Линклар

Шошилинч хабар
10 декабр 2019, Тошкент вақти: 01:58

Qarshi muhandislik instituti guruh sardori sessiya arafasida osilgan holda topildi


2 iyun kuni Qarshi Muhandislik iqtisodiyot instituti Texnologiya fakultetining 3-bosqich talabasi¸ guruh sardori o‘z uyi molxonasida osilgan holda topildi.

Qarshi shahrining Qavali mahallasida yashagan talaba yigitning o‘limini, uning 3 iyun kuni dafn etilganini institut ma’muriyati tasdiqladi.

Kursdoshlari¸ guruh sardori bo‘lgan yigitning institutda¸ ayniqsa¸ sessiya paytida kuchayadigan poraxo‘rlik qurboni bo‘lganini iddao qilsa¸ institut mutasaddilari¸ bu iddaoni rad qildi.

Poraxo‘rlik qurboni?

Ozodlikka 3 iyun kuni o‘z kursdoshi o‘limi haqida xabar bergan Qarshi Muhandislik iqtisodiyot instituti talabalari¸ bu voqea hammani larzaga solganini bildirdi.

Institutda pora juda avjga chiqqan. Dekan va domlalarga porani starosta yig‘ib beradi. Yangi dekan starostalarni vedomost qilaman¸ degandi. O‘tgan yil vedomost qilmaslik uchun 50 dollardan olishgan. Vedomost qilish degani¸ bir oylik stipendiyadan mahrum qilish degani. Har bitta imtihon oldidan starosta 3 baho uchun 150 ming so‘mdan yig‘ib berishi kerak. Dars qoldirganlardan alohida yig‘ib berishi kerak. Bu bola ikki o‘t orasida qolib¸ o‘zini o‘ldirgan¸ deyishayapti”¸ deydi marhum yigitning institutdoshlaridan biri.

Qarshi Muhandislik iqtisodiyot institutining Ozodlik gaplashgan prorektor va boshqa mutasaddilari¸ 3-kurs talabasining 2 iyun kuni kechqurun osilgan holda topilganini tasdiqladi.

“Shunaqa ish bo‘pti. Hozir fakultet dekani¸ kafedra rahbarlari janozaga ketgan. Nima bo‘lganini ulardan eshitamiz¸ deb turibmiz. Juda aqlli¸ a’lochi va faol bola edi. Bunaqa qilishi hech kimning xayoliga ham kelmagan. O‘qishdan boshqa yana qaerdadir ishlayotgan ekan. Nimaga bunaqa qilganini hech kim bilmayapti hozir”¸ dedi institut prorektorlaridan biri.

Ayni paytda¸ oliygoh ma’murlari¸ marhum talaba kursdoshlarining institutda avj olgan poraxo‘rlikning bilvosita qurboni bo‘lgani haqidagi iddaolarini rad etdi.

Bo‘lmagan gap. Talabalar og‘ziga kelganni aytaveradi. Bizda unaqa narsa yo‘q. Suiqasdning o‘qishga aloqasi yo‘q”¸ dedi Qarshi Muhandislik iqtisodiyot institutining Ozodlik gaplashgan mutasaddilaridan biri.

Ozodlik 3 iyun kuni talaba janozasiga ketgani aytilgan Texnologiya fakulteti dekani va boshqa o‘qituvchilar bilan bog‘lana olmadi – ular mobil telefonlariga javob bermadi¸ berganda esa¸ o‘zini eshitmaganga solib¸ aloqani o‘chirib qo‘ydi.

Hozircha marhum talaba yaqinlaridan o‘lim sabablariga oid izoh olishning ham imkoni bo‘lmadi - janoza kuni bo‘lgani bois¸ ular bilan bog‘lanishning imkoni topilmadi.

Birinchisi emas...

Ozodlikka Qarshi Muhandislik iqtisodiyot instituti guruh sardorlaridan birining o‘z joniga qasd qilgani xabarini yuborgan talabalar¸ bu suiqasdning o‘z institutdoshlari orasida birinchisi emasligini aytishdi.

Bir yil ichida biz bilgan uchta o‘lim bor kamida. Ikki-uch oycha oldin Neft-gaz fakultetidan bir qiz o‘zini osib qo‘ydi. O‘shanda buning baho uchun bo‘lganini aytishgandi.

Ikkinchisi¸ Texnologiya fakultetining oziq-ovqat yo‘nalishida o‘qigan kechagi starosta yigit. Institut uning starostaligini aytmanglar¸ degan gap qilayapti¸ o‘zini olib qochish uchun.

O‘tgan yili ayni yo‘nalishda o‘qiydigan 4-kurs talabalari o‘zaro janjallashib¸ ulardan bittasi o‘lgandi. Muhit yomon”¸ deb yozdi institut talabalaridan biri.

Talabalar¸ hozircha bu o‘limlar yuzasidan jiddiy tekshiruv o‘tkazilganidan xabarlari yo‘qligi¸ institut bu voqealarni bosti-bosti qilib kelayotganini aytdi.

Ozodlik Qarshi Muhandislik iqtisodiyot institutining 3-kurs talabasi o‘limi yuzasidan jinoiy ish ochilgan-ochilmaganini aniqlashtirish maqsadida Bosh prokuratura Matbuot xizmatiga murojaat qildi.

Hozircha bu murojaatga javob kelmadi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining 2019 yilgi hisobotiga ko‘ra¸ O‘zbekistondagi suiqasd nisbati har 100 ming kishiga 7.4 dan to‘g‘ri keladi va o‘z joniga eng ko‘p qasd qilayotganlar 15-29 yosh oralig‘idagi yoshlardir.

Mamlakatda ayollar va yoshlar o‘rtasidagi suiqasdning "soat sayin oshib borayotgani"ni bir necha bor gapirgan prezident Mirziyoev¸ bu vaziyatni jilovlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar olishni buyurgan.

Xususan¸ 2019 yildan prezident farmoni bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi lavozimlari ro‘yxatiga “O‘zbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “O‘zbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlari kiritildi.

XS
SM
MD
LG