Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:30

"Vatanparvar" gazetasi muxbiri qo‘lga olindi. U davlat sirlarini oshkor qilishda gumonlanmoqda


Vladimir Kaloshin 27 yildan buyon "Vatanparvar" gazetasida ishlab kelayotgandi
Vladimir Kaloshin 27 yildan buyon "Vatanparvar" gazetasida ishlab kelayotgandi

2 iyul kuni Toshkentda iste’fodagi podpolkovnik, O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli“Vatanparvar” gazetasi muxbiri Vladimir Kaloshin hibsga olindi. Bu haqda Ozodlikka Vladimir Kaloshinning "fuqaroviy libosdagi xodimlar tomonidan hibsga olinishiga guvoh bo‘lgan" qo‘shnilari ma’lum qildi.

Vladimir Kaloshinning qizi otasining O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 162- moddasida (“Davlat sirlarini oshkor qilish”) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinayotganini bildirdi.

Podkolkovnik Vladimir Kaloshin "Vatanparvar" gazetasida 27 yildan buyon ishlab kelayotgandi.

“Tintuv”

Toshkentning Yunusobod dahasida istiqomat qiluvchi Vladimir Kaloshinning qo‘shnilariga ko‘ra, fuqaroviy libosdagi besh kishi va uchastka noziri iste’fodagi podpolkovnikning kvartirasiga 2 iyul ertalab bostirib kirgan.

Ertalab fuqaroviy kiyimda besh kishi va harbiy kiyimda bir kishi keldi. Vladimir akaning kvartirasida tintuv o‘tkazishdi. Tintuv paytida u bilan juda qo‘pol muomala qilishdi”, - dedi Vladimir Kaloshinning kvartirasida o‘tkazilgan tintuvga guvoh bo‘lgan qo‘shnilaridan biri.

Boshqa bir guvohga ko‘ra, tintuv kechgacha davom etgan va so‘ngra Vladimir Kaloshinga tegishli hujjatlar va kompyuterni tintuvni o‘tkazganlar olib ketgan:

Tintuv kechgacha davom etdi. Oxirida qandaydir hujjatlar, qog‘ozlar va kompyuterni olib chiqib ketishdi”.

Guvohning qo‘shimcha qilishicha, tintuvdan keyin fuqaroviy libosdagi shaxslar Vladimir Kaloshinni yengil mashinaga o‘tqazib olib ketganlar:

Vladimir Kaloshinni mashinaga o‘tqazib olib ketishdi. Qo‘liga kishan solganlari yo‘q. Kvartirani ham muhrlashmadi. Kaloshin: “Kvartirani muhrlamaysizlarmi?” deb so‘radi. Fuqaroviy libosdagilardan biri: “Uyingda hech vaqo yo‘q-ku, nimasini muhrlaymiz?” deb kuldi”.

“Davlat sirlarini oshkor qilish”

Vladimir Kaloshinning Moskvada istiqomat qilayotgan qizi Anastasiya Episheva otasining hibsga olinganini unga ayni kuni qo‘shnilari ma’lum qilganini aytdi.

Anastasiya Yepishevaning advokatga tayanib aytishicha, xavfsizlik xodimlari Vladimir Kaloshinning xalq orasida “Gvardeyskiy” nomi bilan tanilgan DXX hibsxonasida saqlanayotganini ma’lum qilganlar:

"Biz otam bilan hech bog‘lana olmadik. Keyin advokat yolladik. U rasmiy so‘rov jo‘natdi. Ular advokatga otamning "Gvardeyskiy"da saqlanayotgani va Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan so‘roq qilinayotganini aytganlar".

Anastasiya Yepishevaning O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi o‘z manbalariga tayanib aytishicha, otasi “Davlat sirlarini oshkor qilish”da gumonlanmoqda:

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 162- moddasida ("Davlat sirlarini oshkor qilish") bu jinoyatga quyidagicha ta’rif berilgan:

Davlat sirlarini oshkor qilish yoki o‘zgaga berish, ya’ni davlat siri, harbiy sir yoki xizmat siri hisoblangan ma’lumotlarning, bu ma’lumotlar ishonib topshirilgan yoki xizmati yoxud kasb faoliyati yuzasidan ulardan xabardor bo‘lgan shaxs tomonidan oshkor qilinishi​”.

Ozodlik Kaloshinning oila a’zolari tomonidan yollangan advokat bilan suhbatlasha olmadi.

"Vatanparvar" gazetasining o‘zini tanishtirmagan xodimi Vladimir Kaloshinning hibsga olinganidan tahririyat xodimlari o‘tgan hafta oxirida xabar topganliklarini aytdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, "Vladimir Kaloshinga qanday ayblov qo‘yilganini hech kim bilmaydi".

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatidan Vladimir Kaloshinning ishi yuzasidan ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

“Vatanparvar” muxbiri

Podpolkovnik Vladimir Kaloshin 2012 yilda iste’foga chiqqandi
Podpolkovnik Vladimir Kaloshin 2012 yilda iste’foga chiqqandi

Ma’lum bo‘lishicha, 68 yashar Vladimir Kaloshin 27 yildan buyon “Vatanparvar” gazetasida ishlaydi.

Harbiy oilada tavallud topgan podpolkovnik Vladimir Kaloshin 1974 yilda Toshkent Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlagan.

Dastlab Termiz garnizonida, so‘ngra motoo‘qchi, minalardan tozalash, tanklarga qarshi, raketa va tank qo‘shinlarida xizmat qilgan.

1992 yilda O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli “Vatanparvar” gazetasi ta’sis etilar ekan, u ushbu nashrning “Harbiy xizmat va tarbiyaviy ishlar” bo‘limiga rahbar etib tayinlangan.

2012 yilda iste’foga chiqqan podpolkovnik ayni gazetada muxbir sifatida ishlab kelayotgan edi.

O‘zbekiston mustaqilligining 9 yilligi munosabati bilan Vladimir Kaloshin "yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ko‘rsatgan xizmatlari" uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Vladimir Kaloshin oxirgi paytlarda davlat sirlariga aloqador jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib hibsga olingan ilk o‘zbekistonlik emas.

Ozodlik radiosi joriy yilning 12 mart kuni diplomat Qodirjon Yusupovning ​DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olinganini xabar qilgan edi.

Davlatga xiyonatda ayblangan tarixchi olim Andrey Kubatin 2017 yil 1 dekabrida sud hukmi bilan 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

XS
SM
MD
LG