Линклар

Шошилинч хабар
29 сентябр 2020, Тошкент вақти: 06:12

Hujjat: O‘zbekiston iqtisodi va aholisi o‘z ehtiyojidan 20 mlrd kub metr kam gaz bilan kun ko‘rmoqda


Xorijga yiliga 15 milliard kub metrdan ko‘proq tabiiy gaz eksport qilayotgan O‘zbekiston aholisi yillardan beri tabiiy gazdan mosuvo yashamoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan maxsus yig‘inda keltirilgan raqamlarga ko‘ra¸ “joriy yilda iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yoqilg‘i mahsulotlarini barqaror yetkazib berish uchun 60¸8 milliard kubometr tabiiy gaz kerak”.

Bu esa¸ tabiiy gazga nisbatan ichki ehtiyoj haqida rasmiylar hozirga qadar aytib kelgan raqamdan 20 milliard kub metrga ko‘pdir.

Yig‘ilishning 20 fevral kuni imzolangan rasmiy Bayoni nusxasi XDFU (xizmat doirasida foydalanish uchun – tahr.) deb tasniflangan va uni hujjatga qo‘li yetadigan Toshkent mulozimi shaxsi sir qolish sharti bilan Ozodlikka taqdim etdi.

Prezident o‘tkazgan yig‘ilish Bayonida¸ ta’minotdagi barqarorlikni ta’minlash maqsadida tabiiy gaz qazib olishdan to iste’molchiga yetkazilgunga qadar zanjirda bo‘layotgan yo‘qotish va o‘g‘riliklarni kamaytirish¸ korrupsiyaga qarshi kurash tizimini joriy qilish¸ soha boshqaruviga xorijiy ekspertlarni jalb etish kabi 20 dan oshiq chora-tadbirlar taklif etilgan.

Ozodlik so‘rovi bilan bu hujjatni o‘qib chiqqan mutaxassislar¸ Bayon mohiyatini tabiiy gaz ta’minotidagi uzilishlarning iqtisodiyot va aholi hayotiga ko‘rsatayotgan ziyonidan ogohlik va vaziyatni o‘zgartirish urinishi sifatida olqishladi. Ayni paytda ular¸ iqtisodiyotda tub islohotlar qilish o‘rniga bitta sohani mikromenejment qilish urinishining samara berishiga shubha bildirdi.

Ichki ehtiyoj uchun 60¸8 milliard kub metr gaz kerak bo‘lgani holda¸ O‘zbekiston iqtisodiyoti va aholisi 40 milliard kub metr gaz bilan yashamoqda.

Bayoni 20 fevral kuni rasmiylashtirilgan Mirziyoyv huzuridagi 8-sonli yig‘ilishda ana shu ahvol va tabiiy gaz ta’minotidagi barqarorlikni qanday ta’minlash yo‘l-yo‘riqlari muhokama qilingan.

12 betlik Bayonning ilk sahifasi nusxasi.
12 betlik Bayonning ilk sahifasi nusxasi.

2020 yil, 6 fevral kuni o‘tkazilgan majlisning nusxasi Ozodlikka taqdim etilgan Bayonida yozilishicha¸“joriy yilda (2020 yil nazarda tutilmoqda – tahr.) iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yoqilg‘i mahsulotlarini barqaror yetkazib berish uchun tabiiy gaz qazib olishni 60¸8 milliard kub metrgacha yetkazish lozim””.

Yaqinlargacha O‘zbekistonda qancha tabiiy gaz qazib olinishi¸ undan qanchasining ichki iste’molga¸ qanchasining esa¸ eksportga sotilayotgani haqida aniq rasmiy ma’lumot berilmagan.

O‘tgan yili bu ma’lumotlarning birinchi marta ochiqlanayotganini ta’kidlagan “O‘zbekneftgaz“ kompaniyasining o‘shandagi raisi Bahodirjon Sidiqovmamlakatda gazga bo‘lgan ichki ehtiyoj 39- 40 milliard kubometrni tashkil etishi”ni aytgan edi. Ayni paytda, Sidiqovga ko‘ra¸ 2019 yilda O‘zbekiston chetga 15 milliard kub metr gaz sotgan.

Davlat Statistika qo‘mitasi e’lon qilgan raqamlarga ko‘ra¸ 2019 yili mamlakatda 59,46 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olingan.

Hozirgacha jamoatchilikka taqdim etilgan bu raqamlar O‘zbekiston o‘z ichki ehtiyojidan ortgan gaznigina chetga sotayapti¸ degan bayonotga asos bo‘lib kelayotgan edi.

Ozodlikka taqdim etilgan Bayonda keltirilgan ko‘rsatkichlar bunday bayonotni rad etadi va mamlakat iqtisodiyoti va aholisining yillardan beri¸ ayniqsa¸ qish mavsumida tabiiy gaz ta’minotidan uzib qo‘yilishi sabablarini ochiqlaydi.

2019 yili O‘zbekistonda mamlakat ichki ehtiyoji uchun zarur hajm (60¸8 milliard kub metr) dan kamroq tabiiy gaz qazib olingan ( 59,46 milliard kub metr ) bir paytda¸ uning qariyb uchdan bir qismi (15 milliard kub metr) chetga sotilgan. Oqibatda¸ yana minglab tadbirkorlik sub’ektlari qish mavsumida gazdan uzilib¸ ishini to‘xtatishga¸ millionlab aholi esa¸ qishdan chiqish uchun ko‘mir¸ o‘tin va tappidan foydalanishga majbur bo‘ldi.

Ozodlik “O‘zbekneftgaz”AJ mutasaddilaridan biriga¸ Bayonda keltirilgan “iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yoqilg‘i mahsulotlarini barqaror yetkazib berish uchun tabiiy gaz qazib olishni 60¸8 milliard kub metrgacha yetkazish lozim”¸ degan jumla O‘zbekiston ichki ehtiyoji uchun 60¸8 mlrd kub metr gaz kerak¸ deganimi”¸ deb murojaat qildi.

Asl raqamlarni ochiqlash oqibatidan cho‘chigan bu mulozim shaxsi sir qolish sharti bilan “Ha¸ albatta shunaqa¸ 60.8 mlrd metr kub gaz kerak. Aslida¸ 70 mlrd. metr kub deyilsa¸ undan ham aniqroq bo‘ladi”¸ deb javob berdi.

Raqamlardagi nomutanosiblik sababi nima?

Ozodlik so‘roviga ko‘ra¸ Bayon mazmuni bilan tanishib chiqqan “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq rahbarlaridan biri Anvar Husainov¸ ichki ehtiyoj qondirilmay kelayotganining asosiy sabablaridan biri tabiiy gaz eksportiga oid Karimov davrida imzolangan uzoq muddatli eksport kelishuvlari ekanini aytadi.

- Sanoat korxonalari soni oshib¸ ularning quvvati ham oshib borayapti. Boshqa tomondan¸ aholi soni ham 34 milliondan oshdi. Ichki ehtiyojning o‘zi 60¸8 milliard kub metrga yetdi¸ degani O‘zbekistonda bugun qazib olinayotgan jami tabiiy gazning hammasi O‘zbekistonda qolgan taqdirda ham o‘z ehtiyojimizga bazo‘r yetishini anglatadi. Bu vaziyatni tan olgan hukumat¸ zudlik bilan tabiiy gaz eksportiga oid Xitoy va Rossiya bilan imzolangan kelishuvlarni bekor etish¸ yoki ular ijrosini uzoq muddatga kechiktirish yo‘llarini qidirib topishi lozim. Aks holda¸ o‘zimizning iqtisodiyot rivojlanmaydi¸ aholi orasidagi norozilik esa¸ kuchayib boradi. Afsuski¸ Bayonda eksport¸ uni to‘xtatish haqida lom-mim deyilmagan.

Bayoni Ozodlikka taqdim etilgan yig‘ilish haqida xabar yozgan prezident matbuot xizmati iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yoqilg‘i mahsulotlarini barqaror yetkazib berish uchun 60¸8 milliard kub metr gaz kerakligi haqida bir necha marta keltirilgan muhim raqam haqida lom-mim demadi.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligi so‘rab gaplashgan Toshkent mulozimlaridan biri¸ prezident o‘tkazayotgan majlislarda aniq aytilayotgan bu raqamlar aholi orasidagi norozilikni kuchaytirishidan hadiksirab¸ jamoatchilikdan sir tutilishini taxmin qiladi.

- O‘zbekistonda sanoat korxonalari va aholining tabiiy gazsiz kun kechirishga mahkum qolayotgani hech kimga sir emas. Ichki ehtiyojga 40 milliard kub metr gaz kerak¸ shunchani berayapmiz¸ desa¸ odamlar unda nega yillardan beri gazsiz yashayapmiz¸ deb so‘raydimi? Agar¸ xalqqa jami gazimiz 60 milliard kub metrga yetar-yetmas¸ o‘zimizga 60 milliarddan ko‘proq gaz kerak¸ desa¸ unda nega 15 milliard kub metrni chetga sotayapmiz¸ degan savol tug‘iladimi? Shuning uchun bu raqam oshkor etilmaydi¸ faqat prezident va sohani boshqarayotganlarga XDFU (xizmat doirasida foydalanish uchun) degan yarim maxfiy shaklda beriladi.

Hukumat iqtisodiyot va aholini tabiiy gaz bilan ta’minlashni qanday yaxshilamoqchi?

Ozodlikka taqdim etilgan prezident huzuridagi yig‘ilish Bayonida shu maqsadda bir haftadan bir yilgacha muddat ichida qilinishi topshirilgan 24 ta chora-tadbir belgilab berilgan.

Ulardan birinchisi¸ bir hafta ichida “iqtisodiyot tarmoqlari va aholini yoqilg‘i mahsulotlari bilan” barqaror ta’minlash uchun 60¸8 milliard kub metr tabiiy gaz va 3 million tonna suyuq uglerod ishlab chiqarishni ta’minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqishdir.

Bu tadbirlardan asosiysi sifatida¸ qazib olish – qayta ishlash – tashish – taqsimlash – iste’molchiga yetkazib berish zanjiridagi texnologik sarf va yo‘qotishlarni keskin kamaytish topshirilgan.

Ozodlik gaplashgan mutaxassislar¸ qazib olinayotgan gazning so‘nggi iste’molchigacha yetib borishiga qadar bo‘lgan ayni shu zanjirda nihoyatda keng ko‘lamli va yuqori darajali shaxslar homiyligidagi o‘g‘irliklar yotganini aytadi.

- Bu juda nozik masala. Masalan¸ birgina jihatini olaylik - nima uchun bugun O‘zbekistonda avtomobilga gaz quyish sohasi to‘satdan rivojlanib ketgan? Puli va orqasida odami borlarning hammasi¸ shunaqa nuqtalar ochib olgan. Chunki tabiiy gaz qazib olinib to aholiga yetguncha bo‘lgan yo‘lda son-hisobsiz o‘g‘riliklar bo‘layapti¸ bunaqa stansiyalarning ko‘pi ana shu o‘g‘irlangan gazni sotib¸ kimlarnidir boyitayapti. Oqibatda aholi gazsiz¸ davlat esa¸ tushumsiz qolayapti. Buning orqasidagi nihoyatda katta korrupsion sxemalar bo‘lgan va hozir ham bo‘layapti. Bayonda korrupsiya so‘zi ishlatilgan va unga qarshi kurashish uchun xalqaro audit kompaniyalari ishtirokida “komplaens nazorat” tizimi yaratish aytilgan. Bundan esa¸ prezidentning bu dahshatli o‘g‘rilik va sxemalardan xabari borligi va uni kamaytirish uchun chora izlayotgani ko‘riladi¸ deydi“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq rahbarlaridan biri Anvar Husainov.

