Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:10

OzodDayjest: Adliya idorasi xususiy notariuslarga o‘gay munosabatda bo‘lmoqda


1 maydan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar o‘z faoliyatini boshlagani haqida xabar berilgan edi.
1 maydan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar o‘z faoliyatini boshlagani haqida xabar berilgan edi.

Deputat islom moliyasi haqida qonun qabul qilishni taklif etdi. Taniqli iqtisodchi O‘zbekistonda kambag‘allikning asosiy sababi va unga qarshi kurashish yo‘lini aytdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Oliy Majlis deputati: Islom moliyasi bo‘yicha qonunchilik asoslarini yaratish vaqti keldi

An’anaviy moliya tizimiga muqobil ravishda islom moliyasini joriy etishga qaratilgan qonunchilik asoslarini yaratish vaqti keldi deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Farhod Zayniyev (“Milliy tiklanish” gazetasi, 10 iyun).

“Agar biz fuqarolarimizning ma’lum bir qismi diniy e’tiqodidan kelib chiqqan holda bank xizmatlaridan foydalanishni istamayotganini inobatga olsak, islomiy moliyalashtirish tamoyillariga asoslangan bank xizmatlari ana shu qatlam omonatlarini iqtisodiyotga jalb etish, ulardan esa oqilona foydalanish uchun katta imkoniyat yaratadi”, - deb yozadi deputat.

Qayd etilishicha, ayni paytda islom moliyasi ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiy o‘sishning asosiy omili bo‘lmoqda. Hattoki, dunyoviy davlat bo‘lsa-da, aksariyat fuqarolari nasroniy bo‘lgan Buyuk Britaniyaning 20 dan ortiq banklarida mijozlarga islom moliyasi mahsulotlari va xizmatlari taklif qilinmoqda.

F.Zayniyevga ko‘ra, islom moliyasi mahsulotlaridan foydalanish uchun amaldagi bank qonunchiligi, soliq va fuqarolik kodekslariga hamda boshqa qonunosti hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish yoki alohida qonun qabul qilish lozim.

Avvalroq O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, yuridik fanlar doktori, professor Omonboy Oqyulov ham yangi tahriri ustida ishlanilayotgan Fuqarolik kodeksiga islomiy moliya mexanizmlari hamda oldi-sotdi qoidalari kiritishni taklif etgan edi.

Islom diniga e’tiqod qiluvchilar uchun sudxo‘rlik og‘ir gunohdir. Binobarin, ular e’tiqodiga to‘g‘ri keladigan shartnoma konstruktsiyalari Fuqarolik kodeksida o‘z ifodasini topishi lozim, deya fikr bildirgan professor O.Oqyulov.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov kambag‘allikka qarshi kurashishning eng samarali yo‘lini aytdi

O‘zbekistondagi kambag‘allik – oxirgi chorak asrda juda sekin iqtisodiy o‘sishning natijasi, deb yozadi AQShning Viskonsin universiteti doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov o‘z Telegram sahifasida.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston kambag‘allikni qisqaritish uchun alohida dasturlar o‘ylab chiqishi shart emas, asosiy urg‘u iqtisodiy o‘sishga qaratilsa bas.

B. Hoshimovga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekistonda kishi boshiga o‘rtacha daromad yiliga atigi 47 dollarga ko‘paydi. Bu esa dunyodagi o‘rtacha o‘sish sur’atidan 5 baravar kam ko‘rsatkich.

Ta’kidlanishicha, mamlakatda kambag‘allikni qisqartirishning yagona yo‘li –juda og‘riqli va kuchli siyosiy irodani talab etuvchi islohotlarni amalga oshirishdir.

Mutaxassis bu borada erkin savdo, adolatli xususiylashtirish, antimonopol qonunlar, mulk daxlsizligi, adolatli va professional sud, davlat moliyasi shaffofligi, Markaziy bank mustaqilligi, subsidiya va imtiyozlar hamda iqtisodiyotni planlashtirishdan voz kechish muhim ekanini ta’kidlaydi.

Adliya idorasi xususiy notariuslarga o‘gay munosabatda bo‘lmoqda

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar hamon adliya organlarining ta’siri ostida ishlayotganliklari va moliyaviy mustaqilligi ta’minlanmaganidan shikoyat qilmoqda (www.kun.uz, 9 iyun).

Joriy yil 1 maydan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar o‘z faoliyatini boshlagani haqida xabar berilgan edi. Oradan bir oydan oshiq vaqt o‘tib, ushbu tizimda ayrim muammolar yuzaga chiqa boshladi.

“Hisob raqamlarimizga pul tushirishmayapti, xodimlarimizga oylik berishimiz kerak, o‘zimiz ham maosh olganimiz yo‘q”,- degan tahririyatga murojaat qilgan notariuslardan biri.

Qayd etilishicha, Adliya vazirligi tomonidan respublikadagi notariuslar uchun tashkil etilgan Telegram guruhida bir necha marta tushuntirish so‘ralgan, hali tayinli javob berilmagan.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 martdagi 156-son qaroriga muvofiq, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan undiriladigan davlat bojining taqsimoti belgilandi. Unga ko‘ra, davlat boji tushumbning 80 foizi tumanlar (shahar) byudjetiga, 10 foizi Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga, qolgan 10 foizi esa xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning bankdagi hisobvarag‘iga yo‘naltirilishi kerak.

Ammo hozirda aynan 10 foizi va boshqa tushumlar ularning hisob raqamiga emas, avvalgi davlat notarial idoralari notariuslari uchun belgilangan g‘azna hisobvaraqlarida jamlanmoqda. Mazkur muammo respublikaning deyarli barcha hududlaridagi notariuslar faoliyatida kuzatilayotganligi aniqlandi.

“Har jabhada qonun ustuvorligi ta’minlanishi tarafdori bo‘lgan vazirlikning bugunga kelib “o‘gay”ga aylangan tizimiga nisbatan bu yo‘sinda ish tutishini qanday baholash mumkin?” deb yozadi Kun.uz nashri.

XS
SM
MD
LG