Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2019, Тошкент вақти: 01:39

Qirg‘izistonda tomir otgan korrupsiya haqidagi filmda "Abu Saxiy" haqida nimalar deyildi?


Toshkentdagi "Abu Saxiy" bozori

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani tadqiq qilish dasturi hamda Bishkekdagi Kloop axborot sayti bilan hamkorlikda 21 noyabrda e’lon qilgan jurnalistik surishtiruvda Toshkentdagi “Abu-Saxiy” bozori va shu nomdagi kargo shirkati ham tilga olindi.

  • Qirg‘iziston bojxonasidagi katta miqdordagi korrupsiya haqida hikoya qiluvchi “Bojxonadagi millionlar: qaroqchilik va himoya” deb nomlangan jurnalistik surishtiruv mualliflari mavzuni o‘rganish jarayonida Toshkentdagi “Abu Saxiy” bozoriga yaqinlargacha egalik qilgan Temur Tillayevning advokati Mark Raymond bilan bog‘lanib, unga bir qator savollarni berdi.
  • “Bojxonadagi millionlar: qaroqchilik va himoya” ko‘rsatuvi e’lon qilingan kuni kelgan javoblarida Mark Raymond u va uning mijozi shu paytgacha Saymaitini tanimaganini va uning iddaolarida noaniqliklar borligini bildirgan.
  • “Abu Saxiy” bozoriga 1990- yillarda chindan ham Xabibullo Abduqodir asos solganmi, degan savolga Tillayevning advokati bunday javob bergan:
  • “2006 yili janob Tillayev Toshkent shahar hokimiyatidan bo‘sh yer uchastkasini sotib olgan va o‘sha yerda “Abu Saxiy” bozorini qurgan”.
  • Advokatning bildirishicha, Temur Tillayev janob Abduqodir yoki uning hech bir hamkori bilan hech qanday hamkorlik qilmagan, Abduqodir “Abu Saxiy” bozoriga Xitoydan tovar tashuvchi ko‘pchilikning biri bo‘lgan xolos.
  • Ayerkan Saymaitining iddao qilishicha, Abduqodirning odamlari “Abu Saxiy” bozori pullarni kontrabanda yo‘li bilan Qirg‘izistonga chiqargan. Bu iddaoga javoban advokat o‘z mijozlari bunday ayblovlarni rad etishini bildirdi.
  • Saymaitining iddao qilishicha, Xabibullo Abduqodir Karimovlar oilasi bilan kelishuv tuzib, “Abu Saxiy” bozori ustidan nazorat huquqidan voz kechgan va shundan so‘ng bozor ustidan nazorat to‘laligicha Tillayevlarga o‘tgan. Tillayevning advokatiga ko‘ra, bunday iddao asossizdir, bozorga janob Tillayevning o‘zi asos solgan va uni rivojlantirgan.
  • “Mijozlaringiz “Abu Saxiy” bozorini va/yoki yuk tashish kompaniyasini Abduqodirning nazorati ostidagi kompaniyalarga sotganmi?” Bu savolga Tillayevning vakili “Ha, 2017 yilning dekabrida”, deb javob berdi.

Qirg‘iziston bojxonasidagi katta miqdordagi korrupsiya haqida hikoya qiluvchi “Bojxonadagi millionlar: qaroqchilik va himoya” deb nomlangan jurnalistik surishtiruvida “Abu-Saxiy” bozori va shu nomdagi kargo shirkatiga oid qanday ma’lumotlar ochiqlangani haqida gapirishdan oldin, mushtariyga tushunarliroq bo‘lishi uchun surishtiruv qahramonlaridan ayrimlari haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tmoqchimiz.

Ayerken Saymaiti

Istanbulda 10 noyabrda otib o‘ldirilgan xitoylik 37 yashar etnik uyg‘ur Ayerken Saymaiti Qirg‘iziston bojxonasidagi korrupsiya, uyg‘ur tadbirkorlarining tovarlarni noto‘g‘ri markirovka qilishi va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashi ortidan millionlab dollar noqonuniy foyda olgan yashirin biznes tarmog‘ini fosh etishga harakat qildi.

U 2019 yilning may oyida Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati Qirg‘izistondan noqonuniy ravishda 700 millilon dollar pul chiqarib ketilgani to‘g‘risida e’lon qilgan jurnalistik surishtiruvning ham asosiy manbasi hisoblangan. Biroq o‘shanda Ayerken Saymaitining xavfsizligidan kelib chiqib, jurnalistlar uning nomini aytishgan emas.

Qirg‘izistondan 2017 yili qochib ketgan Saymaiti Istanbulda 10 noyabrda otib o‘ldirilganidan so‘ng jurnalistlar o‘n kun mobaynida qattiq ishlab, navbatdagi jurnalistik surishtiruvni e’lon qildilar.

Habibulla Abduqodir

Surishtiruvda Xitoyda tug‘ilgan va Qozog‘iston pasportiga ega bo‘lgan Habibulla Abduqodir yuzlab million dollarni Qirg‘izistondan olib chiqib ketgan va pul yuvish bilan shug‘ullanuvchi tarmoqning yetakchisi sifatida ko‘riladi.

Surishtiruv e’lon qilinguniga qadar Habibulla Abduqodirning birorta surati OAVda chiqmagan. Surishtiruv jarayonida jurnalistlar Habibulla Abduqodir 2017 yilda Qirg‘iziston prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning inauguratsiya marosimi paytida faxriy mehmonlar qatorida o‘tirgani aks etgan suratni topganlar.

22 noyabr kuni prezident matbuot kotibi Tolgonay Stamaliyeva Jeenbekov prezident etib saylanishidan oldin Habibullo Abduqodir bilan uchrashganini, ammo u bilan hamkorlikda biznes qilmaganini ta’kidladi.

Raimbek Matraimov

Ayerken Saymaiti jurnalistik surishtiruvda Qirg‘iziston bojxona xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Raimbek Matraimov Abduqodir yuk tashish imperiyasining mintaqadagi himoyasini ta’minlashda muhim rol o‘ynaganini ham iddao qilgan. Raimbek Matraimov xalq orasida Raim million nomi bilan tanilgan.

“Abu-Saxiy” bozori haqida

Toshkentdagi “Abu -Saxiy” bozoriga uzoq yillardan beri prezident Islom Karimovning qizi Lola Karimova-Tillayevaning turmush o‘rtog‘i Timur Tillayev egalik qilib kelgani aytilar edi.

Biroq Ayerken Saymaitining aytishicha, “Abu -Saxiy” bozoriga 1990 yillarning oxirlarida Habibulla Abduqodir asos solgan. Saymaiti Habibulla Abduqodir har doim jamoatchilik nazaridan chetda turishni ma’qul ko‘rib kelganini bildirgan. Shuning uchun ham jurnalistlar tadbirkor Habibulla Abduqodir haqida hech qanday ma’lumotlarga ega bo‘lmaganlar.

2018 yilda Habibulla Abduqodirga qarashli firmalardan biri Bishkekda qirg‘iz hukumati bilan “Aqlli shahar” dasturini amalga oshirish yuzasidan shartnomani imzolaydi. Biroq keyinroq bu shartnoma bekor qilingani ortidan jurnalistlar Habibulla Abduqodir shaxsiga qiziqish bildira boshladilar.

Jurnalistlar 2000 yillarning boshidan beri to shu kungacha Habibulla Abduqodir firmalari Xitoy, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonga tomir yoyganini aniqladilar. 2011 yildan boshlab uning “Yashirin imperiyasi” Buyuk Britaniya, AQSh, Birlashgan Arab Amirliklari va Germaniyaga quloch yoygan.

Ayerken Saymaitining aytishicha, Habibulla Abduqodir “Abu -Saxiy” bozoriga asos solganidan ko‘p o‘tmay, O‘zbekistonni tark etgan va bir necha yil Qozog‘iston hamda Rossiyada yashagan.

