Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:48

Mulozimlarni suvga bo‘ktirgan Qashqadaryoning yangi hokimi ilk haftada ikki rahbarni ishdan bo‘shatdi


Qashqadaryo viloyat hokimligi rasmiy veb saytidan olingan surat, 29 oktabr, 2019 yil
Qashqadaryo viloyat hokimligi rasmiy veb saytidan olingan surat, 29 oktabr, 2019 yil

Qashqadaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev ishining ilk haftasida ikki rahbarni vazifasidan bo‘shatdi, yana ikki rahbarni ishdan olish haqida ogohlantirdi.

Qarshi shahar hokimligi matbuot xizmatining bildirishicha, 2 noyabr kungi yig‘ilishda yangi hokim mas’uliyatsizlik qiladigan barcha rahbarlarni keskin chora ko‘rishidan ogohlantirgan.

O‘tgan yili hokimiyat mulozimlarini sovuq suvga bo‘ktirib tahqirlagani ortidan Zoyir Mirzayev Bosh vazir o‘rinbosarligidan olinib, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi etib tayinlangan edi.

Bir haftada to‘rt rahbarga chora ko‘rildi

Rasmiy xabarga ko‘ra, viloyat hokimi vazifasini bajarayotgan Zoyir Mirzayev 2 noyabr kuni kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazib, viloyat markazi Qarshi shahridagi o‘rganishlar natijasini muhokama qilgan va birdaniga to‘rt rahbarga chora ko‘rgan.

Bulardan ikki nafari - Qarshi shahar davlat sanitariya-epidemiologiya markazi bosh shifokori va Qarshi shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.

Qarshi shahar hokimining o‘rinbosari Ulug‘bek Avazov esa jiddiy ogohlantirilgan va bir oy sinov muddati berilgan.

Qarshi shahar soliq inspeksiyasi boshlig‘ini ishdan olish masalasini ko‘rib chiqish esa viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘iga topshirilgan.

Qarshi shahar hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Mirzayev barcha tashkilotlarga bir oy muddat ichida bajarilishi talab qilingan qator vazifalarni yuklagan va bajarmagan rahbarlarga keskin chora ko‘rishini bildirgan.

Bir oylik reja

Jumladan, Qashqadaryo viloyatining kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi tomonidan ta’lim muassasalariga yo‘llangan Telefonogramma Ozodlikka kelib tushdi.

Hujjatda, Zoyir Mirzayevning 29 oktabr kungi yig‘ilishda ta’lim muassasalari rahbarlariga bergan topshiriqlar aks etgan.

Jumladan:

- 1 oyda barcha ta’lim muassalarining veb-saytini ochish, muassasalar hududini muntazam tozalash va obodonlashtirish,

- o‘quvchilar davomatini nazoratga olish va chet elga chiqib ketgan o‘quvchilarni qaytarish,

- o‘quvchilar orasida "Bir haftada - bir kitob" kabi tanlovlarni o‘tkazish,

- to‘y-hashamlarni tartibga solish bo‘yicha hukumat qarorini o‘quvchilarga tushuntirish,

- shu yilning 22 dekabrda kutilayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi to‘g‘risida o‘quvchilarga tushuncha berish kabi topshiriqlar berilgan.

6 kishini tahqirlagan sobiq muovin

48 yashar Zoyir Mirzayev qo‘l ostidagi mulozimlarga keskin choralar ko‘rishi bilan tanilgan rahbardir.​

Ozodlik o‘tgan yilning 25 oktabrida, o‘sha kezda Bosh vazirning o‘rinbosari bo‘lgan Zoyir Mirzayev, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida olti kishi - tuman hokimligining uch mulozimi, ikki fermer va bir mahalla oqsoqolini ariqdagi sovuq suvga tushirib, tahqirlagan edi.

O‘shanda Mirzayev oltovlonni bug‘doyga suv qo‘ymagani uchun, shunday jazolagani aytilgandi.

Hodisadan 2 kun o‘tib, Mirzayev prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan lavozimidan bo‘shatildi.

Mirziyoyev imzolagan farmonda bosh vazirning Qishloq xo‘jaligi kompleksi bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan Mirzayevning "g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish jarayonida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani", bois ishdan olingani aytilgandi.

"Shaxsan men uchun bu juda noqulay va uyatli holat. Chunki mening o‘rinbosarim prezidentimiz olib borayotgan siyosatga qarshi ish qildi". Bosh vazir Abdulla Aripov.

Ammo, bu farmonni e’lon qilgan Bosh vazir Abdulla Aripov hukumat yig‘ilishida o‘z o‘rinbosarining Oqqo‘rg‘on tumanida qilgan ishi prezidentni qattiq ranjitganini aytgandi.

"Shaxsan men uchun bu juda noqulay va uyatli holat. Chunki mening o‘rinbosarim prezidentimiz olib borayotgan siyosatga qarshi ish qildi. Mana shu holat 25 oktabr kuni yuz bergan bo‘lsa, yurtboshimiz Zoyir Mirzayevni ishdan bo‘shatish haqidagi qarorni 27 oktabrda qabul qildi. Biroq, Konstitutsiyaga muvofiq, shanba va yakshanba kunlari hech qanday qaror va farmonlar qabul qilinmaydi. Shuning uchun biz bu qarorni bugun e’lon qildik," deya Abdulla Aripovdan iqtibos keltirgandi Daryo.uz nashri.

Bosh vazir prezident "shuncha xalqqa xizmat qilgan" bo‘lsa-da, Zoyir Mirzayevni kechira olmagani, uni qonun doirasida jazolaganini aytgandi.

Ammo, bu voqeadan qariyb bir yil o‘tib, Bosh vazirning prezidentga xiyonatda ayblangan sobiq o‘rinbosari Qashqadaryo viloyatiga rahbar qilib tayinlandi. Bunga qadar u Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumaniga hokimlik qilayotgan edi.

Zoyir Mirzayevga piar kampaniya

Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati va mahalliy axborot vositalari yangi rahbar faoliyatini keng ko‘lamda yoritishni boshlab yubordi.

Xususan, viloyat hokimligi matbuot xizmatining Telegram kanalida o‘tgan bir hafta ichida berilgan xabarlar to‘lig‘icha yangi rahbar tashabbuslariga bag‘ishlangan.

Foto va video ilovalar bilan berilgan xabarlarda, Mirzayevning muntazam xalq orasida yurgani, rahbarlar bilan yig‘ilish o‘tkazayotgani, hatto tunda bir guruh amaldor bilan mahalla oralayotganini ko‘rish mumkin.

Zoyir Mirzayevni yaqindan tanigan, muqaddam prezident ma’muriyatida ishlagan sobiq mulozimlardan birining Ozodlikka aytishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev Zoyir Mirzayevga yana bir imkoniyat bergan.

Ismini sir saqlagan hukumat mulozimining aytishicha, aslida Mirzayev Shavkat Mirziyoyev bosh vazir bo‘lgan kezlarda uning qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha asosiy yordamichisi bo‘lgan.

Mirziyoyev prezidentlikka kelgach esa, Mirzayev uning ayni sohada ishongan asosiy maslahatchisiga aylangan va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hozirda joriy etilgan aksar loyihalarning muallifi ham aynan udir.

XS
SM
MD
LG