Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:31

Domga chiqishga majburlanayotgan sardobaliklar o‘z uyi o‘rnida yangi uy qurib berilishini talab qilmoqda (VIDEO)


Sardoba tuman Do‘stlik MFYdagi kamida sakkizta kottej egalarini ogohlantirmay turib¸ 7 iyun kuni buzib tashlandi.
Sardoba tuman Do‘stlik MFYdagi kamida sakkizta kottej egalarini ogohlantirmay turib¸ 7 iyun kuni buzib tashlandi.

8 iyun kuni Sardoba tuman Do‘stlik mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashab kelgan 30 dan oshiq erkagu ayol buzilishga tushgan uylari oldida to‘plandi.

Sobiq nomi 1- sovxoz bo‘lgan bu mahalla 1 may kuni to‘g‘oni yorilib¸ suv toshgan Sardoba omboriga eng yaqin joylashgan aholi punkti. Do‘stlik MFYdagi 90 ta kottejdan 28 tasi¸ maxsus komissiya qarori bilan “yashashga yaroqsiz” deb topilgan va snosga tushgan.

7 iyun kuni uy egalarini oldindan ogohlantirmay turib¸ 8 uyga buldozer solinishi ortidan qolgan uy egalari¸ ulardan ayrimlarining Ozodlikka aytishicha¸ shu tarzda hokimiyat vakillariga o‘z noroziligini bayon qilishga qaror qilgan.

Bu voqea ortidan 8 iyun kuni norozi xalq bilan uchrashgan Sardoba tuman hokimi Abduazim Xidirov ular talabini “yuqoriga yetkazish” haqida va’da bergan.

Ozodlik orqali prezident Mirziyoyevga qilgan videomurojaatida bu sardobaliklar¸ domda yashashni istamasliklari¸ o‘z uylari o‘rnida yangi uy qurib berilishini so‘radi.

Sardoba tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Ozodlik bilan 8 iyun kungi suhbatda¸ hokim xalq so‘rovini viloyat va respublika darajasidagi mutasaddilarga yetkazishi¸ lekin yakuniy qaror chiqarish “yuqoridagilar” vakolatida ekanini bildirdi.

Uysiz qolganlar bilan “monolog”

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan sardobaliklarning Do‘stlik MFYda joylashgan uylari maxsus komissiya qarori bilan buzilishga tushgan.

1 may kuni uylarimizni shiftigacha suv bosdi. Biz suv omboridan 4 kilometrcha masofadamiz. Toshqinning birinchi zarbasi bizning uylarga tushdi. Mahallamizda soyuz paytida qurilgan jami 90 ta kottej bor. To‘rt xonali uy¸ 6 sotix yeri bilan. Shundan 62 tasi 10 maydan buyon Qoraqalpog‘istondan kelgan byudjet tashkilotlari xodimlari tomonidan remont qilinyapti. Pollarini qoqib¸ odamlar kirib yashashiga deyarli tayyor bo‘p qoldi. Lekin qishloqqa kiraverishdagi birinchi qator yo‘lning ikki tomonidagi uylar¸ ikkinchi qatorning bir tomonidan uylar qandoq turgan bo‘lsa¸ shundoq turuvdi. O‘tgan hafta bu uy egalari to‘planib¸ tuman hokimi oldiga bordi”¸ deydi 8 iyun kuni Ozodlik gaplashgan Do‘stlik MFY yashovchilaridan biri.

O‘tgan hafta hokim Xidirov bilan uchrashganlardan biriga ko‘ra¸ Sardoba hokimi bilan uchrashuv “dialog” emas¸ “monolog” shaklida bo‘lgan. Hokim ularga uylarining buzilishi aniq ekani¸ ularga MFY hududida quriladigan 37 ta besh qavatlik uydan dom berilishini bildirgan. Aholi bu taklifni qabul qilmasligi¸ uyi o‘rnida uy qurib berilishini so‘raganidan keyin hokim¸ bu masalada ikki kundan so‘ng gaplashishni va’da qilib¸ ularni jo‘natib yuborgan.
Ikki kun o‘tib¸ hech kim biz bilan gaplashmadi. Buning o‘rniga¸ uch kun o‘tib o‘tmay¸ bizni bir og‘iz ham ogohlantirmay¸ uylarimiz ustiga buldozer solishdi. 7 iyun kuni 28 ta uydan 8 tasini buzib tashlashdi. Xalq bilan muloqot shunaqa bo‘ladimi?” deydi Ozodlik suhbatdoshlaridan biri.