Keyin yana O‘zbekistonga qaytadi va o‘sha paytdagi prezident Islom Karimovning oila a’zolari bilan kelishuvga erishadi. Kelishuvga asosan Habibulla Abduqodir bozordan voz kechadi, buning evaziga u bozorga yuk tashish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Shunday qilib, “Abu -Saxiy” kargo shirkatiga asos solinadi.

“Abu -Saxiy” kargo shirkati

“Abu -Saxiy” kargo shirkati faoliyatini to‘liq tushunish uchun jurnalistik surishtiruv mualliflari Xitoy, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda mavjud ma’lumotlarni o‘rganishdi, ko‘plab rasmiylar va shirkatlar rahbarlari bilan suhbatlashishdi, qator bojxona terminallariga safar qilishdi.

Buning natijasida juda katta foyda topiladigan mazkur biznesning mavjudligi Habibulla Abduqodir oilasining bojxona amaldorlari bilan munosabatlariga bog‘liq ekani ayon bo‘ldi.

Ayerken Saymaiti “Abu -Saxiy” kargo shirkati faoliyatini yuritgan shaxs sifatida yuzaga kelgan korrupsion sxemani juda yaxshi bilgan.

-“Abu-Saxiy”ning puli menda saqlanardi. Bu pul nimalarga sarflanganini, bojxonaga qancha berilganini va boshqa chiqimlarni men hisob-kitob qilardim, bu boradagi barcha hujjatlar mening qo‘limda bo‘lgan,-deb aytgan Ayerken Saymaiti.

Unga ko‘ra, “Abu -Saxiy”ning yuk mashinalari bir oyda Xitoyga kamida 600 marta borib kelgan. Ayerken Saymaiti o‘zi ichida bo‘lgan ikkita korrupsiyaviy sxemani fosh etdi.

“Abu -Saxiy” kargo shirkati bilan bog‘liq korrupsiyaviy sxemalar

Birinchi sxema: “Abu -Saxiy”ning yuk mashinalari Xitoydan Qirg‘izistonga o‘tayotganda O‘zbekistonga tranzit sifatida rasmiylashtirilgan. Bu holatda bojxona to‘lovi olinmaydi. Biroq bojxona to‘lovi olinmagan o‘sha tovarlarning bir qismiga oid hujjatlar O‘zbekistonga jo‘natiladi, tovarning o‘zi esa Qirg‘izistonda qoldiriladi.

Shundan so‘ng Xitoydan O‘zbekistonga tranzit sifatida bojxona to‘lovisiz olib o‘tilgan va Qirg‘izistonda qoldirilgan tovar Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgan mahsulot sifatida Rossiya va Qozog‘iston kabi davlatlarga jo‘natilgan.

Saymaitining bu gaplarini mana shu tovarlarni Rossiyaga tashigan haydovchilardan biri ham tasdiqladi.

-Xitoydan tovarlarni olib kelar edik. Qirg‘izistonga kelganimizda uni Qorasuvdagi terminalga olib borardik. U yerda “Tovar Qorasuv bozoridan olindi, Bishkekka olib ketilayapti”, deb hujjat qilinar edi. Bishkekka kelganimizda esa tovar “Do‘rdo‘y bozoridan olindi”, deb Moskvaga hujjat qilinadi. Shu tarzda men 2016 yilda bir marta, 2017 yilda uch marta Moskvaga bordim. Yuklarni 20ta “Volvo” yuk mashinasi oyiga uch-to‘rt martadan qatnab Moskvaga yetkizar edi. Lyublinoda Moskovskiy torgoviy sentr degan juda katta bir savdo markazi bor. Yukni o‘sha yerga tushirar edik,-dedi surishtiruv videosida xavfsizlik yuzasidan ismi aytilmagan va yuzi to‘silib, ovozi o‘zgartirilgan haydovchi.

Ikinchi sxema: Ayerken Saymaiti 2014 yilda “Abdiraz” firmasiga egalik qila boshlaydi va firma nomidan “No‘g‘ardan Atush” bozorini o‘z nazoratiga oladi. Botkendagi dala joyda joylashgan bu bozordan Ayerken Saymaiti foyda olishni ko‘zlamagan. Saymaiti bu bozor pul yuvish uchun bir vosita bo‘lganini aytgan.

Jurnalistik surishtiruvning may oyida e’lon qilingan birinchi qismida bozorning hozirgi egasi va bosh hisobchisi “Abdiraz” bozori tashkil etilganidan to shu kungacha faqat 16,5 million dollargina savdo qilganini bildirgandi.

Biroq “Abdiraz” bozori nomidan Habibulla Abduqodirga qarashli firmalar bilan bundan bir necha barobar ko‘p bo‘lgan miqdordagi shartnomalar imzolangan. Saymaiti bu shartnomalar soxta bo‘lganini bildirgan holda, ulardan to‘rttasini jurnalistlarga taqdim etgan.Bu shartnomalarda Qirg‘izistonga gazlama yetkazib berish kelishilgan, lekin aslida bir santimetr ham gazlama kelgan emas.

-Gazlamaning boj to‘lovi boshqa narsalar, masalan, kiyim kechaklarga qaraganda arzon. Kiyim-kechaklarning rastamojkasi 3 dollar bo‘lsa, tekstilniki 50 sent. Mening Qirg‘izistondagi firmam nomiga tekstil jo‘natildi, deb yoziladi. Biroq Xitoydan menga telefon qilishib: “Qimmatbaho norka jo‘natdik”, deb aytishlari mumkin. Yoki Xitoydan telefon jo‘natiladi, ammo tekstil deb rasmiylashtiriladi. Bir dona telefonning rastamojkasi 6 dollar. Bir KamAz tekstil esa 5 ming dollarga rastamojka bo‘ladi. Bir KamAz telefonni tekstil deb rasmiylashtirib, 5 ming dollarga rastamojka qilib, Rossiyaga borib to‘kib tashlasangiz, har qanday odamni bankrot qilishingiz mumkin,-dedi Ayerken Saymaiti.

Unga ko‘ra, soxta shartnomalar asosida “Abdiraz” bozoriga jo‘natilgan tovarlar aslida Moskvaga jo‘natilgan.

-Yuk mening firmamga jo‘natilgani yozilganidan keyin, men “Yukni qabul qildim, sotdim” deb rasmiylashtirib, pulni o‘tkazib beraman. Rasmiylashtirilgan hujjatni internetdan ko‘rish mumkuin. Shuning uchun ham banklar, shubha qilmasdan, pulni o‘tkazib berishaveradi,-dedi Ayerken Saymaiti.

“Abu -Saxiy”ning O‘zbekistonda topgan daromadini soxta hujjatlar orqali chet elga ko‘chirishgan

Soxta shartnomalar asosida “Abdiraz” bozoriga jo‘natilgan, aslida esa Moskvaga olib ketilgan tovarlarning rasmiylashtirilgan hujjatlari Ayerken Saymaiti qo‘lida qolgan.

Bu hujjatlardan “Abu -Saxiy”ning O‘zbekistonda topgan daromadini xorij davlatlariga ko‘chirishda foydalanishgan.

O‘sha paytlarda O‘zbekistonda moliyaviy nazorat o‘ta qattiq bo‘lgani ortidan tadbirkorlar qonuniy yo‘l bilan bank orqali pul o‘tkazishi juda mushkul edi.

-O‘zbekistondan pul “qora yo‘llar” bilan o‘tar edi. “Abu -Saxiy” O‘zbekistondagi yagona eng katta kargo bo‘lgan edi. Pulni “qora yo‘l” bilan o‘tkazmasa, O‘zbekistonda dollar ko‘tarib yurish juda qiyin edi. Shuning uchun pulni “qora yo‘llar” bilan Qirg‘izistonga olib o‘tishadi, pulni bu yerda bank orqali oqlab turib, xorij mamlakatlaridan biriga yuboriladi. Ayrim paytlarda xorijga jo‘natilgan pulni u yerdan olgan odam yana Qirg‘izistonga qaytarib jo‘natar edi,-deb aytdi Ayerken Saymaiti.

