Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:05

Armaniston bosh vaziri sud tizimini keskin isloh qilishga chaqirdi


Armaniston. Bosh vazir Nikol Pashinyan (o‘rtada) sud eshigini to‘sib qo‘ygan tarafdorlari orasida. 2019, 20 may.
Armaniston. Bosh vazir Nikol Pashinyan (o‘rtada) sud eshigini to‘sib qo‘ygan tarafdorlari orasida. 2019, 20 may.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan qonsiz inqilobning “ikkinchi bosqichi” sifatida mamlakat sud tizimini keskin isloh qilish da’vati bilan chiqdi. Ayni inqilob uni bir yil oldin hokimiyatga olib kelgan edi.

20 mayda Armaniston harbiy xizmatchilari, sud tizimi va siyosiy rahbarlari ishtirok etgan konferensiyada so‘zlagan nutqida Pashinyan o‘tgan 12 oy mobaynida mamlakatda legitim ijroiya va qonun chiqaruvchi tarmoqlar shakllangani, biroq sud hokimiyati sobiq “korrupsiyalashgan hukumat” ta’siri ostida qolgani haqida gapirdi.

U Yevropa inson huquqlari sudi qarorlarini noqonuniy deb topgan barcha sudyalar lavozimidan bo‘shatilishi kerakligini va ushbu sohada zarur islohot o‘tkazish uchun konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritishga tayyor ekanini aytdi.

‒ Jarrohlik aralashuvi uchun vaqt keldi, ‒ dedi u sudlarning eshiklarini to‘sib qo‘yishga vatandoshlarini chaqirganidan bir kun o‘tib. Bunga o‘zining ashaddiy dushmani, davlat to‘ntarishi va korrupsiyada ayblanayotgan sobiq prezident Robert Kocharyanning hibsdan ozod qilingani sabab bo‘ldi.

Pashinyan o‘tgan yil bahorida uzoq vaqtdan beri Armanistonni boshqarib kelgan Serj Sargsyandan mamlakat miqyosidagi norozilik namoyishlaridan so‘ng hokimiyatni tortib olgan edi. U barcha sudyalar “tekshiruv jarayoni”dan o‘tishi kerakligini va bu jarayon ularning mustaqil sudyalar sifatida ishlay olish-olmasligini aniqlab berishini aytdi.

− Men sud tizimi chiqargan qarorlarning qonuniy yoki haqiqiy ekani haqida fikr bildira olmayman, buni istamayman ham. Bu mening vakolatimga kirmaydi... Bundan qat’inazar, sud tizimi qarorlariga odamlar umuman ishonmaydi, − dedi u. − Armaniston xalqi haligacha sud hokimiyatini ilgarigi xalqqa qarshi fitna rejalashtiriladigan va amalga oshiriladigan sobiq korrupsion tizimning qoldig‘i deb hisoblaydi. Ushbu taxmin qanchalik haqiqatga yaqin yoki asosli ekani boshqa masala, lekin sud hokimiyatiga odamlar ishonmasligi uning ishlashga qonuniy haqqi yo‘q ekanini ko‘rsatadi.

Armanistonning yetakchi muxolifat kuchlari sud binolari eshiklari to‘silishini qoraladi. Ularning fikricha, bu hol konstitutsiyaning sud hokimiyati ishiga aralashish taqiqlanishi haqidagi moddasiga ziddir.

‒ Agar Pashinyanning ayrim kishilardan hafsalasi pir bo‘lgan bo‘lsa, u buni sudlarga bosim o‘tkazish, ularning ishiga xalal berish yoki uni falajlab qo‘yish orqali izhor qilmasligi kerak, ‒ dedi “Gullab-yashnayotgan Armaniston” (BHK) partiyasining yetakchi vakili Gevorg Petrosyan. BHK Armaniston parlamentidagi ikkinchi yirik partiyadir.

64 yashar Kocharyan joriy oy boshida 2008 yil aprelida konstitutsion tuzumni ag‘darib tashlashga uringanlik aybi bilan sudga tortilgan edi.

2008 yil martida Kocharyan namoyishni tarqatib yuborish uchun xavfsizlik kuchlarini jo‘natgandan so‘ng 8 namoyishchi va 2 nafar politsiyasi halok bo‘lgan edi. U uch haftalik favqulodda holat joriy qilgandan so‘ng shu buyruqni bergan edi.

U 1998 – 2008 yillarda Armaniston prezidentligidan oldin Tog‘li Qorabog‘ rahbari bo‘lgan.

Asli Ozarbayjonga tegishli bo‘lgan hududni 1994 yildan beri armanilar nazorat qilib keladi. O‘sha yili uzoq yillardan beri davom etib kelgan urush to‘xtatilgan edi. Urush vaqtida 30 ming kishi qurbon bo‘ldi, yuz minglab kishilar yashab turgan joylaridan haydaldi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG