Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 01:51

Samolyotsozlikni tiklamoqchi bo‘lgan xorijlik investor o‘zining Toshkentda aldanganini aytmoqda (VIDEO)


Yevgeniy Polyak 2018 yil 18 mart kuni Toshkent viloyati hokimi uyushtirgan biznes forumida o‘z investitsion loyihasini taqdim etgan.
Yevgeniy Polyak 2018 yil 18 mart kuni Toshkent viloyati hokimi uyushtirgan biznes forumida o‘z investitsion loyihasini taqdim etgan.

Ozodlikka murojaat qilgan Yevgeniy Polyak o‘zini Rossiyadagi «M&K» aviatsiya markazi mulkdori va Toshkentdagi sobiq aviasozlik zavodi bazasida vertolyot va samolyot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejasiga 1 milliard dollarga qadar kapital ëtqizish imkoniga ega sarmoyadorlar vakili sifatida taqdim etdi.

O‘tgan yil prezident taklifi bilan O‘zbekistonga borgan 150 nafar rossiyalik investordan biri bo‘lgan Yevgeniy Polyak¸ oradan bir yil o‘tib, bu 150 ta sarmoyadordan O‘zbekistonda biznes qilish rejasidan hamon qaytmagan yagonasi ekanini aytadi.

“Toshkentda bizni tinimsiz aldashmoqda¸ turli ma’muriy bahonalar bilan bizning 4 million dollar sarflangan biznes rejamizni boshlash uchun zarur bitta hujjatni ham berishmayapti”¸ degan Polyak¸ o‘z sarmoyasi yo‘liga Transport vazirligi huzuridagi Davlat aviatsiya nazorati inspeksiyasi rahbariyati to‘siq bo‘layotganini aytadi.

Ozodlikka bergan rasmiy javobida bu inspeksiya rahbariyati Yevgeniy Polyakning bu iddaosini rad etdi va investorning o‘zini talab qilinadigan hujjatlar to‘plamini taqdim etmayotganlikda aybladi.

Toshkentga safar

Rossiyadagi «M&K»aviatsiya markazi rahbari Yevgeniy Polyak 2018 yilning 10 mart kuni Moskvadagi “Norbekov millionerlar klubi”ning 150 a’zosi bilan birga o‘z investitsion rejasi bilan Toshkentga borgan xorijlik tadbirkorlardan biridir.

Polyakning Ozodlikka aytishicha¸ bu guruh shaxsan prezident Shavkat Mirziyoev taklifi bilan O‘zbekistonga borgan.

Investorlar guruhi Toshkentda viloyat hokimi G‘ulomjon Ibragimov¸ shuningdek, hukumat va prezident ma’muriyati mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan biznes forumda o‘z biznes loyihalarini rasman taqdim etgan.

Bu forum va taqdimotlar¸ mahalliy davlat telekanallarida mamlakatning “xorij investorlari uchun qanchalik jozibador ekani” ko‘rsatuvchi voqea sifatida keng yoritilgan.

Polyakning aytishicha¸ u forumda Toshkent viloyatida aviatsiya markazi ochish¸ bu viloyatdagi tog‘-chang‘i komplekslariga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishdan boshlanadigan keng qamrovli biznes loyihasini taqdim etgan.

- Forumdan keyin yaxshi ziyofat bo‘ldi¸ yedirib-ichirishdi. Ziyofat tugaganidan keyin mezbon tomon har birimizga bittadan hujjat olib keldi. Unda bu loyihaga falon pul sarmoya yotqizish majburiyatini zimmamga olaman¸ deb yozilgan edi. Anglashinuv memorandumini majburiyat olingan huquqiy shartnomaga aylantirib olib kelishipti. Ertalab hokim bizga bunday kelishuv imzolangunga qadar bizga ajratiladigan yer maydonlari va inshootlarni ko‘rsatish¸ biz ishlab chiqarish ehtiyojidan kelib chiqib¸ o‘zimizga qulayini tanlab olganimizdan keyin shartnoma imzolanishini aytgan edi. Va’daning buzilganini ko‘rib¸ men bilan borganlar qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga urib¸ O‘zbekistonga qaytib bormaydigan bo‘lib ketishdi¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda Yevgeniy Polyak.

O‘zi Rossiyada tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa-da¸ ota-bobolari o‘zbekistonlik ekanini aytgan Polyak¸ xususiy kapital yotqizib¸ Toshkent aviatsiya zavodi bazasida yana samolyotsozlik sanoatini qayta tiklash pirovard maqsadi ekanini ta’kidlaydi.

- Bizning loyiha aviaparkni qayta jihozlashga 1 milliard dollargacha sarmoya yotqizishni ko‘zda tutadi. Biz jiddiy tashkilotmiz¸ ammo O‘zbekistonda buni yo tushunishmayapti¸ yoki tushunishni istashmayapti¸ deydi Polyak.

Muammo nimada?

Yevgeniy Polyakning aytishicha¸ 18 mart kungi Toshkent uchrashuvidan keyin u O‘zbekistonda biznes qilish uchun mahalliy kompaniya ochgan.

2018 yilning 22 may kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida “Great master airline” deb nomlangan mas’uliyati cheklangan jamiyat qayddan o‘tkazilgan.

Bu shirkatning faoliyat boshlashi¸ xususan¸ 4 million AQSh dollariga sotib olingan Robinson R44 rusumidagi vertolyotlarni olib kelish va ulardan sayyohlarga xizmat ko‘rsatishda foydalanish uchun Davlat aviatsiya nazoratida inspeksiyasidan ekspluatant sertifikati olish talab qilingan.

Bu sertifikatni olish uchun bir yil davomida mazkur inspeksiyaga qilingan murojaatlar¸ Polyakning aytishicha¸ turli bahonalar bilan qondirilmay kelmoqda.

- Bir yildan beri Davlat avianazorat qo‘mitasi eshigida sarg‘ayib yuribmiz¸ bugunga kelib bizni qo‘mitaga kiritmay ham qo‘yishdi. Biz normal davlatlarda bir yarim hafta ichida beriladigan ekspluatant sertifikatini O‘zbekistonda bir yildan beri ololmayapmiz. Prezident virtual qabulxonasiga ikki marta yozdim¸ har gal bir xil – so‘ralgan hujjatlarni to‘lig‘icha topshirmadi¸ degan javob berishayapti. Aslida esa¸ aytgan bitta hujjatini topshirsangiz¸ yana ikkitasini so‘raydi. Bunaqa qog‘ozbozlikning oxiri ko‘rinmayapti¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Polyak.

"Davavianazorat" Polyak tanqidlarini rad etdi

O‘zbekistonda aviasozlik sanoatini qayta tiklashga qaratilgan biznes rejasini amalga oshirish yo‘lida bir yil davomida bitta ruxsatnomani ham ololmagan Yevgeniy Polyakning Ozodlikka bildirgan bu shikoyatiga O‘zbekiston Davlat aviatsiya nazorati inspeksiyasi rahbariyati munosabat bildirdi.

Aviatsiya ma’muriyati vakolatiga O‘zbekistonga investor jalb qilish kirmaydi. Biz parvozlar xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanamiz. Istalgan jismoniy yoki yuridik shaxs¸ investor bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’iy nazar¸ bu sohada davlat o‘rnatgan talablarga javob bergan taqdirdagina ekspluatant bo‘lishi mumkin. Bugunga qadar janob Polyak talab etiladigan hujjatlarni to‘lig‘icha taqdim qilmagani bois¸ biz unga ekspluatant sertifikatini bera olmaymiz”¸ deyiladi Ozodlikka Davlat avianazorat inspeksiyasi rahbariyati tomonidan yuborilgan rasmiy bayonotda.

Investor kerakmi-yo‘qmi?

Rossiyalik investor¸ O‘zbekistonda bir yildan beri boshi berk ko‘chaga kirib qolgan qog‘ozbozlikka barham berishni so‘rab Ozodlik orqali prezident Shavkat Mirziyoevning o‘ziga murojaat qilishga majbur bo‘lganini aytadi.

Bu videomurojaatida Yevgeniy Polyak Shavkat Mirziyoevdan¸ “O‘zbekistonga investor kerak emas ekan¸ bizni nega chaqirdingiz? degan savolga javob so‘raydi.

Россиялик инвесторнинг президент Мирзиёевга мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:10 0:00
Бевосита линк

Shavkat Mirziyoev xorij investitsiyasini O‘zbekistonga jalb qilish orqali iqtisodiy ahvolni yaxshilash¸ yangi ish o‘rinlari yaratishni o‘z hukumati oldidagi ustivor vazifa qilib belgilagan; prezident tashabbusi bilan 2019 yil "faol investitsiyalar yili" deb e’lon qilingan.

Prezidentning xorij safarlari muvaffaqiyati¸ bu safarlar davomida O‘zbekistonga qancha investitsiya jalb qilingani haqidagi raqamlar bilan baholanadi.

Xususan¸ Mirziyoevning keyingi ikki yil ichida Moskvaga qilgan tashrifi davomida 16 milliard dollarlik¸ Koreya safari davomida 9 milliard¸ Turkiya safari davomida 3¸5 milliard¸ AQSh safari davomida 4.8 milliard ¸ Fransiya safari davomida 5 milliard dollarlik "shartnomalar" imzolangani xabar qilingan.

Aksariyati istak memorandumi darajasida qolib ketayotgan bu sarmoyalarning O‘zbekistonga kirmayotganini Mirziyoevning o‘zi ham bir necha bor e’tirof etgan.

Joriy yil fevralida Qonunchilik palatasi deputatlariga hisobot bergan Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov “investorlarga joy ajratish borasida sustkashlik qilinayotgani¸ ayrim erkin iqtisodiy zonalarda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish va infratuzilma ob’ektlarini qurish oxiriga yetkazilmayotgani, tijorat banklarining tashabbus ko‘rsatmayotgani”ni sarmoyadorlarni jalb etish yo‘lidagi asosiy to‘siqlar sifatida sanab o‘tgan.

XS
SM
MD
LG