbu “murakkab” amaliyot uch daqiqa davom etganini aytarkan, dedi:

- Hindiston o‘zini qudratli fazo dasturiga ega superdavlatlar safiga kirdi. Bugunga qadar faqat uch davlat buning uddasidan chiqqan.

Joriy yilning 14 fevralida Hindiston bilan Pokiston o‘rtasidagi bahsli Kashmir hududining Hindiston qismida amalga oshirilgan terror hujumida 44 nafar hind politsiyachisi halok bo‘lgan edi. Mazkur hujum ortidan Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar taranglashdi. 26 fevral kuni Hindiston armiyasi o‘z qiruvchi uchoqlari Pokiston hududidagi “terrorchilar bazasi”ga hujum qilganini bildirdi. Bunga javoban Islomobod 27 fevralda Kashmir hududida Hindistonga qarashli ikki qiruvchi samolyotni urib tushirdi va uchuvchilarni hibsga oldi.

Modi yo‘ldoshlarga qarshi raketa sinovi (ASAT) tinch o‘tkazilganini, sinov urush muhitini keltirib chiqarishni ko‘zlamaganini ta’kidladi.

Ammo tahlilchilar Hindistonning bu sinovlari mamlakatning mintaqadagi raqiblari Xitoy va Pokiston nazaridan chetda qolmasligini aytmoqda.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Hindistonning ushbu e’lonini tanqid qilib, o‘tkazilgan sinovni Don Kixotning shamol tegirmoniga o‘qtalishiga qiyosladi.

AQSh va Sovet Ittifoqi ilk marotaba yo‘ldoshlarga qarshi raketa sinovlarini (ASAT) 1985 yilda o‘tkazgan. 2007 yil Xitoy ularning safiga qo‘shildi. Hozirgi kunda bu uch mamlakat “Yulduz urushlari” nomi berilgan, yo‘ldoshlarni yo‘q qilishni ko‘zlovchi lazer texnologiyalari ustida ishlayotgani aytiladi.

2014 yilda AQSh Rossiya va Xitoyning fazoga qurol-aslaha chiqarishni man etish taklifini rad etdi. Vashington e’tiroziga taklif qilingan kelishuvda qurollarni tekshirish jarayoni belgilanmagani sabab bo‘ldi.

Modi o‘tkazilgan sinov hech qanday xalqaro kelishuvni buzmaganini, faqatgina Hindistonning 1,3 milliard aholisi xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlashini aytdi. Ammo Pentagon va NASA ASAT sinovlari Yer orbitasida xavfli chiqindilarni qoldirishi haqida ogohlantirdi.

Hindistonning (ASAT) sinovi 11 aprelga belgilangan milliy saylovlar arafasida o‘tkazildi. 2014 yilda saylangan Modi qaytadan saylanishga urinmoqda.

Keyingi yillarda Hindiston fazo dasturi yirik muvaffaqiyatlarga erishdi. 2017 yilda mamlakat yagona missiya doirasida rekord 104 sun’iy yo‘ldoshni Yer orbitasiga chiqardi.

XS
SM
MD
LG