“Abu -Saxiy”ning Qirg‘iziston hukumatidagi aloqalari

Dalillar ko‘rsatib turganiday, agar hukumat doiralarida aloqalar bo‘lmaganida bu sxemalarning birortasi ishga oshmasdi.

Saymaitining aytishicha, o‘sha paytda Qirg‘iziston bojxona xizmati raisining o‘rinbosari bo‘lgan Raimbek Matraimov Habibulla Abduqodir oilasidan tushgan poralarni yig‘ish va ularni bo‘lishtirishga mas’ul bo‘lgan.

Saymaitining gaplari ni yana qator manbalar, aniqroq qilib aytganda, avvalgi vazirlar, deputatlar, bojxonada hozir ishlab turgan va avval ishlagan rahbarlar va chetdan yuk tashigan shaxslar tasdiqladilar. Biroq ularning ayrimlari xavfsizligidan tashvishlanib, ayrimlari hukumatdan qo‘rqib, ayrimlari esa shaxsiy munosabatlarni buzib olishni istamasligini bahona qilib, jurnalistlarga bu borada ochiq gapirib berishdan tiyildilar.

Shunday qilib, “Abu -Saxiy” Qirg‘izistondan O‘zbekistonga yuk tashigan monopolist shirkatga aylanadi.

-“Abu -Saxiy”ni Matraimovlar “krishovat” etishgan. Bojxonadagi rastamojkasidan tortib, harakatlanishigacha Matraimovlar nazorat qilishadi. Texnikasini Ruslan degan ukasi bor, o‘sha qaraydi,-deb bildirdi “Haydovchilar ittifoqi” a’zosi Isabay Sulaymanov.

Xitoydan olib kelingan yuk O‘zbekistonga o‘tkaziladigan bo‘lsa boshqa mashinalarga yuklanadi. Shuning uchun “Abu -Saxiy” Qirg‘izistonning Qorasuv tumanidagi Qashqarqishloq qishlog‘ida maxsus bazani tashkil qilgan. Aka-uka Matraimovlarning kenjasi – Ruslan Matraimovni mana shu bazada ko‘p marotaba ko‘rishganini boshqa haydovchilar ham tasdiqladilar. Biroq Ruslan Matraimovning o‘zi “Abu -Saxiy” bilan aloqasi borligini inkor etgan edi.

-“Abu -Saxiy”ning Qirg‘izistondagi ishini Raimbek Matraimov boshqaradi. U O‘zbekistonga KamAzlarni o‘tkazib beradi, biz esa unga buning uchun pul to‘laymiz. O‘sha beradigan pulini Qirg‘izistonda bermay, avval chet davlatga olib chiqamiz, keyin chet eldagi banklar orqali ularning fondiga o‘tkazib beramiz. Xitoydan chiqqan har bir KamAz uchun 4600 dollardan pul beramiz. Bir oyda “Abu -Saxiy”ning 600-650, 700tagacha KamAz o‘tadi tranzit bo‘lib. Pulni Raimga beramiz. Uning odamlaridan biri kelib olib ketadi. Har safar boshqa-boshqa odam keladi pulni olib ketgani,- deb aytgan Saymaiti.

Ayerken Saymaiti Habibulla Abduqodir ko‘rsatmasi bilan turli odamlarga, jumladan, Raimbek Matraimovga ham pul o‘tkazganini tasdiqlovchi turli hujjatlarni jurnalistlarga taqdim etgan.

Hujjatlarga ishonilsa, 2016 yilning avgustidan 2017 yilning fevraligacha “Abu -Saxiy” uchun Raimbek Matraimovga Ayerken Saymaiti dastlab olti bo‘lib jami 380 ming dollar, keyin esa etti bo‘lib jami 2 million 400 ming dollarga yaqin pul o‘tkazgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG