Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:29

Belarus prezidentligiga nomzod Tixanovskaya Minskni muloqotga chaqirdi


Svetlana Tixanovskaya
Svetlana Tixanovskaya

Belarus prezidenti saylovida prezidentlikka nomzod sifatida ishtirok etgan va saylovning rasmiy natijalariga ko‘ra ikkinchi o‘rinni egallagan Svetlana Tixanovskaya mamlakat hokimiyatini munozarali prezident saylovi ortidan yuzaga kelgan siyosiy bo‘hronni tinch hal qilish uchun muloqot boshlashga chaqirdi.

25 avgust kuni video orqali Yevropa parlamentining Tashqi ishlar qo‘mitasi oldida so‘zlagan Tixanovskaya Belarus rasmiylarini aholining siyosiy huquqlarini himoya qilishga, barcha siyosiy mahbuslarni qo‘yib yuborishga hamda «zo‘ravonlik va tahdidlarni» to‘xtatishga chaqirdi.

9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylov natijalari e’lon qilinishi ortidan Litvaga qochib o‘tishga majbur bo‘lgan Tixanovskaya:

- Belarus uyg‘ondi. Biz endi muxolifatdagi ozchilik emas, balki ko‘pchilikni tashkil qilamiz, - dedi.

Tixanovskaya yakshanba kuni 200 mingdan oshiq odam norozilik namoyishiga chiqqanini qo‘shimcha qildi.

Muxolifatchi, shuningdek, boshqa davlatlarni mamlakat suvereniteti va hududiy birligini himoya qilgan holda Belarus xalqining ochiq va adolatli saylov natijalariga erishish istagini qo‘llashga chorladi.

- Xalq irodasi sinmaydi. Dialog orqali ochiq va adolatli saylovlarga erishish istagimizni izhor qilaman, - dedi u.

Belarusda 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovda amaldagi prezidenti Aleksandr Lukashenko g‘olib chiqqani e’lon qilinganidan beri mamlakatda norozilik namoyishlari to‘xtamayapti.

Tixanovskaya rasmiylarning namoyishchilar zo‘ravonlikka qo‘l urgani aytar ekan, tartibsizliklarni namoyishchilar keltirib chiqargani haqidagi iddaolarini rad etdi.

- Bu demokratik inqilob, aholining erkin va ochiq saylash istagi, - dedi u.

Bu orada Belarus rasmiylari muxolifat tuzgan Muvofiqlashtirish kengashi hamda namoyishchilarga qarshi bosimni kuchaytirmoqda.

Tixanovskayaning Belarusdagi asosiy namoyandasi Volga Kovalkova hamda namoyishlarni uyushtirishda qatnashgan Sergey Dilevskiy 25 avgust kuni sudda ko‘rsatma berdi. Ular Minsk traktor zavodida ruxsat berilmagan namoyishni uyushtirishga urinishda ayblanmoqda.

O‘tgan haftada Belarus muxolifati muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil qilgan edi. Bu holatni Lukashenko «hokimiyatni bosib olishga urinish», deb baholadi. Prokurorlar esa kengash a’zolariga qarshi jinoyat ishlarini ochdi.

Lukashenko mamlakat armiyasini to‘liq jangovar shay holatga kelishni buyurdi. Bu esa avtoritar prezident misli ko‘rilmagan namoyishlarni kuch ishlatib bostirishi mumkinligi haqida xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlangan Belaruslik yozuvchi Svetlana Aleksiyevich 26 avgust kuni sudga chaqirildi. Yozuvchi saylov natijalari soxtalashtirilganini aytib keladi.

Lukashenko Belarusda namoyishlar uyushtiruvchilari bilan sodir bo‘ladigan har qanday to‘qnashuvda Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti uni qo‘llashini ta’kidladi.

Yevropa Ittifoqi hamda AQSh saylovni tanqid qilib, namoyishchilarga qarshi ko‘rilgan choralarni qoraladi. Yevropa Ittifoqi Belarus rasmiylariga qarshi sanksiya joriy qilishi kutilmoqda.

Belarusdagi demokratik harakatni qo‘llash uchun Chexiya hukumati 400 ming yevro qiymatga ega birdamlik jamg‘armasini tuzdi. Bu mablag‘ yordamida namoyishlarda zo‘ravonlik qurboni bo‘lganlarga yoki ishsiz qolganlarga yordam ko‘rsatiladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG