Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:20

Mirziyoyev xalqning o‘z ehtiyoji uchun chetdan olib kiradigan moliga yana boj solmoqchi. Loyiha keskin norozilik uyg‘otdi


Yangi qaror loyihasi qabul qilinsa¸ O‘zbekiston hududiga davlat chegarasi orqali olib kiriladigan 300 dollardan oshiq har qanday iste’mol mahsuloti 50 foizgacha bojga tortiladi.
Yangi qaror loyihasi qabul qilinsa¸ O‘zbekiston hududiga davlat chegarasi orqali olib kiriladigan 300 dollardan oshiq har qanday iste’mol mahsuloti 50 foizgacha bojga tortiladi.

7 noyabr kuni «Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadida tovarlarning olib o‘tish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi muhokamasiga ajratilgan muhlat tugaydi.

Muallifi Davlat bojxona qo‘mitasi bo‘lgan bu qaror loyihasi 23 oktabr kuni normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamaga qo‘yiladigan regulation.gov.uz saytida faqat bir til – rus tilida e’lon qilingan.

Prezidentning bu qarori o‘zbekistonliklarning yaqin va uzoq xorijdan o‘zi va oilasi ehtiyoji uchun qilgan xaridi umum qiymati 300 dollardan oshsa¸ 2020 yil 1 yanvaridan boshlab unga 50 foizgacha boj solishni nazarda tutadi.

Loyiha muhokamasida fikr bildirgan o‘zbekistonliklarning deyarli hammasi uni “xalqning sabrini to‘ldiradigan harakat” sifatida baholagan.

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi rasmiylari Ozodlikning bu qaror loyihasi va unga nisbatan bildirilayotgan keskin e’tirozlarga oid so‘roviga munosabat bildirmadi.

Ozodlik bilan shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan tadbirkor va mulozimlar¸ bu loyihani joriy hukmron elitaning import ustidan to‘liq monopoliya o‘rnatish urinishi deb baholadi.

Xorijga chiqqan o‘zbekistonlik 300 dollardan oshiq sovg‘a-salom uchun boj to‘laydi

Muhokamaga qo‘yilgan prezident qarori loyihasi qabul qilingan taqdirda¸ 1 yanvardan boshlab o‘zbekistonliklarning yaqin yoki uzoq xorijdan o‘zi va oilasi uchun olib keladigan har qanday sovg‘a-salomi¸ 300 dollardan oshgan taqdirda¸ 50 foizgacha bojga tortiladi.

Hozir Amerikada yashayotgan qizimni ko‘rishga keldim. Qizim o‘zimga¸ Toshkentdagi aka-ukalari¸ jiyanlariga kiyim-kechak¸ oyoq kiyim degandek¸ sovg‘a olib berayapti. Yangi yildan keyin bir chemodan sovg‘a-salom bilan qaytaman. Bu qaror kuchga kirsa¸ 300 dollardan oshganiga soliq to‘lashim kerakmish. 300 dollardan oshishi aniq. Bu qanaqa qaroqchilik? Karimov davridayam xalqni bunchalik qiyratishga borishmagandi. Hozirdan asabim buzilib o‘tiripman”¸ deb murojaat qildi Ozodlikka AQShda mehmonda yurgan o‘zbekistonliklardan biri.

Prezident qarori loyihasida¸ yaqin yoki uzoqligi¸ qanday transport vositasi orqali O‘zbekistonga kirishidan qat’iy nazar¸ jismoniy shaxslarning davlat chegarasidan o‘tadigan har qanday notijoriy (sotishga mo‘ljallanmagan - tahr.)tovaridan boj undirish ko‘zda tutilgan.

Bundan esa¸ Qirg‘iziston yoki Qozog‘iston bilan chegara-bojxona o‘tkazish punktidan o‘tishi¸ AQSh¸ Germaniya yoki Yaponiyadan samolyot orqali kirib kelishidan qat’iy nazar¸ o‘zbekistonliklar o‘zi uchun olgan kiyim-kechagi va oziq-ovqati qiymati 300 dollardan oshsa¸ bir xil boj to‘lovi to‘lashga majbur bo‘lishi anglashiladi.