7 iyun kungi norozilik

Ozodlikka sardobaliklar yuborgan surat va videolarda 7 iyun tongida uy egalariga biror shaklda ogohlantirish berilmay turib buzib tashlangan uylar manzarasi aks etgan.

Aytilishicha¸ 1 may kungi texnogen falokat oqibatida uyi suv ostida qolganlardan birovi kollej binosida¸ yana birovi qarindoshinikida¸ boshqasi esa¸ o‘zi ijaraga uy topib yashab kelmoqda. Ular 7 iyun kuni uylari buzila boshlagani xabarini eshitib¸ voqea joyiga yetib kelgan.

Buzish boshlanganini eshitib¸ kecha obeddan keyin 20 tacha odam to‘plandik. Kelgunimizcha¸ 8 ta uyni buzib bo‘lishgan ekan. Qolgan uy egalari qarshilik qildik¸ ekskavatorni kirg‘izmaymiz¸ deb uylarimiz oldiga turib oldik. Hokim kelishini talab qildik. Hokimning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari keldi. 10 tacha melisa¸ 3-4 Milliy gvardiyachi keldi. “Baribir buziladi”¸ deb bizni tarqatmoqchi bo‘lishdi. “Bizga dom kerakmas¸ uyimiz o‘rnida yangi uy qurishga kafolat bersangiz¸ buzasiz”¸ deb turib oldik. Avvaliga melisalar “karantin qoidasini buzding” deb hammangni tiqib qo‘yaman¸ deb po‘pisa qildi. To‘planganlar sen ham bizga sheriksan unda¸ deb turib olganidan keyin¸ hammasi kimlargadir telefon qilishdi. 8 iyun kuni ertalab hokim sizlar bilan uchrashadi¸ deb va’da berib ketishdi. Qolgan uylarga tegishmadi”.

8 iyun kungi uchrashuv – uzr va og‘zaki va’da

Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra¸ 8 iyun kuni ertalabki soat 8 gacha uyi buzilgan va buzilishga berilgan 28 ta uy egasi o‘z uylari oldida to‘planib¸ hokimning va’da qilingan uchrashuvga kelishini kutgan.

Soat 12 larda nihoyat hokim nachalnik melisa bilan keldi. Hokimning qurilish bo‘yicha muovini “hozircha buzilish to‘xtatildi¸ xalq bilan hisoblashmasdan buzishni boshlab¸ xato qilibmiz”¸ deb uzr so‘radi. Hokim bizga "uylaring yashashga yaroqsiz¸ ertaga zilzila bo‘lsa¸ to‘kilib tushadi”¸ dedi yana. “Qishgacha bitadigan domlardan uy beramiz¸ buzilgan uylaringdagi yer ham o‘zlaringizga qoladi"¸ deb ko‘ndirmoqchi bo‘ldi. To‘planganlar¸ bizga doming kerakmas¸ uyimiz o‘rnida kadastrda qandoq bo‘lsa¸ shundoq uy qurib ber”¸ deb turib oldik. Hokim bu talabni tepadagilarga yetkazib¸ ertaga (9 iyun) soat 12 da yana biz bilan uchrashadigan bo‘ldi”¸ dedi 8 iyun kungi uchrashuv ishtirokchilaridan biri.

8 iyun kungi uchrashuvga kelgan sardobaliklar¸ Ozodlik orqali O‘zbekiston prezidenti va xalqiga videomurojaat qildi.

Сардобаликлар мурожаати
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:58 0:00

Bu murojaatda ular hukumat va xalqqa o‘zlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorchilik bildirgan holda¸ o‘z uylari o‘rnida uy qurib berish talabida qat’iy ekanliklarini aytib¸ prezident va xalqdan yordam so‘radi.

Hokimlik nima deydi?

8 iyun kungi norozilik to‘plandisi ortidan Ozodlik Sardoba tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bunyod Tursunmurodov bilan bog‘landi.

Do‘stlik MFY ahli aytgan gaplarni tasdiqlagan bu rasmiy¸ hokimning xalq so‘rovini bu masalada qaror beruvchi tashkilot va rasmiylarga yetkazganini bildirdi.

