Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:27

Paxta: Terim tugayapti – shartnomani bajargan fermerlar ham qarzga botmoqda. Nega?


O‘zbekistonlik fermerlar klaster ularning haqlarini urib qolayotganidan shikoyat qilmoqda
O‘zbekistonlik fermerlar klaster ularning haqlarini urib qolayotganidan shikoyat qilmoqda

O‘zbekistonda paxta terimi tugayapti. Klaster korxonalari bilan topshirgan paxtasini solishtirma(akt-sverka) qilayotgan fermerlar klasterlar tomonidan adolatsizlik bo‘layotganidan shikoyat qilmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan to‘rtta viloyatdagi fermerlar, klasterlar paxtani aslidagidan ancha past sortlarda qabul qilib, kam haq to‘layotgani, turli bahonalar bilan fermerlar haqini “ham bo‘yidan, ham enidan urib qolayotganliklari"ni aytmoqda.

Paxta xarid narxining o‘tgan yilga nisbatan bor-yo‘g‘i o‘rtacha 5-6 foizga oshirilgani, ayni paytda mineral o‘g‘it narxlari 50-60, yonilg‘i esa 20-30 foizga oshgani sabab, bu yil, ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, paxtakor fermerlarning 70-80 foizi qarz bilan chiqmoqda.

"Klaster fermerlarni shilmoqda"

Andijon viloyat, Paxtaobod tuman, “Nur agro” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Rashidbek Mamadaliyevning aytishicha, imtiyozli kreditni bermagan, yoz oylarida mineral o‘g‘it yetkazib berish shartini bajarmagan “Oltin mato tex” klaster korxonasi hisob-kitob vaqti kelganda ulardan yo‘q narsa uchun ham katta pul ushlab qolyapti:

Buncha ko‘p pulni nimaga asosan ushlab qolishganini so‘rasak, biror bir tasdiqlangan me’yoriy xujjat ko‘rsatib berisha olmadi.

“Klaster bizning fermer xo‘jaligimizga 150 mln so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘ini yetkazib bermadi. Bundan tashqari, 8 tonnadan ortiq mineral o‘g‘itni ololmadik. Paxtani yetishtirish uchun o‘z ichki imkoniyatlarimizdan foydalandik. Biz klasterga 196 tonna quruq va sifatli paxta xom ashyosini 100 foiz yuqori sortda yetkazib berdik. Shartnomaviy majburiyat bir terimdayoq ortig‘i bilan uddalandi. Klaster o‘zining labyratoriyasida paxtaning sifati, quruqligi, tozaligini tekshirib, eng yuqori navga qabul qilgan edi. Lekin klaster paxtani quritish va tozalash xarajatlari uchun, deb daromadimizdan 18 mln. so‘m pul ushlab qolyapti. Buncha ko‘p pulni nimaga asosan ushlab qolishganini so‘rasak, biror bir tasdiqlangan me’yoriy xujjat ko‘rsatib bera olishmadi”.

Fermerning iddao qilishicha, klaster rahbar va xodimlari qishloq xo‘jaligiga "tamoman begona odamlar" bo‘lib qolmoqda:

2020 yilda mashaqqat bilan etishtirilgan paxtaning hisob kitobi to‘g‘ri, adolatli bo‘lsin.

“Klaster rahbari, xodimlarining kimligini so‘rasam, ular qishloq xo‘jaligini umuman tushunmaydigan, bu sohada yangi odamlar ekan, biz esa 27 yildan beri paxta etishtirib, davlatga sotib kelamiz. Bundan ko‘rinib turibdiki, ular xech kim bilan kelishmasdan, mustaqil narx qo‘yib, xohlagancha pul ushlab qolmoqda. Bu holat bir tomonlama o‘z manfaatini ko‘zlagan holda, monopoliyaning bir ko‘rinishini eslatadi. Sababi 267 nafar paxtaobodlik fermerda yil davomida yetishtirgan paxtasini "Oltin mato teks" klaster korxonasidan boshqasiga sotish tanlovi yo‘q. Maqsadimiz suv tanqis bo‘lgan 2020 - yilda mashaqqat bilan yetishtirilgan paxtaning hisob -kitobi to‘g‘ri, adolatli bo‘lsin. Yuqoridagi holatni qonuniy asoslab, isbotlab bersin. Monopoliya qo‘mitasi o‘rganib bersin! ”.

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, "Tojiboy ota" fermer xo‘jaligidan ham paxtani quritish uchun klaster 22 million so‘m ushlab qolgan.

Ozodlik “Oltin mato tex” klaster korxonasi rahbari, bosh hisobchisiga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi, lekin go‘shakni hech kim ko‘tarmadi.

Fermerlarning aytishlaricha, shikoyat ko‘payib ketgani bois klaster rahbarlari begona raqamlarga javob bermayapti.

"Klaster ham enidan, ham bo‘yidan uryapti""

Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi “Zavetak” fermer xo‘jaligi rahbari Bahrom Qorayevga ko‘ra, “Paxtakor tex” MChJ bilan shartnoma imzolagan tumandagi 310ta fermer majburiyatini bajargan bo‘lsa ham, lekin paxta xarid narxining pastligi va mineral o‘g‘itlarga narx ancha oshgani sabab qarz bilan chiqmoqda:

“Bizga beriladigan 4820 so‘mning ichida 20 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i ham bor. Uni olib tashlasa, to‘rt ming so‘m ham qolmaydi. Hamma foydani esa klaster ko‘ryapti. Toladan tashqari, moyini ham, kunjarasini ham sotadi. Tolani kiyim qilib ham sotyapti. Lekin shunga nisbatan paxta xarid narxi adolatli emas. Yil bo‘yi mehnat qilgan dehqon zarariga ishlayapti”.

Zarbdorlik ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, mineral o‘g‘itning narxi paxtadan ham qimmatga tushyapti:

Klaster nima xohlasa shuni qiladi, xohlasa enidan ham, bo‘yidan ham uradi.

“Klaster qo‘l bilan tergan paxtani 4820 so‘mdan, mashina bilan tergan paxtani esa, 4100 so‘mdan olyapti. Bular beradigan bir tonna solyarka esa 7 million, amofos 4 million 300 ming so‘m. Oqibatda, rejani bajargan fermer ham otning kallasiday qarz bilan chiqyapti. Hozir rejani bajarib, 90 tonna paxta topshirib, 128 million so‘m qarz bo‘lib qolyapman. Bu yil klaster paxtani majburan o‘zi mashinda terdirdi. Mashina quruq paxtani teradi, toza teradi. Boshida birinchi mashina terimidan 15 foiz skidka oldi. Keyin janjal qilganimizdan keyin 9 foizga tushirdi. O‘tgan yili davlatga sotganimizda 2 yoki 3, juda nari borsa 5 foizgacha skidga olardi. Klaster nima xohlasa, shuni qiladi, xohlasa enidan ham, bo‘yidan ham uradi. Unga raqobat qiladigan boshqa klaster bo‘lmasa, fermerda tanlov bo‘lmasa, tamoman boshi berk ko‘chaga kirib qoldik”.

"Fermerga paxta yetishtirish zarar bo‘lib qoldi"

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerning aytishicha, paxta yetishtirish fermer uchun ziyon bo‘lib qoldi:

Fermer paxtasiga xo‘jayin emas, xo‘jayin klaster, hokimlik va prokuratura.

“Bu yil “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” o‘n foizgacha paxtani skidkaga urivordi. Yuz tonna topshirsangiz, o‘n tonnasi yo‘q. Kuni kecha bir tonna paxta olib borsam, 5 sortga qabul qildi. Bu 1 million 600 ming so‘m, degani. Bu pul terim puliga ketadi. Tamom, boshqa foyda yo‘q. O‘zlari xohlagan sortni qo‘yib urvoryapti. Fermer paxtasiga xo‘jayin emas, xo‘jayin - klaster, hokimlik va prokuratura. Masalan, bu yil paxtam hali terimga tayyor emas edi. Paxtaga agrom septirdim. 25 kunlardan keyin paxta tayyor bo‘lardi. Lekin o‘n kundan keyin prokuror bilan Milliy gvardiya boshlig‘i kelib o‘tirib oldi, davay terdirasan, deb. Terdirmasang yeringni olaman, qamayman, mana shunaqa gaplar bo‘ladi...”

Fermer paxtadan zarar ko‘rayotganini mana bu dalillar bilan izohlab berdi:

Selitraning tonnasi 1 mln 900 ming so‘mdan 3 mln so‘mgacha ko‘tarildi.

“O‘tgan yili bir kilo paxtamizni 4521 so‘mdan davlat sotib olgan edi. Bu yil esa 4821 so‘mdan olyapti. Farqni qarang, bor-yo‘g‘i 300 so‘m. O‘tgan yili bir tonna solyarkani 4700 so‘mdan olgan bo‘lsak, bu yil 6200 so‘mdanga tushdi. Selitraning tonnasi 1 mln 900 ming so‘mdan 3 mln so‘mgacha ko‘tarildi. Texnika xizmatlari 40 foizga oshdi. Paxta krediti 3 foizdan 8 foizga, g‘allaniki esa 10 foizga ko‘tarildi. Paxtadan olinadigan mahsulotlarning bir yil orasida oshganini qiyoslang endi. Bir litr yog‘ 7 yarim mingdan 13 ming so‘mga, sovun 2500dan 3000ga, kunjara 2400 so‘mdan 4000ga, kepak 1600dan 2500 so‘mga, sheluxa 2100 so‘mdan 3000ga qimmatladi. Farqni ko‘ryapsizmi? Qariyb yuz foizgacha oshgani bor. Paxtaning narxi esa 6 foizga oshgan, xolos. Shuning uchun ham fermerlarning aksari bu yil paxtadan bir so‘m ham daromad ko‘rmadi, aksincha, qarz bilan chiqdi”.

"Kreditlarning foizi juda baland!"

Sirdaryo viloyati Oq oltin tumanidan bo‘lgan fermer esa, “APK Oq oltin” klaster korxonasi fermerlarga beriladigan kreditlarga juda katta foiz qo‘yayotgani haqida gapirdi:

80 foiz fermer qarz bilan chiqyapti.

“Klaster terim uchun bergan puliga 21 foiz ustama olyapti. Masalan, men 100 million so‘m terimga pul olgan edim. O‘shani 121 million so‘m qilib qaytarishim kerak ekan. Ish haqi, solyarka, mineral o‘g‘it uchun olgan pulga esa 10 foiz ekan. Davlat bilan ishlaganimizda bizga 3 foizli kredit berardi. Hozir hammasi bo‘lib 55 million so‘m kredit foizini to‘layapman. 80 foiz fermer qarz bilan chiqyapti. Har yili paxtaning xarid narxiga kamida 20 foiz qo‘shilib borardi. Bu yil esa birinchi sortiga 6 foiz qo‘shildi, xolos. Skidkani ham 10 foizdan bosdi. Paxta punktida rosa janjal, to‘polon bo‘ldi. Ikki kunlab qolib ketdik. Kuchukchasini o‘ynatib o‘tirgan klaster rahbari, xohlasang shu, xohlamasang boshqa joyga topshiraver, deydi. Qaniydi, boshqa oladigan joy bo‘lsa, monopol qilib oldi. Shunday qilib, klaster fermerning sho‘rini qurityapti”.

Ozodlik O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Nigora Xodjayevaga murojaat qilib, fermerlarning klasterlarga e’tirozlariga, paxta xarid narxining pastligiga rasmiy munosabat so‘radi. Nigora Xodjayeva Ozodlik yuborgan barcha savollarni "o‘rganib, albatta javob berishlari"ni aytdi.

Buxorolik fermer Shuhrat Razzoqovning fikricha, paxta xarid narxining bozor tamoyillariga qarab ko‘tarilmasligi ko‘pgina fermerlarni yerdan voz kechishga majbur qiladi:

"Bu yilgi paxta masalasiga keladigan bo‘lsak, prezident boshlagan klaster tizimi faqat o‘zini to‘qimachilikda ko‘rsatishga qodir bo‘lyapti. Klasterlik faoliyatini rivojlantirish prezident qarorida xam aytilgan, ammo klaster bir vaktning o‘zida ham erni, ham sanoatni, ham to‘qimachilikni bajara olmaydi. Mana, o‘tgan yil rejani bajara olmagan fermerlardan erlarni olib, klasterga berishdi. Natija nima bo‘ldi? Fermerku, rejani 70-80 foiz bajardi, ammo klaster 40 foiz xam qila olmadi, sababi, boshqaruv yo‘q, talon-torojlik o‘g‘rilik ko‘p.

Hokimlar yerlarning klasterga olib berilishiga qarshi, ammo hech qaysi biri ayta olmaydi, qo‘rqadi. Chunki bu islohotni prezidentning o‘zi boshlagan. Shuning uchun ham bu yilgi paxtaning narxini ataylab ko‘tarishmadi, sababi fermer daromadsiz kolishi yoki bankrotlik yoqasiga kelishi kerak. Shundan so‘ng fermer o‘z ixtiyori bilan erni zaxiraga beradi va er klasterlarga o‘tkaziladi. Bu holat 2009 yilda, optimallashtirish jarayonida ham qo‘llanilgan edi".

Paxta va g‘allachilik bilan shug‘ullanadigan fermerlarni klaster korxonalariga birlashtirish 2017 - yilda boshlangan edi.

Ozodlik o‘tgan uch yil davomida klasterlar va fermerlar o‘rtasida yuzaga kelgan muammolar haqida bir necha surishtiruv va maqolalar e’lon qildi.

Ayniqsa, fermerlarga 2019 - yil uchun paxta pulini bermayotgan paxta tozalash zavodlari va klaster korxonalari haqida Ozodlikka shikoyatlar oqimi ko‘paygan edi.

Ozodlik 14 - yanvar kuni Andijon viloyati fermerlari davlatga sotgan paxta pulini “O‘zpaxtasanoat” korxonalaridan ololmayotgani, "O‘zpaxtasanoat" AJ boshqaruvi raisi bu muammo uch-to‘rt kuni orasida hal qilinishini aytgani haqida xabar bergan va 15 - yanvardan boshlab fermerlar hisoblariga pul tushgan edi.

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani fermerlari 2019 - yil paxta hosili pulini klaster korxonasidan ola olmaëtganidan Ozodlikka arz qildi.

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanidagi 48 fermer O‘zbekiston Bosh vazirining virtual qabulxonasiga “Bahodir Log‘on Tekstil” klaster korxonasi ustidan arz qilib, shikoyat yozdi.

Jumladan, Andijonning Ulug‘nor tumanidagi "Vodiy sanoat faxri" MChJ ​klaster korxonasiga paxta sotgan o‘nlab fermer xo‘jaligi 2019 - yilgi hosil pulini ololmay sarson bo‘lmoqda.

Samarqandning Oqdaryo tumanidagi klaster korxonasi fermerlarning 7 mlrd so‘m paxta pulini to‘lamayapti.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida esa qariyb 300 nafar fermer “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” bilan shartnoma imzolaganiga ikki yildan oshganiga qaramay ular klasterga topshirgan hosil pulini olmagan.

2020 - yil davomida ham klasterlar fermerlarga avans puli, mineral o‘g‘itlarni o‘z vaqtida bermagan holatlar sodir bo‘lgan edi.

Sirdaryo viloyati “Oq oltin tumanida faoliyat olib borayotgan “ARK OQOLTIN” klaster korxonasi fermerlarga shartnomada ko‘rsatilgan bo‘nak(avans) pulini to‘liq bermadi.

XS
SM
MD
LG