Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:46

Uysiz qolgan sardobaliklar Do‘rmondagi prezident qarorgohiga yurish qildi


Sardobaliklar uysiz va yordam pulisiz qolganini iddao qilib olti marta Toshkentga yurish qilgan.
Sardobaliklar uysiz va yordam pulisiz qolganini iddao qilib olti marta Toshkentga yurish qilgan.

Sardobadagi suv toshqinida uysiz qolgan 50 dan ortiq odam 30 - noyabr kuni hukumat va’da qilgan uy va yordam pulini so‘rab Toshkentga, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov qabuliga borgan.

Sirdaryoning Sardoba tumani, "Do‘stlik" mahallasidan bo‘lgan​ arizachilar talabi qondirilmagach, Do‘rmondagi Prezident qarorgohiga yurish qilgan.

Joriy yilning 1 - may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida ro‘y bergan texnogen falokat oqibatida Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi minglab aholi uylarini suv yuvib ketib, boshpanasiz qolgan edi.​

Yurish ishtirokchilaridan biri Odina Komilovaning Ozodlikka aytishicha, ellikdan ortiq odam Prezident Shavkat Mirziyoyevning Do‘rmondagi qarorgohiga yetib borganida ularni qo‘riqlash xizmati to‘xtatgan.

- Suv toshqinida uysiz ko‘chada qolgan 56 odam Do‘rmonga bordik. Chunki bundan oldin Mustaqillik maydoniga, Vazirlar Mahkamasi, Bosh vazir Aripov idorasiga qilgan yurishlarimizni foydasi bo‘lmadi. Do‘rmon qarorgohiga yetganimizda Prezident oxranasi to‘xtatdi. Hammani chekkaroqqa olib, Ichki ishlarga xabar berdi. Avtobusda melisalar yetib keldi. Sizlarni ishlaring hal qilinadigan joyga olib boramiz deb, keyin bizni avtobusga solib, Mirzo Ulug‘bek tumani ROVDsiga olib keldi, - deydi Komilova.

Norozilar Ichki ishlar bo‘limida ikki soat ushlab o‘tirilgach, ular oldiga Sirdaryo viloyati Sardoba tumani hokimi Abduazim Xidirov hamda Vazirlar Mahkamasidan rasmiylar yetib kelgan, muammosi hafta ohirigacha hal qilinishini va’da qilib, ularni Sirdaryoga qaytishga ko‘ndirgan.

- U yoqdan Tuman hokimi keldi. Vazirlar Mahkamasidan Erkin degani va yana ikkitasi keldi. Hammasini muomalasi joyiga tushib qoldi. ROVD binosida gaplashildi. Hamma muammosini aytdi. Uysiz qolganga uy, moddiy yordamsiz qolganga moddiy yordam berish masalasini shanba kunigacha o‘rganib chiqamiz, masala yechiladi deyishdi. Shu bilan hamma tarqaldi, - deydi Odina Komilova.

Sardoba suv ombori toshqinida uylari vayron bo‘lgan o‘nlab kishi hukumat ajratgan 40 million so‘mlik yordam puli va suv yuvib ketgan uyi evaziga yangisi berilmagani da’vosi bilan bundan oldin Toshkentga olti marta yurish qilgan.

Ismi ochiqlanishini istamagan yurish qatnashchilaridan yana biri Ozodlikka bunday dedi:

- Bundan oldin uch marta Mustaqillik maydonida norozilik tadbiri o‘tkazdik, foydasi bo‘lmadi. Bosh vazir Abdulla Aripovning qabuliga ham uch marta bordik. Ohirgi borganimizda Alisher ismli yordamchisi bor, o‘sha kishi tekshiruvga odam yuboraman, masalalaringni hal qiladi deb va’da bergan, lekin odam yubormadi. Shundan so‘ng biz 30 - noyabr kuni Toshkentga yana bordik. Aripovni yordamchisi bizga teskari qarab jo‘navordi. Baqir chaqir qilib qolaverdik. Bulardan foyda yo‘q, degan o‘yda keyin "Qorasuv-1"ga, prezident qarorgohiga qarab yo‘l oldik. Yana ishimiz bitmasa yana kelamiz. Chunki sovuqda odamlar ko‘chada qolgan, kimdir plyonkalardan chodir qurib, kimdir bog‘cha yoki maktabda jon saqlayapti.

Joriy yilning 1 - may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida ro‘y bergan texnogen falokat oqibatida Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24ta aholi punktidan 90 mingga yaqin odam evakuatsiya qilindi.​

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ofatdan zarar ko‘rgan 4 yarim mingdan ziyod xonadon egalarining har biriga 40 million so‘mli yordam puli va’da qilgan edi.

Ko‘chada qolgan sardobaliklar

Sirdaryoning Sardoba tumani, "Do‘stlik" mahallasidan bo‘lgan 33 yoshli Odina Komilova suv ombori toshqinida uyi vayron bo‘lib, ikki farzandi bilan ko‘chada qolganlardan.

Kamolova Sardoba suv omboridagi toshqin oqibatida uning uyi vayron bo‘lgani, buning uchun hukumat tovon puli berishi kerakligini ta’kidlaydi.

"Bular o‘yin qilib, haligacha yordam puli berishni cho‘zib kelishmoqda. Men farrosh bo‘lib ishlayman, zo‘rg‘a ikki bolamni boqaman. Uyimiz vayron bo‘ldi. Hozir uni o‘rnida ko‘p qavatli uy qurilyapti. Sen u uyda yashamagansan, yashagan bo‘lsang isbotla, deyishyapti. Lekin u uyda yashamagan bo‘lmasam ham uy menikiku, meni mulkimku. Toshqin ro‘y berishiga men aybdor emasmanku", - deydi Komilova.

Sardoba tumanining Do‘stlik mahallasida yashovchi Oysara Isroilova farzand va nabiralari bilan uysiz qolganlardan yana biri.

Isroilova 24 - noyabrь kuni Ozodlik bilan suhbatda farzandlari bilan bog‘cha binosida, sovuqda jon saqlayotganini aytgan edi.

- Farzandlarim, nevaralarim hammamiz 13ta jonmiz. Sardoba tumanidagi 3-son bog‘chada jon saqlayapmiz. Otopleniye yo‘q. Sakkiz xonali hovlida yashaganmiz. Uyni suv yuvib ketganidan so‘ng, buzib o‘rnida besh qavatli uy qurishdi. Prezidentimiz beramiz, degan. Hammaga beramiz, degan. Hozir endi kadastri yo‘q, deb bermayapti. Delolarni ochib ko‘rmasdan sizga uy yo‘q, deydi. Qishloqchilik, o‘zingiz bilasiz, bu yirda uylarni ko‘pchiligi kadastrsiz. Kadastri bo‘lmasa ham beramiz degan, bermayapti, - deydi Isroilova.

"Ellikta odam Toshkentga borgan bo‘lsa, qolganlar bu yerdaku"

Sardoba tumani hokimining yordamchisi Xo‘jabek Sattorov Ozodlik bilan suhbatda uysiz qolganlar muammosi bilan maxsus ishchi guruhi shug‘ullanayotganini aytdi.

- Komissiya tasdig‘i asosida berilyapti. Viloyatdan, Oliy Majlisdan kelgan ishchi guruh bor. Shular bu masalani ko‘rib, qaror chiqaradi. Afsuski, ba’zilar shu komissiya qarorini mensimasdan, norozilik bildiryapti. Ayrimlari Toshkentga borishganidan xabarim bor, ularni masalasi bilan shaxsan tuman hokimi shug‘ullangan. Endi bir narsani aytishim kerak. Toshkentda yurib, uysiz qoldim, deb dod-voy solayotganlar orasida bu yerda uyi umuman bo‘lmaganlari ham bor. Uylarini ta’mirlab berganimizdan so‘ng ham uy talab qilayotganlari bor. Bittasi eri bilan ajrashgan, uy xo‘jayini nomida. Ayol uyni menga olib berasan deb, yig‘lab Toshkentga boryapti. Talabi noto‘g‘ri bo‘lsa ham bo‘sh turgan uylarga joylashtirilyapti. Ko‘chada qolgan odam yo‘q. 40 million so‘mlik yordam puliga kelsak uni noqonuniy so‘rayotganlar bor. Shu pulni noqonuniy olganlar ham bo‘ldi. Qaytarib olinadi ulardan. Butun tumandan ellikta norozi Toshkentga borgan bo‘lsa qolgan fuqarolar bu yerdaku. Shu ellikta odamni murojaati ham birma-bir o‘rganiladi. Hammasini ro‘yxati bor. Lekin ko‘p narsa moliyaviy masalaga borib taqalyapti, - deydi Xo‘jabek Sattorov.

Sardoba tumanidagi "Do‘stlik" mahallasi falokat oqibatida eng katta talafot ko‘rgan hududlardan biridir.

Tuman hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, mahallada jami 777ta xonadon bo‘lib, Sardoba ombori toshqinida ularning barchasi vayron bo‘lgan.

- Hozir ikki sotixli uylar qurilyapti. Yetmagan xonadonlar uchun. 500ga yaqin uy. Moliyaviy masala ham bor bu yerda. Bitta uyni qurish 400 million so‘mga borib taqalyapti, - dedi Sardoba tumani hokimining yordamchisi Xo‘jabek Sattorov 3 - dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlik uysiz qolgan aholi arzi yuzasidan Sardoba tumani hokimi Abduazim Hidirov qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qildi, lekin telefonni hech kim ko‘tarmadi.

Joriy yilning 1 - may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida¸ rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra¸ 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan¸ 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Sardoba suv omborida to‘g‘onning o‘pirilishiga uch asosiy omil sabab bo‘lgani o‘rganilayotganini ma’lum qilgan.

Bular - loyiha hujjatlari, qurilish va ekspluatatsiyadagi xato va kamchiliklar.

XS
SM
MD
LG