- Bugun hokim bova xalq bilan uchrashdi. Ertaga viloyatdagi mutasaddilar¸ qurilish va arxitekturadagilarni chaqirib¸ yana odamlar bilan uchrashishga kelishildi. Bilasiz¸ Do‘stlik MHY hududida 37 ta dom qurilyapti. Qurilish loyihasi Toshkentdan keladi¸ hokim bovaning qo‘lida emas bu. Yuqori hal qiladi¸ hokim bova odamlarning e’tirozini ularga aytadi. Masala ijobiy hal bo‘lishiga umid bor. Hozircha buzilish to‘xtatildi¸ dedi Sardoba tuman hokimining qurilish bo‘yicha muovini.

Uyi buziladiganlar nega hokimlik taklifiga ko‘nmayapti?

1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi ortidan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida¸ rasmiy hisob-kitobga ko‘ra¸ 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan¸ 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan. Maxsus komissiya qarori bilan uyi buzilgan yoki shikastlangan aholi uchun 3 ta massivda jami 2 640 kvartirali 66 ta 5 qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

15 may kuni Sardoba tumanidagi “Do‘stlik” mahallasiga borgan prezident Mirziyoyev¸ O‘zAning yozishicha¸ bu yerda quriladigan 1480 xonadondan iborat 37 ta uylar poydevoriga tamal toshi qo‘ygan.

Uylari snosga tushib¸ o‘zlariga yangi quriladigan shu domlardan 3 xonali kvartira va’da qilingan Do‘stlik MFY ahli Ozodlik bilan suhbatda Sirdaryo va Jizzaxning cho‘l sharoitida ko‘p qavatli uyda yashash “azob ekani”ni aytadi.

Bizning hududga kelgan odam biladi iqlimning qanaqa og‘irligini. Soyuz paytida bu yerda beton domda yashab bo‘lmasligini bilganidan¸ 6 sotix yer bilan shunaqa kottej qurib berishgan 70-yillarda. Yerimizda mol-hol boqib¸ meva-sabzavot ekib¸ yashab keldik. Qariyalarimiz bor¸ ularni jaziramada beton uyga tiqib qo‘yishni xohlamaymiz”¸ dedi norozilardan biri.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa sardobalik esa¸ muammoning asl ildizi hokimiyat va ular va’dalariga ishonmaslik bilan bog‘liq ekanini aytadi.

Asr mo‘’jizasi deb aytiladigan Sardoba suv omborining qanaqa qurilganini hamma xalq ko‘rib¸ bilib turibdi. Uning jabriga mana bizga o‘xshagan begunoh oilalar qolib o‘tiribdi. Hozir shoshib-pishib¸ byudjet tashkilotlari ishchilarini majburlab quriladigan arzon uylar sifati qanaqa bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas. Bular domga chiqing¸ yeringiz ham o‘zingizga qoladi¸ deb ishontirmoqchi bo‘lyapti. Biz esa mutlaqo ishonmaymiz. Chunki bu yolg‘on va birorta hujjat bilan kafolatlanmagan. Buzilishga tushgan 28 ta kottej qishloqqa kirishda joylashgan. Bular bizning uylarni ataylab yaroqsizga chiqarib¸ bu yerni bizdan tortib olmoqchi. Keyin bu yerni o‘zlari istaganga sotib¸ o‘zlari xohlagan narsani qurmoqchi. Biz o‘z uyimizdan boshqa uyga ko‘nmaymiz. Sardobani yaroqsiz qurib¸ bizni uysiz qoldirganlar kelib uyimizni tiklab bersin”¸ dedi uyi suv bosishi oqibatida yaroqsiz deb topilgan sardobaliklardan biri.

1 may kuni Sardoba suv omborida ro‘y bergan texnogen faolokat bo‘yicha davom etayotgan jinoyat ishi tergoviga oid jamoatchilikka juda cheklangan ma’lumot berilmoqda.

Bu falokat uchun qaysi tashkilot va qaysi shaxslarga qanday ayb qo‘yilayotgani¸ xalqqa yetkazilgan milliardlab zararni qoplashga suv omborini loyihalash va qurishga mas’ul bo‘lganlar ham biror shaklda jalb etiladimi¸ yo‘qmi bu haqda hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

Prezident Mirziyoyevning falokat uchun mas’ullarning kim bo‘lishidan qat’i nazar jazolanishi¸ falokat sabablarini aniqlash jarayoniga mustaqil xorij ekspertlarini jalb qilish haqidagi va’dalarining amalga oshish-oshmasligi ham savol ostida qolmoqda.

Tergovda ko‘rilayotgan versiyalarga oid xabarlar ortidan jamoatchilik orasida bu falokatning asl aybdorlari javobgarlikka tortilishiga oid shubhalarning kuchayib borayotgani kuzatilmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG