Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:54

“1100 kishi Mirziyoyevga ovoz bermoqchi emas!” Prezident borgan mahalla gaz quvurini kesishga borgan ishchilarni quvib soldi (VIDEO)


Bog‘iobod mahallasi aholisi gaz quvurlarini kesishga kelgan ishchilar bilan bahslashmoqda. 2021, 18 - iyun
Bog‘iobod mahallasi aholisi gaz quvurlarini kesishga kelgan ishchilar bilan bahslashmoqda. 2021, 18 - iyun

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi Bog‘iobod mahallasi aholisi gaz quvurlarini uzish uchun borgan tuman gaz idorasi ishchilarini quvib soldi.

1100 kishi nomidan Ozodlikka tushgan xatda qayd etilishicha, ularga prezidentning Surxondaryoga safaridan oldin mahallani tabiiy gazga ulab berish va’da qilingan edi.

Bir necha faol va mahalla raisiga ko‘ra, gaz ulanishini kutib turgan Bog‘iobodga 18 - iyun kuni tuman gaz idorasi ishchilari borgan va gaz quvurlarini kesishga uringan, ammo aholi ularni quvib yuborgan.

O‘sha kundan buyon tuman va viloyat hokimligi, deputat va senatorlarga murojaat qilib, hozircha tayinli javob ololmaganini aytgan mahalla faollari 1100 kishi imzolagan shikoyat xatini yozib, prezidentdan yordam so‘ramoqda.


Bir nusxasi Ozodlikka yo‘llangan shikoyat xatida qayd etilishicha, aholi punkti prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgan 2016 - yilda tabiiy gazdan uzib qo‘yilgan: (maktubdan parcha tahrirsiz berilmoqda)

"Bog‘iobod" mahallasi yaqinidagi “Tallashqon” GTS (gaz taqsimlash stantsiyasi)
"Bog‘iobod" mahallasi yaqinidagi “Tallashqon” GTS (gaz taqsimlash stantsiyasi)

"Maxallamizda ishlab chiqarish quvvati 10 ming m3/soat (gaz ishlab chiqaradigan) bo‘lgan “Tallashqon” GTS bo‘lishiga qaramasdan,(foto suratlar ilova qilingan) fuqarolarimiz qish mavsumida abgor axvolda yashashga majbur bo‘lmoqdalar. Ushbu “Tallashqon” GTS 2008 - yilda ishga tushirilgan bo‘lib,maxallamiz axli ushbu gazdan 2016 - yilga qadar beminnat foydalanib kelishgan. 2016 -yilda xukumat tepasiga Shavkat Miromonovich kelganlaridan keyin,xar xil vajlar, tuturiqsiz baxonalar izlab topib maxallamiz axolisini tabiiy gazdan uzib qo‘yishdi”.

Shikoyatga ko‘ra, shundan beri mahalla ahli tuman va viloyat hokimligiga murojaat qilmoqda, ammo tabiiy gaz hanuz ulangani yo‘q, aksincha tuman gaz idorasi ishchilari 18 - iyun kuni quvurlarni kesishga borgan.

Шеробод туманидаги қишлоқ аҳолиси газ қувури кесилишига қаршилик кўрсатди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:39 0:00

Mahalla faoli Bekmamat Temirovning aytishicha, qishloq ahli bu quvurlar orqali tabiiy gazga ulanishini kutib turgandi. Chunki prezident Shavkat Mirziyoevning 1 - iyun kuni tumanga safari arafasida ularga shunday va’da berilgan:

“Prezident bizning mahalladan o‘tib, Sheroboddda 600 gektarlik quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishiga tamal toshini qo‘yib ketdi. U kishi kelishiga mahalla gazga qayta ulanadi, deyishgandi. Gazchilar bo‘lsa, 18 - iyun kuni trubalarni kesishga kelishdi. Butun mahalla borib, quvurlarimizni saqlab qoldik”.

Ushbu mahalla raisi Muborak Ro‘ziboyevaga ko‘ra, Sherobod tuman gaz idorasi ishchilarining harakatlari ustidan tuman hokimligiga shikoyat qilishgan. Tuman hokimining o‘rinbosari bu murojaatni ko‘rib chiqishi uchun hokim bilan gaplashishini va’da qilgan, ammo hozircha rasmiy javob yo‘q.

Mahalla raisining tushuntirishcha, 2016 - yilda Bog‘iobod qishlog‘i bir mas’ulning xatosi bilan gaz tanqis hududlar ro‘yxatiga kiritib yuborilgan va shuning uchun qishloqni ballonda tarqatiladigan suyultirilgan gaz ta’minotiga o‘tkazishgan.

2015 - yili butun mamlakat bo‘ylab, gaz bormay qo‘ygan hududlardagi quvurlarni kesish va aholini ballonlarda tarqatiladigan suyultirilgan gaz ta’minotiga o‘tkazish jarayoni boshlangan.

Surxondaryo hokimi To‘ra Bobolov imzolagan farmoyish
Surxondaryo hokimi To‘ra Bobolov imzolagan farmoyish

Ozodlikka Surxondaryo viloyat hokimi To‘ra Bobolov 2021 - yil aprelida imzolagan farmoyish nusxasi keldi va unda "gaz yetib bormaydigan hududdagi quvurlarni demontaj qilish va ulardan samarali foydalanish" maqsadida hanuz foydalanilmay turgan quvurlarni kesib, boshqa hududlarga ko‘chirishga ko‘rsatma berilgan.

Ushbu mahallaning yana bir faoli Ziyodulla Hayitov, aslida tumanda tabiiy gaz yetkazib berayotgan manba - “Tallashqon” GTS shu mahallaga qo‘shni va shu bois, aholi 2016 - yilgacha umuman gaz taqchilligini his qilmagan:

“Qarang, biz gaz taqchil mahalla ekanmiz-da, 26 kilometr uzoqdagi Muzrabot tumani markazi gaz taqchil hudud emas ekan?! Ularga boradigan quvur bizning mahallaning ichidan o‘tib ketgan bo‘lsa! Biz quvurlarimizni kestirmadik, hammasi tap-tayyor turibdi, shunday ulab qo‘yish shunchalik qiyinmi?! Gaz ballonlarni yozda ishlatish mumkin, lekin qishda bu bilan uyni isitib bo‘lmaydiku?!”

1100 kishi imzosi aks etgan shikoyat xatida, 2016 - yilda prezidentlikka kelganida, svet-gaz muammosini hal qilib berishni va’da qilgan Mirziyoyevdan aholining xavfsalasi pir bo‘layotgani, bu galgi saylovda ko‘pchilik unga ovoz bermaslikka qaror qilgani aytilgan: (maktubdan parcha tahrirsiz berilmoqda)

"Shuningdek barcha fuqarolarimiz bu yilgi bo‘ladigan prezident saylovida Sh.Mirziyoyevga ovoz bermoqchi emas. Sababi, axoli necha yillardan beri “Bog‘iobod” maxallamizni qayta gazga ulab berishlarini kutib yurgandi. Ming afsuslar bo‘lsinki,inson qadri bir chaqa bo‘lgan davlatda yashayapmiz go‘yoki.Qachon xalqimiz insondek yashaydi?Axolimizda Prezidenga va xukumatga bo‘lgan ishonch tobora susayib bormoqda.Sizdan ushbu masalada tez fursatlarda amaliy yordam berishingizni kutib qolamiz. Xurmat va extirom ila Tallashqon massivi “Bog‘obod” maxallasi fuqarolari”.

Mahalla faollari aholida shunday kayfiyat kuchayib borayotgani, bundan tuman va viloyat hokimlarining xabari borligini aytdi.

Ozodlik bu shikoyatlar yuzasidan Sherobod tumani va Surxondaryo viloyati hokimliklaridan aniq rasmiy izoh ololmadi. Sherobod tumani hokimi Ziyodulla Davlatovning Bog‘iobod mahallasidagi muammoga mas’ul, deb taqdim qilingan qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Norqul Mahmadiyorovga telefon orqali bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning 1 - iyun kuni Surxondaryo viloyatiga borgan va o‘shanda Sherobod tumanining Bog‘iobod mahallasi yaqinida qurilayotgan quyosh fotoelektr stansiyasi hududiga borgandi.

Bog‘iobodliklarga ko‘ra, ular Shavkat Mirziyoyevning 1 - iyun kuni shu mahalladan o‘tib qaytganiga guvoh bo‘lishgan, ammo prezident bilan uchrashib, dardini aytishiga imkon berilmagan.

Bog‘iobod mahallasida 6 mingga yaqin kishi yashaydi, mingga yaqin xonadon bor.

XS
SM
MD
LG