Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:13

Chirchiq IIB dan 22 yashar yigitning o‘ligi chiqdi. Rasmiylar gumondor o‘zini osganini aytmoqda


Hibsxona. Illyustrativ surat
Hibsxona. Illyustrativ surat

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi tergov izolyatorida 2001-yilda tug‘ilgan shaxs o‘sini osgan holda topilgani yuzasidan tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Shu yilning 30-noyabr kuni o‘g‘rilikda gumonlanib hibsga olingan A.O‘. 1-dekabr kuni o‘zini osgan holda topilgani, ammo uning burni singani va tanasida jarohat izlari borligi haqida dastlab mahalliy kengash deputati Jahongir To‘laganov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar qildi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, 2001-yilda tug‘ilgan fuqaro A.O‘. Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi (o‘g‘rilik, ko‘p miqdorda) va 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (firibgarlik, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblangan.

Gumondor 1-dekabr kuni soat tungi 02:30 larda gumondor kameradagi yopinchiq choyshabdan sirtmoq yasab, kamera oynachasining temir panjarasiga bog‘lagan holda o‘z joniga qasd qilgan.

Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limi bo‘yin qismi sirtmoq bilan siqilishi natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya oqibatida yuz bergan.

Toshkent viloyati IIBB ma’lumotiga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan tergovoldi surishtiruv jarayonlari boshlangan.

Ozodlik tasarrufidagi foto va videomateriallarda marhumning tanasida jarohat izlarini ko‘rish mumkin. Yaqinlariga ko‘ra, uning burni singan va tanasining turli joylarida qiynoq izlari mavjud. Shuningdek, tasvirlarda tananing shilingan va ko‘kargan joylarini ko‘rish mumkin.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, 2-dekabr kuni marhumning yaqinlari ekspertiza xulosalaridan norozilik sifatida uning jasadini ko‘mishdan bosh tortishgan. Shundan so‘ng marhumning otasi Ziyovuddin aka va uning oila a’zolariga tunda sodir bo‘lgan hodisaning video kuzatuv kameralarida qayd qilingan tasvirlari qo‘yib berilgan.

Qarindoshlar shundan so‘ng 2-dekabr kuni asr namozidan so‘ng marhumni tuproqqa berishgan.

Бўкада маҳбуснинг ўлими ва норозилик. ИИБ раҳбарияти ишдан олинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:05 0:00

Toshkent viloyati IIBB marhum A.O‘.ning o‘limi bilan bog‘liq xabarlarda uning muqaddam bosqinchilik va firibgarlik jinoyatlari bilan sudlangani, xavfli retsediv qilmish sodir etganiga urg‘u bermoqda.

Huquq faollariga ko‘ra, Chirchiq shahridagi tergov izolyatori ma’muriyati mahkum o‘z joniga qasd qilib, vafot etgan taqdirda ham javobgarlikdan soqit bo‘la olmaydi. Marhumning tanasidagi jarohatlarga izoh berilishi lozim.

Shuningdek, protsessual tartibda gumondor tariqasida ushlangan shaxsning muhofazasi izolyator ma’muriyati zimmasida bo‘lib, har qanday holatda ham ma’muriyat uning hayoti, sharoitlari va joniga qasd qilish omillari uchun mas’uldir.

Qiynoq iddaolari

Oxirgi hodisa so‘nggi yarim yilda Toshkent viloyati tergov izolyatorlaridan chiqqan ikkinchi o‘lim holatidir.

Shu yilning 7-iyulida Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida chorva o‘g‘irlashda gumonlangan 36 yoshli fuqaro Usmon Salimboyev IIB xodimlarining noqonuniy so‘roq qilishi va jarohat yetkazishi oqibatida vafot etgani yaqinlarining noroziligi va qiynoqlar bilan bog‘liq yangi muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati hodisaga aloqador ikki xodim hibsga olingani, tuman IIB rahbariyati esa ishdan bo‘shatilganini ma’lum qilgan.

Shu yilning 13-avgustiga o‘tar kechasi Toshkent shahar IIBB tergov izolyatoridan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “v” bandi (“Odam o‘g‘irlash”), 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Tovlamachilik”) va 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (“Bezorilik”)da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlangan 33 yashar D. U.ning jasadi chiqdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan marhumning jasadi va yaqinlarining ko‘zdan kechirish jarayonlari aks etgan videolavhada D.U.ning tanasida ehtimoliy qiynoq izlari - tanasining qoraygan, ko‘kargan joylari aks etgan.

Marhumning yaqinlariga ko‘ra, D.U. 12-avgust kuni soat 21.30 lar atrofida o‘z yashash xonadonidan Toshkent shahar IIBB jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan olib ketilgan va uning jasadi 14-avgustga o‘tar kechasi Toshkent shahar morgiga berilgan.

2021-yilning 26-iyun prezident Mirziyoyev farmoni bilan Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili qoshida Qiynoqlarga qarshi Milliy preventiv mexanizmlarni amalga oshirish guruhi tuzilgan.

Guruh zimmasiga jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlarning oldini olish, uning oqibatlarini o‘rganish masalalari yuklatilgan.

Biroq qiynoqlar bo‘yicha harakatlar strategiyasini muvofiqlashtiruvchi mazkur vakolatli guruh hozirga qadar Toshkent shahar IIBB binosidagi o‘lim holati yuzasidan munosabat bildirgani yo‘q.

Россиялик инвестор Тошкент ИИББда қийноққа солингани иддао қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:07 0:00

O‘tgan hafta guruhga boshchilik qiluvchi Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, qamoqxonalarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy bosim o‘tkazilganligi yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi yuzasidan 125 ta shikoyat kelib tushgan.

“Ushbu shikoyatlarning 64 foizi yuzasidan xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari hamda prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topmagan”, deyiladi hisobotda.

Hisobotda ayni paytda qiynoqlar bo‘yicha 37 ta shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotgani qayd etilgan.

Xalqaro tashkilotlar uzoq yillardan beri O‘zbekiston hukumatini qiynoqlarning oldini olishga chaqirib keladi. Jumladan, Hyuman Rayts Uotch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkiloti 24-may kuni e’lon qilgan hisobotida O‘zbekistonning vaqtincha tergov izolyatorlari va qamoqxonalarida qiynoqlar davom etayotgani aytilgan.

O‘tgan oy BMT Inson huquqlari kengashi O‘zbekiston hukumatini 2022-yil iyulidagi Nukus voqealarida ayblanib hibsga olinganlarga qarshi qiynoq qo‘llangani haqidagi da’volarni tekshirishga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG