Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:15

Muhammadali Abduqunduzovning Injilga ovoz berishdan voz kechish qarori tarmoqlarda turlicha qarshilandi


Xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov
Xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov

O‘zbek milliy akademik drama teatrining taniqli aktyori Muhammadali Abduqunduzov 15 - oktabr kuni Facebook sahifasida Injil kitobi audio variantiga ovoz berishni to‘xtatganini e’lon qildi.

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti¸Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori bo‘lgan Abduqunduzovning ushbu qarori ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama mavzusiga aylandi.

Taniqli san’atkor va arbob o‘tgan hafta ko‘zi ojizlar uchun nasroniylar muqaddas kitobini ovozlantirish loyihasini boshlaganini bildirgan edi.

Ushbu xabar ortidan Abduqunduzov ijtimoiy tarmoqlarda dindorlarning keskin tanqid va tahdidlari ostida qoldi.

Konservativ dindorlar Abduqunduzovning Injil audiokitobini o‘qishni to‘xtatganini "xatosini anglab yetish"¸ "to‘g‘ri yo‘lga qaytish" deb olqishlayotgan bo‘lsa¸dunyoviy davlat tarafdorlari buni «radikallarning yana bir tantanasi» sifatida talqin qilmoqda.

Tazarru?

O‘zbekistonliklar orasida Bobur¸ Qodiriy¸ Cho‘lpon kabi atoqli siymolarni gavdalantirgan rollari orqali tanilgan aktyor Muhammadali Abduqunduzov 15 - oktabr tunida yozgan Facebook postida nasroniylarning muqaddas kitobi - Injilni audio kitob uchun o‘qish loyihasidan voz kechganini bildirdi.

Ma’lumingizkim, yangi loyiha ustida ish jarayonlari boshlangan edi. Ushbu jarayonni yoritish maqsadida izohli rasm qoldirilgandi. Ammo avvalambor, bu ish, islomiy jihatdan kufr sanalgani, muqaddas dinimizda ushbu loyiha uchun ruxsat yo‘qligi va muxlislarning fikrlarini inobatga olib, ushbu loyihadagi ishtirokimni to‘xtatganimni rasman e’lon qilmoqchiman!”¸ deb yozdi Abduqunduzov.

Aktyor o‘tgan hafta Facebook sahifasida “ko‘zi ojizlar uchun muqaddas kitob-Bibliyani audiolashtirish jarayoni”dan ayrim suratlarni qo‘ygan edi.

Olloh taolo tomonidan nozil bo‘lgan va aytilgan oyatlarni kamina xodimingiz Muhammadali Abduqunduzov o‘qiydi!!!”, deyilgan edi bu postda.

15 - oktabrga kelib o‘chirilgan bu post o‘zbek segmentida ayrim foydalanuvchilarning qattiq tanqid va hujumlariga uchradi.

Ijtimoiy tarmoqdagi sharhlarda taniqli aktyorni "murtad"ga chiqarishga uringanlar va “bunday san’atkorlarga janoza o‘qimaslik” kabi keskin takliflarni ilgari surganlar bo‘ldi.

15 - oktabr kungi postida aktyor bundaylarni “tiliga erk berganlar” deb atadi va “diniy muomala madaniyatini unutganlarga Yaratgandan insof so‘rash”ini yozdi.

“Mening muxlisim shu xalq..."

16 - oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Muhammadali Abduqunduzov Injilni ovozlantirish haqidagi postining bu qadar “shov-shuvga” sabab bo‘lganidan o‘zi ham taajjubga tushganini yashirmadi.

Ayni paytda 68 yashar aktyor Injil loyihasidan 46 yillik ijodi davomida orttirgan "muxlislarini yo‘qotmaslik uchun" voz kechganini bildirdi.

- Men Konfutsiyning ko‘pchilik bilan maslahatlash¸ kamchilik bilan fikrlash¸ ammo qarorni o‘zing ber¸ degan gapiga amal qilaman. Bu loyiha muxlislarimning kattagina qismini ranjitishini istamadim. 46 yillik halol mehnat bilan topgan imijimni bir kunda yo‘qotishni istamadim. Maslahat¸ tavsiyalar bo‘ldi¸ ko‘pchilikning fikriga quloq solishga qaror qildim. Shuning uchun Injilni o‘qishni to‘xtatdim¸ - dedi taniqli san’atkor.

Muhammadali Abduqunduzov o‘zining sadoqatli muxlislarida “qizg‘anish” kuchli ekani¸ ular Bobur Mirzo siymosiga aylangan aktyorni "boshqa rollarda ko‘rish va eshitishni istamasligi"ni qo‘shimcha qildi.

- Mening san’atdagi birinchi yirik rolim videofilmdagi Bobur Mirzo obrazi edi. Mana, 30 yildan beri meni aksar muxlislarim Bobur Mirzo siymosi deb bilishadi va boshqa rol o‘ynashimni istashmaydi. Qizg‘anishadi. Shuning uchun har safar rol olishdan oldin muxlislarim hafsalasini pir qilmaslikni o‘ylayman¸ asosan¸ tariximizdagi ijobiy qahramonlarni olaman.

Ikki qutbga bo‘lingan muxlislar

Muhammadali Abduqunduzovning Injilni ovozlantirish loyihasidan voz kechgani uning muxlislari tomonidan ikki xil qarshi olindi.

Konservativ dindor qatlam¸ aktyorni “tirikligida to‘g‘ri yo‘lga qaytgani” bilan olqishlamoqda.

Rahmat sizga ustoz, mo‘min kishiga aybini tan olgani uchun ham ajr yoziladi. Sizga bo‘lgan hurmatimiz yanada oshdi. Bobur Mirzo siymosi deganda doim sizni hurmat bilan eslaymiz. Alloh hidoyat qilgan bulsin!”, deb yozdi aktyor muxlislaridan biri.

Ayni paytda¸ ayrim radikal qarashdagi musulmonlar aktyorning bu “pushaymoni” samimiyligini savol ostiga oldi.

Agar murtad bo‘lib ulgurgan bo‘lsangiz bu gaplaringiz qaytishga o‘tmaydi, ulamolar bilan maslaxatlashing. Gapingizda uzil kesil pushaymonlik yo‘q”¸deb yozdi Facebook yuzerlaridan biri.

O‘zbekiston dunyoviy davlat ekanini eslatayotgan liberal qatlam esa¸ taniqli aktyorning Injilni ovozlantirishdan voz kechganiga “bekor qilibsiz” qabilida munosabat bildirmoqda.

Dunyoviy jamiyatda hech kimsaning aktyorga e’tiroz bildirishga haqqi yo‘q. U kasbi orqasidan pul ishlayapti, xolos. Bu uning huquqi”¸ deb yozdi sharh qoldirganlardan biri.

Siz tarafdan juda mantiqsiz harakat bo‘libti. O‘zbekiston dunyoviy davlat, bu yerda xristian diniga e’tiqod qiladigan ko‘zi ojizlar bo‘lishi mumkin. Nimaga ular davlat tilida, o‘zlarining diniy kitoblarini eshitishdan mahrum bo‘lishi kerak? Sizning diniy qarashingizning dublyaj ishiga qanday daxli bor? Umuman tushunmadim... Sizni “eski maktab”ni ko‘rgan mahoratli artist sifatida qabul qilib, chuqur hurmat qilar edim. Endi esa, ko‘z oldimda diniy qarashlar manipulatsiyasiga yengiltaklik bilan beriluvchan bir primitiv shaxs bo‘lib qoldingiz men uchun. Essiz ”, deb yozdi muxlis.

San’at – dunyoviy va diniy qadriyatlar to‘qnashuvi sahnasiga aylanmoqda

O‘zbekiston konstitutsiyasining 31-moddasida:

- Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi¸ deb yozilgan.

Tahlilchilar so‘nggi yillarda din davlatdan ajratilgan O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy, ayniqsa¸madaniy hayotiga diniy nuqtai nazardan kelib chiqib baho berish tendensiyasining kuchayib borayotganiga e’tibor qaratmoqda.

Hukumatning bu jarayonga oid xavotirlari¸ uni to‘xtatish uchun rejalagan harakatlar dasturi Ozodlik chop qilgan prezident maxfiy qarori va unga ilova etilgan "Yo‘l xaritasi"da aks etgan edi.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelib¸ diniy erkinlik borasidagi siyosat bir qadar yumshashi ortidan ijtimoiy tarmoq va mahalliy matbuotda¸ayniqsa¸ san’atkorlarni Islomga amal qilmagani uchun qoralash¸ virtual sazoyi qilish kampaniyasi tez-tez bo‘y ko‘rsata boshladi.

Ijtimoiy fikrdagi bunday bosim ortidan ayrim seriallar namoyishi to‘xtatildi¸ boshqa ba’zi kino va seriallardan o‘pishish yoki “avrati ochildi” deb ko‘rilgan sahnalar qaychilandi.

Xususan¸ diniy ruhdagi mahalliy nashrlarda “ZO”R- TV” kanalida namoyish qilingan “Sevgi iztirobi” filmini turkchadan o‘zbekchaga dublyaj qilgan aktyorlar guruhi tahdid nishoni bo‘lgan¸ ularning ishi “haromligi”¸ ularning “bolasiga harom luqma yedirgani” haqida yozilib, aktyorlarni sazoyi qilishga chaqirilgan edi.

Seriallarga ovoz berayotgan aktyorlar mahalliy nashrlar tomonidan “millatning ashaddiy xoinlari va munofiq”qa chiqarilishi ortidan ayrim san’atkorlar dublyajda ovoz berishni to‘xtatganini bildirgan edi.

Bu ketishda san’atni yig‘ishtirib, g‘isht tashiyman. Yo Alisher Navoiy, yo Shukur Burxonov davrida yoki bir necha asrdan keyin tug‘ilishim kerak edi...”¸ degan edi turk serialini o‘zbekchalashtirgani uchun tanqidga uchragan aktyor Alisher Uzoqov.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG