Dushanbe – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 20 fevralga rejalashtirilgan uchoq parvozi O‘zbekiston tomonining aybi bilan amalga oshmadi. Bu haqda "Somon Eyr" kompaniyasi xabar qildi.
20 fevralga rejalashtirilgan parvoz Dushanbe bilan Toshkent o‘rtasida mo‘ljallangan muntazam qatnov doirasida “Somon Eyr” kompaniyasi amalga oshiradigan birinchi reys bo‘lishi kerak edi.
Tojikiston aviakompaniyasi tarqatgan bayonotda aytilishicha, parvozning amalga oshmagani uchun ayb O‘zbekiston zimmasidadir.
Bayonotda jumladan, bunday deyilgan: "Somon Eyr" kompaniyasining Dushanbe – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha bugun, 20 fevralda amalga oshishi kerak bo‘lgan parvozi bajarilmadi. 10 fevral kuni Toshkentda o‘tkazilgan so‘zlashuvlarda “Somon Eyr” kompaniyasiga 20 fevraldan boshlab Toshkent aeroportiga parvoz qilishga ruxsat beruvchi hujjatlar taqdim etilgan. Biroq bugun Toshkent aeroportidan parvozni amalga oshirish taqiqlangani to‘g‘risida xabar olindi”.
Muntazam asosda amalga oshirilishi kutilayotgan reyslarning birinchisida Dushanbedan Toshkentga 26 yo‘lovchi uchishi kerak edi.
“Somon Eyr” aviakompaniyasi barcha yo‘lovchilardan uzr so‘radi. “Barcha yo‘lovchilarga chipta sotib olishlari uchun sarflagan mablag‘lari qaytarib berildi. Ba’zilarning bileti Dushanbe-Ho‘jand yo‘nalishiga almashtirib berildi”, deyiladi aviakompaniya bayonotida.
10 fevral kuni Tojikiston poytaxti Dushanbedan uchgan uchoq Toshkentga kelib qo‘ngan, bu 25 yil ichida Tojikistondan O‘zbekistonga kelgan birinchi yo‘lovchi uchog‘i edi.
Aviakompaniya mulozimining Ozodlik radiosiga o‘shanda aytishicha, 10 fevralь kungi parvoz sinov parvozi edi. Shirkat 20 fevraldan boshlab Toshkentga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.
10 fevralda Toshkentga kelgan uchoqda Tojikiston aviatsiya tizimi delegatsiyasi, jurnalistlar hamda 14 oddiy yo‘lovchi bor edi.
Dushanbedan kelishi kutilgan samolyot nima uchun qabul qilinmagani to‘g‘risida O‘zbekiston tomonining izohi hozircha yo‘q.