Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2021, Тошкент вақти: 03:03

Gazdan uzilgan, ko‘mirga puli yo‘q aholi yoqishga dov-daraxt, Ekologiya esa jarimaga odam qidirmoqda


Havo haroratining keskin pasayishi ortidan gazdan uzilgan aksar aholi elektr ta’minotisiz ham qolmoqda

O‘zbekistonda havo harorati keskin pasayishi ortidan boshlangan energetik kollaps aholining kambag‘al qismini og‘ir ahvolda qoldirdi.

Keyingi kunlarda Ozodlikka turli viloyatlardan kelayotgan yuzlab murojaatlarda sovuqda qanday jon saqlash aholining asosiy muammosiga aylangani ko‘riladi.

Gaz va svet yo‘q¸ko‘mirga esa qurbi yetmaydigan kambag‘al qatlam isinish uchun daraxt kesishga majbur bo‘layotganini aytsa¸ Ekologiya qo‘mitasi inspektorlari sovuq tushgan ayni kunlarda rahbariyat aholini jarimaga tortishni keskin ko‘paytirishga majburlayotganini bildirdi.

“Yangilanayotgan O‘zbekiston?”

Ozodlikka bog‘langan Buxoro va Navoiy viloyatida yashovchi aholi vakillari ayni kunlarda qanday isinish hayot-mamot masalasiga aylanganini aytadi.

Markaziy Osiyodagi yirik gaz konlaridan biri bo‘lgan Qandim kompleksidan sanoqli kilometr masofada joylashgan Olot tumanining aksar aholisi ayni kunlarda gazsiz¸ elektrsiz qolgan.

«Qandim zavoddan gaz chiqib yonib yotibdi¸ lekin bizga berilmaydi. Har yili cho‘ldan o‘tin olib kelardik yoki olib keladiganlardan sotib olardik. Lekin bu yil cho‘ldan o‘tin oladiganlarni ekologiya bosyapti¸ bosgandayam juda katta summaga shtraf qilyapti. Hovlimizda kesishga daraxt qolmadi¸ qolganini bahordagi to‘fon yo‘q qildi. Qarag‘on va boshqa daraxt yoqsak¸ birpasda o‘chib¸ uyni isitmaydi. Saksovul so‘rab borganda, hokimlikdagilar ko‘mir ol¸ deydi. Ko‘mirning eng arzoni 350 ming¸ bu ham yonmaydigan kul. Yaxshisining tonnasi 700 ming. Pandemiya paytida daromadsiz qoldik¸ yaxshi ko‘mirga pulimiz yo‘q. Mirziyoyevning “yangilanayotgan O‘zbekistoni” gazsiz¸ svetsiz¸ ko‘mir va o‘tinsiz tirik qolish musobaqasi bo‘lyapti”¸ - deydi Ozodlik gaplashgan olotliklardan biri.

Ozodlikka bog‘langan o‘zbekistonlik o‘qituvchi oilasini sovuqdan omon saqlash uchun imkon nihoyatda toraygani va hozirda shu kabi o‘tin-payraxa yoqishga majbur qolganini aytadi
Ozodlikka bog‘langan o‘zbekistonlik o‘qituvchi oilasini sovuqdan omon saqlash uchun imkon nihoyatda toraygani va hozirda shu kabi o‘tin-payraxa yoqishga majbur qolganini aytadi

"Kuniga 10 odamni jarimaga tortish buyurilgan!"

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish davlat qo‘mitasining ayrim inspektorlari ayni kunlarda o‘zlariga aholi va tadbirkorlarni turli bahona bilan jarimaga tortish haqida keskin buyruq berilganini aytadi.

Bir tomondan¸ cho‘l zonasi uchun saksovul nihoyatda muhim buta sanaladi. Lekin boshqa tomondan¸ hozir gap odamlarning sovuqdan tirik qolishi haqida ketyapti. Gaz yo‘q¸ havo sovuq¸ bitta saksovul yoki ro‘yxatga kiritilgan daraxt kessa¸ tamom¸ juda katta jarima. Majburmiz daraxt kesganlarni qidirib yurishga. Bechora xalqqa juda qiyin. Biz ham qiynalib ketdik. Har kun tongda 6:30-7 da Toshkentdan videoselektor qiladi¸ odam top¸ jarima qil¸ deydi. Elektr yo‘q bo‘lsa¸ internet uzilsa¸ bunaqa majlisbozlikning kimga keragi bor?"

Ekologiya qjmitasi inspektorlari tomonidan Ozodlikka yuborilgan hujjatlardan birida¸ 24 - noyabr kuni butun respublika bo‘ylab hududiy boshqarma mulozimlarining ertalab soat 7 da videoselektor yig‘ilishida qatnashishi buyurilgan.

24 - noyabr kungi majlis kun tartibiga “aholidan undiriladigan to‘lovlarni” ko‘paytirish masalasi ham kiritilgani ko‘riladi.

Bunday videoselektorlarning muntazam o‘tkazilayotgani haqidagi ma’lumotni rad qilgan Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati mulozimi aholini qishning sovuq kunlarida daraxt kesish uchun jarimaga tortishni ko‘paytirish haqida maxsus buyruq borligini ham inkor qildi.

Odamlar o‘z tomorqasidagi daraxtni kesishi mumkin. Keyin qo‘mita tomonidan kesishga moratoriy e’lon qilingan daraxtlardan boshqasini ham kesish mumkin. Lekin bunda ham tabiatga ziyon yetkazmagan holda. Ammo saksovul va rasmiy ro‘yxatga kiritilgan boshqa daraxtlarni kesish uchun bir necha million so‘mgacha jarima solinadi”¸- dedi qo‘mita mulozimi.

Yangi jinoyatchilik – isinish uchun o‘tin va ko‘mir o‘g‘riligi

Davlat tizimlari aholining fundamental huquqi sanalgan qishda isinish haqqini ta’minlay olmayotgan ayni kunlarda mahalliy matbuot O‘zbekistonda ko‘mir va saksovul o‘g‘riligi ko‘paygani haqida xabar bermoqda.

O‘zbekiston davlat telekompaniyasi saksovul o‘g‘irligi haqida maxus reportaj tayërlagan bo‘lsa¸ “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ yurib ketayotgan poyezd vagonlaridan ko‘mir o‘g‘irlash holatlari fosh qilinganini rasman xabar qildi.

Ayni paytda na davlat matbuoti va na aholini sifatli va arzon ko‘mir bilan ta’minlashga mas’ul davlat kompaniyasi sovuq tushgan ayni kunlarda bu kabi o‘g‘riliklarning ko‘paygani ortidagi asosiy sabab – mamlakatdagi energetik kollaps haqida lom-mim demayotir.

O‘zbekiston temir yo‘llari AJ axborot xizmati poyezd ustidan ko‘mir o‘g‘irlayotgan odamlar haqida ma’lumot berdi. Ma’lumotda keltirilgan rasm O‘zbekistonda energetika sohasidagi halokatning ramzi desak ham bo‘ladi.

2010 - yilda O‘zbekistonning eng yirik muammolaridan biri elektr toki va gaz edi. 10 yilda ham vaziyat o‘zgarmadi. Bu ketishda 2030 - yilda ham shu muammoni asosiylardan biri sifatida tilga olamiz.

Eslatib o‘taman, bugun 2020 - yilning 20 - noyabr kuni, 1920 - yilning emas
”¸ deya sharhladi O‘zbekistondagi o‘tin va ko‘mir o‘g‘irligi haqidagi rasmiy xabarlarni mustaqil bloger Allayev o‘z Telegram kanalida.

XS
SM
MD
LG