Xorijdan pochta orqali yuboriladigan jo‘natmalarga ham qiymati 300 dollardan oshsa¸ boj solinadi

Prezident imzosi uchun hozirlangan qaror loyihasi¸ nafaqat xorijga chiqqan o‘zbekistonliklar o‘zi bilan olib kiradigan xarid¸ balki ularga chetdan yuboriladigan pochta jo‘natmalaridan ham¸ umum qiymati 300 dollardan oshsa¸ 50 foizgacha boj undirishni ko‘zda tutadi.

Ayni kunlarda eng kamtar hisob-kitobga ko‘ra¸ 5 milliondan oshiq o‘zbekistonlik Rossiya¸ Turkiya¸ Janubiy Koreya kabi davlatlarda ishlab¸ topgan puliga O‘zbekistondagi oilasini boqmoqda.

Ozodlik gaplashgan mehnat muhojirlari¸ bilet narxi qimmat bo‘lgani bois¸ vatanga bir yilda ko‘pi bilan bir marta borishi¸ ammo oyiga farzandlariga pochta orqali kiyim-kechak va shirinlik yuborib turishishini aytadi.

Bu yerda kiyim-kechak¸ shokoladlar¸ ro‘zg‘or buyumlari juda arzon. Har oy onamga tashlab kelgan o‘g‘limga posilka jo‘natib kelayotgandim. Hozir hech kim yuk olmayapti. Hali qaror kuchga kirmay¸ Toshkentga borgan jo‘natmalarimizni bermay sarson qilyapti. Menga o‘xshaganlar puli ko‘payganidanmas¸ ishsizlik va qimmatchilikdan qochib¸ chetda ishlab yurgan bo‘lsak¸ topganimizni bola-chaqam deb yuborib turgan bo‘lsak¸ endi shunga ham chang solayapti bular. Buni to‘xtatadigan bormi?”¸ deydi Turkiyada nogironlarga qarovchilik qilayotgan o‘zbekistonlik muhojir ayol.

Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 6 fevral kuni imzolagan 3512-son qaror bilan jismoniy shaxslarga har kvartalda bir marta yuboriladigan 1000 dolargacha qiymatdagi pochta jo‘natmalarini bojdan ozod qilgan edi.

O‘tgan yil yozida Vazirlar Mahkamasi 1000 dollargacha qiymatdagi pochta jo‘natmalarini har oyda bir marta bojsiz yuborish haqida qaror chiqargan edi.

Muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasini imzolagan taqdirda Mirziyoyev¸ yana bir o‘z qarorini bir yil ichida o‘zi bekor qilgan bo‘ladi.

Qaror mualliflari uni qanday izohlamoqda?

Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadida tovarlarning olib o‘tish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” deb nomlangan qaror loyihasi muhokamasiga ajratilgan muhlat tugashiga sanoqli kun qolganiga qaramay¸ regulation.gov.uz saytida 4 noyabrga qadar uning o‘zbek tilidagi matni jamoatchilikka taqim qilingan emas.

(O‘zbekiston respublikasining “Davlat tili haqida” 1995 yil 21 dekabr kuni qabul qilingan qonunining 8-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi”¸ deb yozilgan – tahr.)

Ozodlik 4 noyabr kuni Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati¸ shuningdek¸ Toshkent shahar Bojxona boshqarmasi¸ xususan¸ uning To‘lovlar bo‘limi rasmiylaridan qaror loyihasini izohlashni so‘rab murojaat qildi. Rasmiylardan birortasi Ozodlik savollariga javob berishni istamadi.

Qaror loyihasi mualliflari mahalliy matbuotga bergan izohida uning “jismoniy shaxslar tomonidan bojxona postlaridan notijorat maqsadlarda olib kelinayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtirishni soddalashtirish maqsadida ishlab chiqilgan”ini iddao qildi.

Xususan¸ Davlat bojxona qo‘mitasida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Olimjonov bu loyihani bojxona postlarida har bir fuqaro olib kirayotgan notijoriy (ya’ni sotish uchun mo‘ljallanmagan – tahr.) yukni tekshirishga ketayotgan 30-40 daqiqalik vaqtni tejab¸ chegaradan o‘tishni osonlashtiradigan harakat sifatida taqdim etdi.

Bu rasmiyga ko‘ra¸ 1 yanvardan boshlab yaqin va uzoq xorijdan mamlakatga olib kiriladigan har qanday notijoriy mahsulotga xaridor qo‘lidagi mahsulot cheki va kvitansiyasi asosida boj solinadi.

Ushbu kvitansiyalardagi qiymatdan kelib chiqib, oziq-ovqat mahsulotlari uchun - 30 foiz, lekin kamida 1 kg uchun 2 AQSh dollari; nooziq-ovqat mahsulotlari uchun - 50 foiz, lekin kamida 1 kg uchun 4 AQSh dollari miqdorida yagona bojxona to‘lovini undirish nazarda tutilyapti”¸ dedi jumladan Olimjonov.

“Xalq ustidan kulish”

«Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadida tovarlarning olib o‘tish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasining rasmiy saytdagi muhokamasida 4 noyabrga qadar bildirilgan o‘nlab munosabatning hammasi o‘ta salbiy.

Bu loyihani “zinhor” qabul qilmaslikni talab qilgan muhokama ishtirokchilari uni “xalq ustidan kulish” va “xalq sabr kosasini to‘ldirish” va korrupsiya mashinasini moylash urinishi sifatida baholagan.

Muhokama qatnashganlari fikricha¸ loyiha qabul qilingan taqdirda u O‘zbekistonni dunyoning eng qashshoq va qozoq davlatlari - Haiti¸ Zimbabve va Venesuela safiga qo‘shadi.

Xususan¸ sharh bildirganlar biri:

Butun dunyoda korrupsiyaga qarshi kurashayapti. Bizda esa¸ teskarisi – shunaqa yo‘llar bilan korrupsiyani kuchaytirishni istashadi. Bunaqa loyihalarni ishlab chiqayotgan amaldorlar nimani o‘ylayapti? QAChON XALQNI TALAShNI TO‘XTATASIZLAR?”¸ deb yozgan bo‘lsa¸ boshqasi:

Yana asossiz bojlarmi? Yana xalqni shilishmi? Xalqning sabr kosasi to‘layapti… Yaqinda Livanda bo‘lgan voqealarni unutmang! Asossiz bojlar¸ soliqlarni oqibati mana shunaqa bo‘ladi!

Men qarshiman bu ASOSSIZ 30%-50% LIK BOJLARGA. NEGA XALQ HECh QANDAY ZARURATSIZ¸ SABASIZ BOJ TO‘LAShI KERAK? deb yozgan.

Aksar sharhlovchilar esa¸ qaror loyihasini Islom Karimov davrida “ichki iste’mol bozorini himoyalash” iddaosi bilan qabul qilingan 1118-sonli xalqni qiyratgan qaroriga qaytish sifatida baholagan.

2009 yil 1 iyun kuni Karimov imzolagan “«Jismoniy shaxslar tomonidan iste’mol tovarlarini olib kirishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida» deb nomlangan qaror¸ 2 iyundan boshlab qo‘shni davlatlardan shaxsiy foydalanish uchun jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga bir yo‘la olib kiriladigan import iste’mol tovarlarining boj to‘lovlari olinmaydigan umumiy qiymatini 10 AQSh dollari qilib belgilagan edi.

Bu qaror¸ kuzatuvchilar ta’kidicha¸o‘zbekistonliklarning iste’mol mahsulotlari narxi bir necha baravar arzon bo‘lgan qo‘shni davlatlarga o‘tib xarid qilishini taqiqlagan¸ chegaradagi kontrabanda va korrupsiyani nihoyatda kuchaytirib yuborgan edi.

Karimov qarorini o‘z vaqtida sharhlagan mutaxassislar¸ uning mamlakat import bozorini o‘z nazoratiga olgan birinchi oila monopoliyasini qonuniylashtirganini ta’kidlagan edi.

2020 yildan kuchga kirishi mumkin ayni ruhdagi qaror ham¸ Ozodlik gaplashgan hukumat mulozimlari¸ qolaversa¸ yirik savdogarlar ta’kidicha¸ import bozorini nazoratga olish harakatiga kirishgan yangi hukmron elita manfaati uchun ishlab chiqilgan.

XS
SM
MD
LG