To‘lovlarni undirish MIBdan “Hududgazta’minot”ga o‘tadi¸ qonunbuzarlik uchun jazo kuchaytiriladi

Prezident o‘tkazgan maxsus yig‘ilishda gaz ta’minotidagi barqarorlikni ta’minlash uchun berilgan topshiriqlardan biri “O‘ztransgaz” va Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi faoliyatiga o‘zgartishlar kiritishga oid.

Xususan¸ “bir oy muddatda “O‘ztransgaz” jamiyatining tabiiy gazni sotib olish va iste’molchilarga yetkazib berish vazifasini hamda Majburiy ijro byurosining to‘lovlarni undirish vazifasini “Hududta’minotgaz” jamiyatiga yuklash to‘g‘risidagi tegishli qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish” buyurilgan.

Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 30 may kungi qarori bilan Bosh prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etilgan va elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-toroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish; energiya resurslari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta’minlash; energiya resurslarini sotish va iste’moli hisobini yuritishda ishtirok etish Byuroning asosiy vazifalari qilib belgilangan edi.

Bu funksiyalar kattagina qismining ““Hududta’minotgaz”ga o‘tishidan so‘ng MIB saqlanib qoladimi-yo‘qmi¸ degan savolga hozircha javob yo‘q.

Prezident buyurgan chora-tadbirlar sirasida “ikki oy muddatda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish¸ elektr va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan yoki qoidani buzgan holda ulanish holatlari uchun jazo choralarini kuchaytirish bo‘yicha qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish yuzasidan tegishli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish” ham bor.

Neft-gaz sohasidagi islohotlar va hisob-kitobni DXX raisi nazorat qiladi

Ozodlikka taqdim etilgan prezident huzuridagi yig‘ilish Bayonida¸ neft-gaz sohasidagi islohotlar vaziyatini tahlil qilish, shuningdek gaz qazib chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berilishi hisob-kitobini qilish uchun ikkita Ishchi guruhi tuzish haqida topshiriq berilgan.

Bayonning Ishchi guruhlari tuzishga oid qismi
Bayonning Ishchi guruhlari tuzishga oid qismi

Bu ikkala Ishchi guruh faoliyatini nazorat qilish Davlat xavfsizlik xizmati¸ xususan¸ uning joriy rahbari Abdusalom Azizovga topshirilgan.

Qonunda belgilangan vakolatlariga bevosita kirmaydigan bu vazifalarning DXX va uning rahbari nazoratiga topshirilishini “O‘zbekneftgaz” sobiq boshqaruvchilaridan bo‘lgan Anvar Husainov Azizovning o‘tmish tajribasi bilan izohladi.

- Abdusalom Abdumavlonovich ichki ishlardan chiqqan bo‘lishiga qaramay¸ 2002-2006 yillarda “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi bo‘lgan. Bu sohani yaxshi biladi. Uning boshqaruvi davrida “O‘zbekneftgaz” ahvoli hozirgidan yaxshiroq edi. Prezident¸ shuning uchun sohadagi islohotlarning borishini Azizovga topshirgan bo‘lsa kerak. Lekin asosiy vazifasi davlat xavfsizligini tashqi hamda ichki tahdidlardan himoya qilish bo‘lgan DXX nima uchun neft-gaz sohasini nazorat qilib¸ undagi islohotlarni qanday tahlil qiladi¸ yoki bu soha hisob-kitobini qanday yurg‘izadi¸ bunisi menga ham qorong‘u. DXXda bu sohani tushunadigan va bu vazifani bajarishga ixtisoslashgan kadrlar borligiga shubham bor¸ deydi Anvar Husainov.

Hozircha Toshkent rasmiylari iqtisodiyot tarmoqlari va aholini tabiiy gaz bilan ta’minlashni yaxshilash masalasida prezident bergan topshiriqlar va ularning qanday bajarilayotgani haqida jamoatchilikka ma’lumot bergan emas.

Yig‘ilish Bayoniga kiritilgan topshiriqlar ijrosiga bag‘ishlangan ilk majlis esa¸ Bosh vazir Abdulla Aripov imzolagan maktubga ko‘ra¸ 5 mart kuni muhokama qilinadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG