Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:15

AQSh va Rossiya: Ukraina muzokaralari oldidan kelishmovchilik chuqurlashmoqda


Prezident Bayden va Davlat kotibi Blinken Prezident Putin bilan videokonferensiya tarzidagi muloqotda. Oq uy, Vashington, 7 - dekabr, 2021
Prezident Bayden va Davlat kotibi Blinken Prezident Putin bilan videokonferensiya tarzidagi muloqotda. Oq uy, Vashington, 7 - dekabr, 2021

Jo Bayden va Vladimir Putin o‘rtasida Ukraina chegarasida Rossiya qo‘shinlari to‘planishi masalasida o‘tgan keskin muloqotdan so‘ng, har ikki tomon yanvar oyida bo‘ladigan diplomatik muzokaralar chog‘ida keskinlik yumshashiga umid qilayotganliklarini aytmoqda.

“Associated Press” agentligining yozishicha, tobora chuqurlashib borayotgan diplomatik inqirozdan chiqish yo‘lini topish istiqbollari savol ostida qolgan.

Bayden juma kuni jurnalistlarga bildirishicha, bir kun avval Putin bilan bo‘lgan muloqotida “agar Rossiya yetakchisi yaqin kunlarda “keskinlikni pasaytirsa” bo‘lajak muzokaralar samara berishi mumkinligini” aytgan. Shuningdek, AQSh prezidenti Putinga, agar ruslar Ukrainaga bostirib kirishda davom etsa, AQSh va uning ittifoqchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalar bilan javob qaytarishga tayyorligini bildirgan.

“Men prezident Putinga, agar u Ukrainaga yana bir qadam qo‘ygudek bo‘lsa, bizning qattiq sanksiyalarimiz bilan ro‘baro bo‘lishini aniq tushuntirdim. Biz NATO ittifoqchilari bilan Yevropadagi harakatlarimiz ko‘lamini oshiramiz"- deya Bayden so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda AP .

2 - yanvar kuni Prezident Jo Bayden Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbat qildi. Unda AQSh Ukraina chegaralarida Rossiya harbiy kuchlari to‘planishi masalasida Kiyevni qo‘llab-quvvatlashiga, agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, AQSh va uning ittifoqchilari bunga "qat’iy javob qaytaradi"- deya ishontirdi.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki ikki yetakchining nutqidan so‘ng bergan bayonotida, Bayden “AQShning Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi”- deya ma’lum qildi.

“Rahbarlar kelasi haftadan boshlab ikki tomonlama strategik barqarorlik bo‘yicha muloqot, NATO-Rossiya kengashi, NATO va Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti doirasidagi diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar”,- dedi Psaki.

Zelenskiy Ukraina Qo‘shma Shtatlarning “ikkilanmasdan” ko‘rsatayotgan yordamini qadrlashini aytib, Ukraina va boshqa sheriklar o‘rtasidagi “Yevropada tinchlikni saqlash, yanada keskinlashuvning oldini olish, islohotlar va deoligarxizatsiya” borasidagi hamkorlikni muhokama qilganini qayd etdi.

Bu Bayden va Zelenskiy o‘rtasidagi Oq uy Rossiya Ukraina chegarasi yaqinida qo‘shinlarini to‘plash masalasini hal qilishga urinishlari fonida uch hafta ichidagi o‘tkazilgan ikkinchi qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya 2022 - yil boshida ehtimoliy bosqinga tayyorgarlik ko‘rgan va Kiyev rasmiylari Rossiya yaqin haftalarda Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Vakillar palatasining razvedka qo‘mitasi raisi Adam Shiff Vladimir Putinning Ukrainaga bostirib kirish niyatidan tashvishlanayotganini va "Rossiyani misli ko‘rilmagan qaqshatqich sanksiyalardan boshqa hech narsa to‘xtata olmasligini" aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "agar Rossiya bostirib kirsa, bu (NATO)ni Rossiyadan uzoqlashtirmaydi, aksincha yanada yaqinlashtiradi”. Aynan shu faktorni anglashning o‘zi ham yetarlicha to‘xtatuvchi omil bo‘lishi mumkin.

Baydenning Zelenskiy bilan suhbati 30 - dekabr kuni Bayden va Putin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Unda Bayden Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, AQSh va uning ittifoqchilari unga qarshi qattiq sanksiyalar qo‘llashini bildirgan.

Qo‘ng‘iroq chog‘ida Bayden Putinni Ukrainaga bostirib kirishdan ogohlantirgan, Kreml rahbari esa Moskvaga qarshi sanksiyalar “katta xato” bo‘lishini aytdi. Biroq har ikki yetakchi diplomatiyani davom ettirishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Avvalroq, Rossiya Qo‘shma Shtatlar va NATOdan keng qamrovli xavfsizlik kafolatlarini, jumladan, Ukraina va boshqa sobiq Sovet davlatlari NATOga qo‘shilmasligini hamda Markaziy va Sharqiy Yevropada harbiy qurollar joylashtirishni to‘xtatishni talab qildi. Putin G‘arbni talablarni “zudlik bilan” bajarishga chaqirgan.

Rossiya chegara yaqinida o‘z qo‘shinlarini joylashtirganini izohlar ekan, Rossiya o‘z "ostonasiga" bo‘layotgan NATOning tajovuzkorligiga befarq qarab turmasligini bildirgan.

AQSh Rossiyani Moskva va Kiyev o‘rtasidagi keskin qarama-qarshilik bo‘yicha bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralarda “mazmunli ishtirok etishga” chaqirdi.

Muzokaralarning uch raundidan birinchisi 9-10 - yanvar kunlari Jenevada bo‘lib o‘tadi. Tomonlar ikki taraflama Strategik Barqarorlik Muloqoti doirasida qurol nazorati va Ukrainadagi keskinlikni muhokama qiladilar.

Shundan so‘ng 12 - yanvar kuni Bryusselda Rossiya-NATO Kengashining alohida yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Yana bir yig‘ilish bir kundan so‘ng Venada AQSh, uning Yevropadagi ittifoqchilari, Ukraina va boshqa davlatlarni o‘z ichiga olgan YXHT doirasida bo‘lib o‘tadi.

AQShning yetakchi rasmiylari boshchiligida o‘tadigan Jeneva muzokaralari ortidan Rossiya-NATO Kengashi va Rossiya-Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Sobiq prezidentlar Barak Obama, Jorj Bush va Bill Klintonning Sharqiy Yevropa bo‘yicha bosh maslahatchisi va AQShning Polshadagi sobiq elchisi bo‘lib ishlagan Deniel Frid “Kelgusi ikki hafta og‘ir bo‘ladi. Bayden ma’muriyati muzokaralarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha juda ishonchli qadam tashladi. Ammo, eng og‘ir sinov hali oldinda, chunki Putin bizning qanchalik qat’iyatli ekanligimizni ko‘rish uchun tahdid qilishda davom etadi”-deya o‘z fikrini bildirdi.

Bayden Rossiyani jiddiy sanksiyalarni qo‘llash haqida yana bir bor ogohlantirgan edi. O‘z o‘rnida Kreml rasmiylari bu AQShning "katta xato"si bo‘lishini va shundog‘am qil ustida turgan AQSh-Rossiya munosabatlarini barbod qilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Juma kuni Putinning yordamchisi Rossiya xavfsizlik kafolatlari talablarida qat’iy turishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva NATOning kelajakdagi har qanday kengayishi Ukraina va boshqa sobiq ittifoq davlatlarini chetlab o‘tishini xohlaydi. Shuningdek, alyansni Rossiyaga qo‘shni davlatlardan hujum qurollarini olib tashlashini talab qiladi.

“Biz ilgari surgan tashabbuslarimiz oxiri yo‘q muhokamalar bilan qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Agar konstruktiv javob qaytarilmasa va G‘arb o‘zining agressiv yo‘nalishida davom etsa, Rossiya strategik muvozanatni saqlash va o‘z xavfsizligiga tahdidlarni bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi kerak bo‘ladi”- dedi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Bayden ma’muriyati va NATO ittifoqchilari Rossiyaning talablari bo‘yicha harakat boshlanmasligini aniq bayon qildi.

Vashingtondagilarning ayrimlari muzokaralar samarali bo‘lishi mumkinligi borasida ishonchi komil emas.

Baydenning Putin bilan muloqotidan so‘ng, 24 nafar sobiq AQSh milliy xavfsizlik amaldorlari va Rossiya bo‘yicha ekspertlardan iborat guruh, Obama Jorj Bush va Klinton ma’muriyatining bir necha rasmiylarini o‘z ichiga olgan guruh – bayonot chiqargan. Unda Baydendan agarda Putin kurashni davom ettirsa, Rossiyaga qanday choralar ko‘rilishini ochiqlash so‘ralgan.

"Biz Qo‘shma Shtatlar NATOdagi ittifoqchilari va Ukraina bilan yaqindan maslahatlashgan holda, Rossiya rahbariyati harbiy kuchlarni yanada kuchaytirmasidan oldin, Kremlning xarajatlar va foyda bo‘yicha hisob-kitoblariga ta’sir qilish uchun zudlik bilan choralar ko‘rishi kerak deb hisoblaymiz", - deb yozadi guruh o‘z bayonotida.

“Bunday javob, agar Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, darhol qo‘llaniladigan jiddiy va qaqshatqich sanksiyalar paketini o‘z ichiga oladi. Kreml iqtisodiy zarbalar ko‘lamini aniq tasavvur qilishi uchun sanksiyalar rejasi Moskva e’tiboriga havola qilinadi”

O‘z navbatida ruslar Ukraina bilan ekzistensial tahdidga duch kelayotganliklarini da’vo qilishda davom etmoqdalar.

Juma kuni Lavrov Ukrainaga qurol yetkazib berish hajmi ortganini va G‘arb davlatlari tomonidan Ukraina bilan o‘tkazilayotgan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar soni va ko‘lami oshib borayotganini da’vo qildi. “Kiev rejimi bu yordamni tabiiy ravishda kuch ishlatish uchun vosita sifatida qabul qiladi”,- deya iddao qilgan Lavrov. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Ukraina sharqida yashovchi o‘z fuqarolarini himoya qiladi.

"Yuz minglab fuqarolarimiz yashaydigan Donbas aholisiga kelsak, Rossiya ularni himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. Kiyevning Donbasga qarshi ehtimoliy harbiy provokatsiyalariga munosib javob beriladi"- dedi u.

Украина: Мустақилликнинг 30 йили, инқилоблар, Евромайдон
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:43 0:00

Rossiya Donbas mintaqasi sharqidagi 2014 - yildan beri 14 mingdan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan ayirmachilar isyonini qo‘llab-quvvatlab keladi. So‘nggi yillarda Rossiya mintaqada yashovchilarga fuqarolikni taklif qilgan.

Dyuk universitetining Sovuq urush bo‘yicha diplomatik va xalqaro tarixchisi Saymon Maylsning aytishicha, Oq uyning "Rossiya bir tomonlama ravishda sodir bo‘layotgan voqealar sur’atini belgilashiga" imkon bergani xato.

"Qo‘shma Shtatlar Rossiyani tiyib turish va Kremlga kun tartibini belgilashga imkon qoldirmaslik uchun qiladigan har qanday chora ijobiy yechimni ta’minlash uchun muhim bo‘ladi",-deydi Mayls.

XS
SM
MD
LG