Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:24

AQSh yana Eronga qarshi sanksiyalar joriy qildi


AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchin
AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchin

AQSh Moliya vazirligi va Davlat departamenti Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish bilan yanada ko‘proq bosim o‘tkazdi hamda Tehronning “terror uchun neft” atalmish tarmog‘i haqidagi “amaliy” ma’lumot uchun pul mukofoti va’da qildi.

25 dan oshiq tashkilot va 11 ta kemaga qarshi sanksiyalar kiritildi. Moliya vazirligiga ko‘ra, ular Islom inqilobi sipohilari korpusining (IISK) chet ellardagi bo‘linmasi “Quds” qo‘shiniga “bo‘ysunuvchi va uni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi” tarmog‘i va Livanning Eronga tayanuvchi “Hizbulloh” militsiya harakatining bir bo‘lagi hisoblanadi.

− Ushbu tarmoq yuz millionlab dollarlik noqonuniy neft tashidi, so‘ngra pul terrorchilikni moliyalashtirishga ishlatildi”, − dedi AQSh Davlat departamentining Eron bo‘yicha maxsus vakili Brayan Huk 4 sentabrda o‘tkazilgan brifingda.

Moliya vazirligi bildirishicha, faqat bahorda tarmoq “asosan, Suriya rejimiga deyarli 10 million barrel xom neftni tashish uchun 10 dan ortiq kemani ijaraga oldi. Ushbu yuklar jami yarim milliard dollarga sotildi”.

Sanksiya joriy etilganlar orasida Eronning sobiq neft vaziri Rustam Qosimiy va o‘g‘li Murtazo bor.

Yana Hindistonning “Adrian Daryo-1” neft tankerida hissasi bor firmasi filiali ham sanksiyalarga nishon bo‘ldi. Ayni kema joriy yil iyulida Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga zid ravishda Suriyaga neft olib ketayotganlikda gumon qilinib, Gibraltarda hibsga olingan edi.

Cheklov choralari ro‘yxatga kiritilgan jismoniy va yuridik shaxslarning hamda ular bilan hamkorlik qilayotgan jismoniy va yuridik shaxslarning har qanday aktivini harakatdan to‘xtatib qo‘yadi.

“IISK va “Quds” qo‘shinining moliyaviy mexanizmlarini buzib tashlaydigan” “amaliy” ma’lumot uchun 15 million dollarlik mukofot taklif etilmoqda.

Bunga neft savdosi va Eron neftini tashiydigan tankerlar kiradi.

Huk aprelda IISK ham, “Quds” qo‘shini ham terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilganini qayd etib, Qo‘shma Shtatlar ilk marta “davlat tashkilotining moliyaviy amaliyotlarini buzib tashlaydigan” ma’lumot uchun mukofot e’lon qilganini aytdi.

Vashington ikki kun oldin Eronning fuqarolik koinot agentligi va uning 2 ta ilmiy-tadqiqot institutiga qarshi sanksiya joriy etilganini ma’lum qilgan hamda bunga ushbu institutlardan Tehronning raketa dasturini rivojlantirish maqsadida foydalanilayotgani sabab bo‘lganini bildirgan edi.

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif jazo choralarini “mutlaqo samarasiz” deb atadi.

Hukning aytishicha, hukumatning Eronga qarshi “maksimal bosim o‘tkazish” kampaniyasidan asosiy maqsad “rejimning chet ellardagi amaliyotlarni moliyalashtirishiga yo‘l qo‘ymaslik” hamda Tehronni uning yadro va raketa dasturlari bo‘yicha “yangi va keng qamrovli” bitimga erishish uchun muzokara o‘tkazishga ko‘ndirishdir.

Qo‘shma Shtatlar o‘tgan yili Tehron bilan dunyoning yetakchi mamlakatlari o‘rtasida erishilgan yadro bitimidan chiqib ketgani sabab sanksiyalarni qayta joriy qildi va ularni og‘irlashtirdi.

Tehron esa sanksiyalar bekor qilinmaguncha ko‘p tomonlama muzokaralarga qo‘shilmasligini aytmoqda.

Ayni choqda Eron prezidenti Hasan Ruhoniy 6 sentabrda Tehron uranni boyitishni tezlashtirish uchun sentrifugalarni ishlab chiqishga kirishishini va bu 2015 yilda imzolangan yadro bitimidagi majburiyatlarni kamaytirish sari tashlangan “uchinchi qadam” ekanini urg‘uladi.

‒ Biz jumadan boshlab turli sentrifugalar va yangi sentrifugalar tadqiqoti va ishlanmalariga guvoh bo‘lamiz, uranni boyitishni tezlashtirish uchun nima kerak bo‘lsa, hammasini qilamiz, ‒ dedi Ruhoniy 4 sentabrda. ‒ Tadqiqot va ishlanmalarimiz bo‘yicha barcha cheklovlar olib tashlanadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG