Линклар

Шошилинч хабар
04 май 2024, Тошкент вақти: 15:15

Paxtasining yarmini 30 yil oldin mashinada tergan O‘zbekiston nega quruq qo‘l bilan qoldi?


Bugungi kunda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash darajasi 1990- yillar boshidagi ko‘rsatkichdan bir nechi barobar ortda qolmoqda. Bir vaqtlar yetishtirilgan paxtaning 2,5-3 mln. tonnasini mashinalarda tergan davlat byudjet tashkilotlarining majburiy mehnati kabi dashnomlar ostida qolmoqda.

Vaziyatning bu tasviri Ozodlikka o‘zbekistonlik bir mutaxassisdan kelgan maqoladan olindi. Saytxonlarimiz uchun anonim qolishni istagan muallifning maqolasini OzodMaktub ruknida berishga qaror qildik.

Maqola muallifning imlosi va stilistikasi saqlangan holda, lekin ba’zi qisqartishlar bilan berilmoqda. Maqolaning qisqartirilgan jumla va abzatslari konkret amaldorlarning korrupsiyalashganiga oid iddaolar edi.

Maqolani o‘qing:

***

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini mashinsozligining o‘tmishi, buguni va kelajagi

O‘zbekiston sobiq SSSR davrida O‘rta Osiyoda sanoati rivojlangan davlatlardan biri edi. Jumladan, 17 ta yirik qishloq xo‘jalik mashinisozligi korxonalari mavjud bo‘lib, bu yerda asosan paxtachilikda ishlatiladigan turli rusumdagi qishloq xo‘jalik texnikalari ishlab chiqarilgan, SSSR tarkibidagi respublikalarga yetkazib berish bilan birga 32 ta xorijiy davlatlarga eksport qilingan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash darajasi 1990 yillar boshidagi ko‘rsatkichdan bir nechi barobar ortda qolmoqda. Bir vaqtlar yetishtirilgan paxtaning 2,5-3 mln. tonnasini mashinalarda tergan davlat byudjet tashkilotlarining majburiy mehnati kabi dashnomlar ostida qolmoqda.

Xo‘sh buning sabablari nimada? Albatta aytilsa, muhokama qilinsa, sabablar talaygina. Biroq asosiy sabab, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mashinsozligini boshqargan rahbarlarning noto‘g‘ri siyosati, o‘z manfaatini mamlakatni xalq, davlat manfaatlaridan ustun qo‘yishi oqibatida bugungi kunlarga yetib keldi.

Mustaqillik yillarining boshidan qishloq xo‘jalik mashinasozlik korxonalari birlashtirilib, “O‘zselxozmashxolding” kompaniyasi tashkil etildi va R. Matchonov rahbarlik qildi. 1995-1996 yillarda AQSh bilan savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanishi bilan respublikaga Keys rusumidagi traktor, g‘alla o‘rish kombayni hamda payta terish mashinalarini olib kirishga bel bog‘landi. Jumladan R. Matchonov o‘sha davrdagi Prezident maslahatchilari T.Alimov, I. Jo‘rabekovlar bilan birga respublikada shirkat xo‘jaliklarida mavjud T-4 (Altay) traktorlari hamda paxta terish mashinalarini yoppasiga metallomga majburlab topshirtirdi.

Shundan keyin, O‘zbekistonda mavjud zavodlarni “o‘ldirish”, ko‘proq chet eldan texnika olib kelish bo‘yicha “Bosh reja” ishlab chiqilgan va bosqichma-bosqich amalga oshirilgan. Bunda o‘sha davrning bosh vaziri O‘.Sultonovning ham hissasi bor.

Bosh vazir almashib, Sh. Mirziyoyev hukumat tepasiga kelgach, qishloq xo‘jalik mashinasozligini rivojlantirishga harakat qildi. Ammo zavodlar to‘liq bankrot holatga keltirilgan edi. Lekin R. Matchonov bu Bosh vazirni ham 5 yillik, 10 yillik zavodlarni rivojlantirish konsepsiyasi va boshqa bir qancha ichi havo bilan to‘ldirilgan xujjatlar bilan aldab keldi, zavodlarni mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yaman deb mln.lab dollarlarni olib, talon-taroj qildi. Yakuniy natija “0” ligicha qolaverdi. Chunki bular, g‘ildirakni teskari aylanishga moslab qo‘ygan edilar.

Undan keyin bu tizimni rivojlantirish Bosh vazir o‘rinbosari U. Roziqulov zimmasiga yuklatildi. U. Roziqulov ham bir qator xujjatlar qildi, ammo o‘zi mutaxassis emasligi, yonida “o‘g‘ri” mutaxassislar maslahatchi bo‘lganligidan, qishloq xo‘jalik texnikalari ishlab chiqarishni “pul” ishlaydigan kanalga aylantirdilar. Dunyo markasi bo‘lgan firma va kompaniyalar bilan o‘zlarini manfaatlari yo‘lida muzokoralar o‘tkazishdi.

O‘zbekiston bugungi kunga qadar “Keys” va “Nyu-xolland” markali texnikalardan 2 mlrd. dollardan ortiq texnika va ehtiyot qism oldi. Agar olingan texnikalar summasidan 10 foizi respublikaga qayta investitsiya bo‘lib kirganda ham, bugun kamida 200 mln. AQSh dollariga teng korxona barpo bo‘lgan bo‘lar edi. Umumiy holda dunyo miqyosida savdodagi yordami uchun beriladigan “besh foiz”lik bonusni olgan janoblar, o‘zlarini pullarini sanash bilan ovora bo‘ldi.

Saidabbos Saidaminov rahbarligida respublikada tashkil etilgan “O‘zKeystraktor”, “O‘zKeysmash”, O‘zKeysservis” qo‘shma korxonalarini yig‘indisi 10 mln. AQSh dollariga bormaydi. Bu korxonalar nomiga, faqat 4 dona bolt qotirishga mo‘ljallab qurilgan, 5 dona ham emas.

Chet eldan texnika keltirib sotishni tashkil etuvchi guruh I. Karimov davri nixoyalab, yangi davr boshlanganda, yangi Prezidentga maqtab-maqtab sobiq “O‘zselxozmashlizing” kompaniyasini bir necha yil boshqargan N. Otajonovni “O‘zagrotexsanoatxolding” raisligiga keltirishdi.

N. Otajonov, xoldingga rais bo‘lgach S. Saidaminov, uning yordamchisi M. Boyquvatovni, Matchonovni jiyanini tegishli joylarga joylashtirdi.

N. Otajonov davrida shunday ham boshqa davlatlarga nisbatan qimmat bo‘lgan texnikalar yanada qimmatlashdi. Chunki, barcha imkoniyat va imtiyozlar unga berilgan edi. Oddiygina qo‘shni davlatlarda shu rusumdagi sotilayotgavn texnikalardan respublikada go‘yoki mahalliytslashgan texnikalar 35-50 foizgacha qimmat edi. Bu bilan qishloq xo‘jaligini qanday qilib rivojlantirish, fermerni qanday qilib boy qilish mumkin?

2017 yil dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qishloq xo‘jalik xodimlari kuniga bag‘ishlangan katta yig‘ilishda, yangi texnikalar yetkazib berishni oshirish bo‘yicha to‘xtalib o‘tgani N.Otajonovga ayni muddao bo‘ldi. U darxol Prezidentning 3459-sonli qarorini va izidan 3712-sonli qarorini tayyorladi. Prezidentga nima deb hisobot bergani noma’lum, lekin keyingi xarakatlari amalda o‘ziga yaxshigina daromad keltirishni o‘ylanini ko‘rsatdi. Prezident 2018 yil yanvar oyida 200 mln. AQSh dollariga teng miqdorda mablag‘ ajratishga ko‘rsatma berdi.

N. Otajonov mazkur qarorlar chiqishidan oldin S. Saidaminov bilan “O‘zagrotexsanoatxolding” kompaniyasi narxlarni darxol oshirdi, qarorga bir nechi yillardan buyon “shapka”si olingan lekin xech kim olmayotgan texnikalarni ro‘yxatini kiritib oldi va Prezident bergan pullarga olinishi mumkin bo‘lgan 10 ming dona texnika, texnikalarni narxlarni oshgani hisobiga 6 ming donaga tushdi.

Bu orada N. Otajonov Prezident Administratsiyasiga o‘tkazilib, o‘rniga M. Karimov xolding raisligiga keltirildi. U darxol S.Saidaminovni bo‘shatdi, yangi xodimlar ola boshladi.

N. Otajonov darxol oraga kirdi va S. Saidaminovni Mudofaa sanoati qo‘mitasiga birinchi o‘rinbosar qilib o‘tkazishga erishdi.

O‘zbekistonda fermerlarga 20 ming AQSh dollaridan sotilayotgan “Lemken” plug Rossiyada 9 ming AQSh dollraridan sotilmoqda. Shu kabi Koreyada 14 ming dollardan sotilayotgan “LS” traktori 35 ming AQSh dollaridan, Turkiyada 6 ming AQSh dollari sotilayotgan pnevmatik seyalka 15 ming AQSh dollaridan, Qozog‘istonda 60 ming AQSh dollaridan sotilmayotgan Nyu-xolland xaydov traktorlari 125 ming AQSh dollaridan sotildi.

Agarki, O‘zbekistonda maxalliylashtirish arzonlashish o‘rniga qimmatlashsa, kimga kerak? Bu ahvolda qanday qilib qishloq xo‘jaligi rivojlanadi, fermer yoki klaster oyoqqa turadi?

Fermer bechoralar chet ega chiqish, u yerdan texnika olib kelishga kuchi etmaydi. Lekin klasterlar olib kelayapti, chunki chet elda O‘zbekistondan sezilarli darajada arzon narxlarga olayaptilar.

N. Otajonov buni ham yo‘lini o‘ylab topdi. Erkin valyuta taqchilligi bo‘layotganligi sababli, chet eldan keltiriladigan har bir texnika uchun Bosh vazir maslahatchisi sifatida undan so‘raladigan tizimni yo‘lga qo‘ydi va banklarga ko‘rsatma yubordi. Endi Otajonvni ruxsatisiz chet eldan texnika ham olib kirish mumkin emas, chunki hamma qimmat bo‘lsada Otajonovni texnikasini olishga majbur.

Bugun N. Otajonov tomonidan “O‘zagrotexsanoatxolding” kompaniyasi korxonlarida nomiga ishlab chiqarilayotgan, narxi 1,5-2 barobar qimmat texnikalarni olishga majburlashni yangidan-yangi yo‘llari o‘ylanmoqda.

Prezident qo‘shni davlatlarga rasmiy tashriflari davomida, O‘zbekiston qishloq xo‘djalik texnikalarini xarid qilish bo‘yicha turli bitimlar tuzib kelmoqda. Lekin qo‘shnilarimiz ham ahmoq emasku, Germaniya, Turkiyada, Italiyada, Rossiyada va boshqa davlatlarda yarim narxiga turgan texnikani nima uchun O‘zbekistondan 2 barobar qimmatga olishi kerak?! Bechora Prezident eksport oshsin deb, barcha bilan muzokoralar o‘tkazib yursayu, N.Otajonovga o‘xshaganlar “ot o‘yinini” to‘xtatmasa, qandaq eksport bo‘lishi mumkin?

Xamma biladi N. Otajonov tashqi ko‘rinishdan o‘zicha iymonli, nomozxon odam, lekin qilayotgan ishlaridan shayton ham uyalib qolayotgan bo‘lsa ajab emas.

O‘zbekiston bu kabi odamlarni “buyuk” xizmatlari soyasida na rivojlanadi, na bu sohaga investor keladi, na qishloq xo‘jaligida yordam beradi.

Alvido, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mashinasozligi. Peshonang bunchalar sho‘r bo‘lmasa!

Muhtaram Prezident! Siyosatingizga qo‘llab-quvvatlayotgan “ishonchli” rahbarlaringizni bilib qo‘ying.

***

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Bu ruknda berilgan materiallar mualliflari qarashlari Ozodlik qarashlariga mos kelmasligi mumkin.​

Алоқадор

XS
SM
MD
LG