Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 09:45

AQSh O‘zbekistonni diniy erkinliklar bo‘yicha maxsus kuzatuvdan chiqardi - munosabat


Toshkent yaqinidagi masjid - avgust, 2018
Toshkent yaqinidagi masjid - avgust, 2018

7 - dekabr kuni AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo nomidan e’lon qilingan bayonotda O‘zbekiston "qonunlarni jasorat bilan isloh qilgan va amaliyotga tadbiq etgan" davlat sifatida ta’riflandi va diniy erkinliklar bo‘yicha maxsus kuzatuvdan chiqarilgani aytildi.

Departamentning shu yil iyunda e’lon qilgan yillik hisobotida O‘zbekiston diniy erkinlik bo‘yicha “real progress”ga erishayotgani uchun olqishlangan, ammo qator muammolar mavjudligi qayd etilgan holda, maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatida qoldirilgan edi.

Ayni paytda AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi ham (USCIRF) O‘zbekistonni “yomonlarning yomoni” ro‘yxatidan chiqargan, ammo hanuz diniy erkinliklar jiddiy ravishda buzilayotgan maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatida qoldirgan.

Pompeo: O‘zbekiston qonunlarni jasorat bilan isloh qildi

AQSh Davlat departamenti 2020 - yilning iyunida O‘zbekiston diniy erkinlik bo‘yicha “real progress”ga erishayotgani, “muhim qadamlar” tashlayotganini olqishlagan, ammo qator muammolar mavjudligini qayd etgan holda, maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatida qoldirgan edi.

Hisobotda mamlakatda hamon diniy erkinlikni cheklash amaliyoti kuzatilayotgani, jumladan, erkaklarning soqolini majburan qirdirish, ayollarning hijobini yechtirish kampaniyasi, ro‘molli o‘quvchilar hamda hijobli talabalarni ta’lim dargohlariga kiritmaslik hollari kuzatilgani alohida tilga olingandi.

7 - dekabr kuni AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo nomidan e’lon qilingan bayonotda O‘zbekiston maxsus kuzatuvdan chiqarilgani e’lon qilindi:

“Men hukumatlar tomonidan so‘nggi bir yilda erishilgan sezilarli va aniq yutuqlar ortidan Sudan va O‘zbekiston maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatidan chiqarilganini mamnuniyat bilan e’lon qilaman. Ularning qonunlarni jasorat bilan isloh qilganlari va amaliyotga tadbiq etganlari boshqa davlatlarga o‘rnak bo‘lib xizmat qiladi”.

Stiv Sverdlou: Qonunchilikda hanuz jiddiy cheklovlar bor

Shu kunlarda O‘zbekistonda xizmat safarida bo‘lgan inson huquqlari himoyachisi - Janubiy Kaliforniya universitetining inson huquqlari bo‘yicha professori va AQSh Kongressining Inson huquqlari bo‘yicha eksperti Stiv Sverdlouning fikricha, O‘zbekistonda dindorlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda:

“Inson huquqlari himoyachisi sifatida so‘nggi yillarda nasroniy jamoalar ro‘yxatga olinayotganini olqishlayman. Nasroniy jamoalar ustidan reydlar, Injil yoki boshqa diniy adabiyotlarni musodara qilish holatlari ham kamaygan - bu birinchi jihat. Ikkinchi jihat - diniy jamoalarni ro‘yxatga olish jarayoni biroz yengillashtirildi. Lekin bu yengilliklar aslida Karimov davridan beri saqlanib kelgan cheklovlarning tub mohiyatini o‘zgartirgani yo‘q - missionerlik faoliyati, uyda yoki masjiddan boshqa joyda diniy mavzuda gaplashish, fikr almashish hanuz jinoiy harakat hisoblanadi. Nazarimda, AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonni maxsus kuzatuvdan chiqarish bilan rasmiy Toshkentga keyingi oldinga qadamlar uchun motivatsiya berishga qaror qildi”.


Ayni paytda huquq faoli O‘zbekiston boshqa bir nufuzli ro‘yxat – AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi ro‘yxatida qolayotganini xotirlatdi.

Sverdlouga ko‘ra, O‘zbekiston bu ro‘yxatda hanuz “maxsus kuzatuvdagi davlat” sifatida qolmoqda. Bu komissiyaning hisoboti, AQSh Davlat departamenti hisobotidan mustaqil ravishda e’lon qilib boriladi.

“O‘zbekiston qonunchiligidagi cheklovlar hanuz juda jiddiy. Shuningdek, O‘zbekiston qamoq va hibsxonalarida hanuz diniy e’tiqodi uchun qamalgan, qiynoqqa tutilgan mahbuslar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Bu insonlar taqdiri bilan bog‘liq ko‘plab hal qilinmagan masalalar bor. Ehtimol, bunday mahbuslar soni hanuz minglabni tashkil qilar”.

Stiv Sverdlouning qayd etishicha, O‘zbekistonda hanuz bir guruh odamni diniy motivdagi ayblovlar bilan qo‘lga olish yoki sudlash jarayonlari yopiq holda davom etmoqda, ammo bunday amaliyot ko‘lami ancha toraygan.

Ayni paytda huquq faoli, yaqinda Toshkent va Vashington rasmiylari o‘rtasida o‘tgan muloqot paytida qayd etilgan bir raqamni tilga oldi: so‘nggi 6 yil ichida O‘zbekistondagi jami mahkumlar soni 44 ming nafardan 23 ming nafarga kamaygan.

“Bu degani, qamoqxonalardagi dindor mahbuslar soni ham teng yarmiga ozaygan, degani. Yana bir holat, keyingi yillarda qamoqda o‘tirgan dindorlarning muddatiga muddat qo‘shib berish amaliyoti kuzatilmayapti, uzoq muddatlarga qamash hollari ham kamaygan. Qamoqda qolayotgan dindor mahkumlarning ko‘pchiligi 20, 27, 19 yillab jazoga hukm qilinganlardir”.

"Diniy erkinliklardan qo‘rqmaslik kerak"

O‘zbekistonlik taniqli bloger, Islamonline.uz vebsayti asoschisi Adham Otajonov (ijtimoiy tarmoqlardagi taxallusi Abu Muslim) Davlat departamenti xulosalarini quvvatlashini bildirdi.

Uning fikricha, keyingi yillarda mamlakatda diniy erkinliklarning ahvoli ancha yaxshilangan:

“Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan beri diniy holat ancha yaxshilandi. Islom Karimov davrida namoz o‘qigani uchun minglab odam terrorist, deb qamalgan edi. Shuning uchun ham ba’zi yoshlar radikallashib ketdi. Hozirga kelib, diniy erkinliklar yo‘lida qilingan ishlar, xizmatlar samara berayotganidan xursandman. Masalan, bolalarning masjdiga kirishi, ko‘chalarda hijobda yurish, diniy mahbuslarning ozodlikka chiqishi va hokazo”.

Ammo Otajonovga ko‘ra, hali qilinadigan ishlar ko‘p, xususan, diniy ta’limga oid qator masalalar hanuz hal bo‘lgani yo‘q:

“Masalan, o‘quv yurtlarida hijob, diniy ta’lim, ayollarning masjidlarga bemalol kira olish huquqi kabi masalalar o‘z yechimini kutib turibdi. Bundan tashqari, halol yashash, halol pul topish, halol oziq-ovqatlar bo‘yicha ham qilinadigan ishlar shular jumlasidandir. Davlat diniy erkinliklardan qo‘rqmasdan, ular uchun keng yo‘l ochar ekan, bu faqat davlatimiz rivoji foydasiga ishlaydi. Diniy erkinliklar bor jamiyatlarda yoshlarning radikallashuv ehtimoli yo‘qqa chiqadi”.

Diniy va dunyoviy erkinlik

Ismini sir saqlash sharti bilan Ozodlik savollariga javob bergan o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist, keyingi paytlarda mamlakat aholisi, ayniqsa yoshlar orasida dindorlashayotgan va dinsizlashayotgan qatlam orasidagi farq kattalashib bormoqda, degan kuzatuvni ilgari surdi.

Jurnalist fikricha, bu mamlakatda rahbar almashganidan beri paydo bo‘lgan nafaqat diniy, balki umumiyatla, erkinliklarning natijasidir.

“Rejim almashishi bilan jamiyatda paydo bo‘lgan yengillik va yangi rahbar ayrim sohalarda bergan erkinlik – nafaqat dindorlarga, umuman, tarmoqlardagi juda jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lyapti. Dindorlar o‘ta islomiylashib ketyapti - soqol qo‘ygan, oilasiga hijob kiydirgan, islomiy to‘ylar qilgan va hokazo. Bu qatlam qattaroq. Lekin tobora dinsizlashib ketayotgan qatlam ham bor. Masalan, tarmoqlarda har-xil rasmlar qo‘yadigan va ochiq kiyinadigan qizlari, hatto kelinlari bor oilalar ko‘paygan, to‘ylardagi bazmi jamshidlarni ko‘rib o‘tiribmiz Telegramda. Xullas, turli qatlamlar orasidagi farq kattalashib ketyapti. Men, masalan, har ikki qatlamda ham mutaassiblik bo‘lishi kerakmas, biz o‘zimizning ana’anaviy mo‘’tadil o‘zbekona madaniyatimiz bilan yashashimiz kerak, deb hisoblayman.”

XS
SM
MD
LG