Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:49

"O‘zim qarz olib Rossiyaga keldim". Buxorolik farrosh yigit bir oylik harbiy chaqiruv pulini to‘lolmayapti


O‘zbekiston Qurolli kuchlari. Illyustrativ surat.
O‘zbekiston Qurolli kuchlari. Illyustrativ surat.

Moskvada farroshlik qilayotgan buxorolik Nodirbek To‘rayevdan uyiga kelayotgan mahalliy harbiy komissariat xodimlari 5,2 million so‘m to‘lashni talab qilmoqda.

Bunday mablag‘i yo‘qligini aytayotgan 19 yashar safarbarlik chaqiruvi rezervidagi muhojir yigit Rossiyada pul ishlab qaytishi va “vataniga albatta xizmat qilib berishini” aytadi.

"Harbiy xizmatni to‘lashga pulim yo‘q!"

Ozodlik tahririyatiga murojaat qilgan Buxoro viloyati Peshko‘ tumanilik Narzullo To‘rayev mahalliy Mudofaa ishlari boshqarmasi ukasi Nodirbekning muqobil harbiy xizmati uchun 5 mln 200 ming so‘m to‘lov o‘tkazishni talab qilayotganini ma’lum qildi.

Hozirda Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida metall kesuvchilik kasbi bo‘yicha ishlayotgan Narzullo bu to‘lovni kechiktirib turishni so‘ramoqda:

- Rossiyadan murojaat qilyapman. Peshko‘dagi uyimizga har kuni harbiy chaqiruvdan odam kelib, 2002 - yilda tug‘ilgan ukam Nodirbek To‘rayev uchun 5 200 000 so‘m berishimizni so‘rayapti ekan - u 1 oy Vatanimizga xizmat qilishi uchun ekan. Onam aytadilarki, “bu odam kelib, 1-2 soat uyda o‘tiradi, pul topib bering”, deb. O‘zimiz qarzga botib, 1 500 dollar qarz qilib, Rossiyaga keldik. Uyimizda oshxonamizni eshik-derazasi yo‘q, birgina ayolim 700 000 ming so‘mga magazinda sotuvchi bo‘lib ishlaydi, u ham 3 marta operatsiya bo‘lgan. Hali qarzimizni berib bo‘lganimiz yo‘q. Qish yaqinlashyapti – o‘tin olishimiz kerak. Hukumatimizdan uyimizning sharoitini ko‘rib chiqishlarini va yordam berishlarini istardik.

Narzullo Rossiyaga ukasi bilan ketganiga uch oycha bo‘lgani va qarzlarini to‘lashga hali yetarli mablag‘ yig‘olmaganini bildirdi.

Buxorolik muhojir uning ukasi bilan qaramog‘ida Buxoroda nafaqadagi otasi-onasi, ayoli, ikkita farzandi, nogiron amakisi va 85 ga kirgan keksa momosi borligini ham ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, safarbarlik chaqiruvi rezervi safida bo‘lgan 19 yashar Nodirbek To‘rayev hozir Moskvada “dvornik” bo‘lib ishlaydi.

Ozodlik muxbirlari bilan suhbatda u tumanga qaytsa, albatta harbiy xizmatga borishi va zaruriy to‘lovlarni to‘lab berishini aytadi.

- Moskvaning Domodedovskiy rayoniga dvornik bo‘lib endi ishga kirdim.Sharoitimiz yo‘q hozir – uyda ishlaydigan birorta odam yo‘q, majburlikdan keldim. Endi ishga kirdim – hali oylik olganim yo‘q. Hujjatlarni topshirdim, ishga ruxsatnoma qildim. O‘zimning niyatlarim bor – uyga borsam, albatta harbiy xizmatga boraman, dedi Nodirbek.

Muhojir yigit yetarli mablag‘ yig‘ib, yaqin kelajakda O‘zbekistonga qaytib, “ekologiyani muhofaza qilish” mutaxassisligi bo‘yicha oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish istagi borligini ham aytdi.

"Kam-kamdan to‘layversin"

Buxoro viloyati Peshko‘ tumani Mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limi xodimi Umid Nazarov Ozodlik bilan suhbatda 5,2 millionli to‘lov harbiy xizmatga majbur safarbarlik chaqiruvi rezervidagilarga (SChR) qonun asosida tayinlanganini bildirdi:

- SChR harbiy xizmatida u yigit. Rossiyadan kelganidan keyin 28 kunlik xizmatga borib kelaveradi, lekin uni to‘lovi bor. Hozir Rossiyada ishini qilaversin! Lekin ro‘yxat bo‘yicha qanchadir to‘lov qilib qo‘yishi kerak – biror so‘m to‘lanmagan! Men ularning oilasi ahvolini ham bilaman, lekin kam-kamdan to‘lashi mumkin edi. Jami 5 million 254 ming so‘m to‘lashi kerak. O‘zbekiston bo‘yicha SChR uchun shu summa belgilangan qonunda, -dedi mudofaa bo‘limi xodimi.

Umid Nazarovning aytishicha, og‘ir xastalangan yoki kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan xizmatga chaqiruvchi yigitlarga Mudofaa vazirligi tomonidan to‘lov muddatini keyinga qoldirish tartibi ham mavjud.

- Hozir bemalol ishlasin - xavotir olmasin, kamini to‘ldirsin. Kelganidan keyin tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va bir oyga borib kelaveradi, - dedi zobit.

Harbiy hisob stoli boshlig‘i bo‘lib ishlashini gapirgan suhbatdosh har bir mahallada 30-40ta chaqiruv yoshidagi yigit safarbarlik chaqiruvi rezervida turishini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, har bir hisob stoli boshlig‘iga 2-3 mahalla biriktiriladi: u o‘ziga biriktirilgan mahalla ro‘yxatida 55 nafar rezervchi borligi va ularning har biri eng kam oylik ish haqining 20 barobari, ya’ni 5,2 million so‘mdan to‘lab, bir oylik harbiy xizmat o‘tashga majbur ekanini ma’lum qildi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat (SChR) nima?

Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat — harbiy xizmatga, shu jumladan cheklanishlar bilan yaroqli bo‘lgan, chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq navbatdagi chaqiriq davomida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga chaqirilmaydigan shaxslar tomonidan o‘taladigan harbiy xizmat turi deb belgilangan.

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq, “safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat hududiy prinsip asosida oylik yig‘inlar tarzida tashkil etiladi hamda chaqiriluvchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining maxsus hisobvarag‘iga pul badallari kiritilishini nazarda tutadi”.

Qonunda, shuningdek, muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish tartib-qoidalari ham mavjudligini ko‘rish mumkin.

Hujjatda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga shaxslar 27 yoshga to‘lgunga qadar olinishi va har yilgi harbiy yig‘inlarga jalb etilishi mumkinligi ham belgilanganini ko‘rish mumkin.

SChRga olingan o‘zbekistonlik yosh yigitlar to‘laydigan pul badallari miqdori va ularni to‘lash tartibi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan alohida nizom bilan belgilanar ekan.

Bu mablag‘lar rezervdagilar bilan yig‘inlarni o‘tkazish xarajatlari o‘rnini qoplashga, ma’muriyat ta’minotiga, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mustahkamlashga, jumladan binolarni ta’mirlash va qurishga, mudofaa ishlari organlaridagi safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatchilarni hisobga oluvchi xodimlarning ta’minotiga, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ehtiyojlari uchun qurol-yarog‘, harbiy-texnika mol-mulki va o‘q-dorilarni xarid qilishga maqsadli tartibda yo‘naltirilishi aytiladi.

2018 - yil 2 - fevralda O‘zbekistonda safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmat qilish haqi uchun to‘lov 1 mln. so‘mdan ko‘pga pasaytirilgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan Farmonga binoan, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qabul qilingan vatandoshlar eng kam oylik ish haqining 20 barobari, ya’ni 3 444 800 so‘m etib belgilangandi (Bungacha to‘lov eng kam oylik ish haqining 27,5 barobari, ya’ni 4 736 600 so‘mni tashkil etgan).

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan 2003 - yildan boshlab chaqiruv yoshidagi fuqarolar uchun harbiy xizmat turi sifatida safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat joriy etilgan.

Mutaxassislar O‘zbekiston qisqartirilgan pulli harbiy xizmatni joriy qilgan sanoqli mamlakatlar qatorida ekanini aytib keladi.

Jumladan, Senat qoshidagi Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev oilalarning ijtimoiy va moddiy holatini baholash to‘g‘risidagi nizomning yo‘qligi, bu safarbarlik chaqiruv rezervida bir oylik xizmatni o‘tash uchun badal pulini joriy etishda korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklar uchun juda qulay sharoit yaratib berayotganini tanqid qilgan edi.

Globalfirepower.com sayti hisob-kitobicha, bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari 70 minglik harbiy kontingentdan iborat.

XS
SM
MD
LG