Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:50

Toshkent Shveysariya tergov guruhiga Gulnora Karimova ustidan sud ketayotganini ma’lum qildi


Kelasi hafta O‘zbekistonga borib, katta miqdordagi korrupsiya va pul yuvish ishi figurantlari, xususan Gulnora Karimova bilan yuzma-yuz gaplashishni rejalashtirgan Shveysariya tergovchilari safari noma’lum muddatga qoldirildi.

Jarayonga aloqador mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ safarning qoldirilishiga O‘zbekiston tomoni bergan rasmiy javob sabab bo‘lgan.

Toshkentning javobida¸ Shveysariya prokuraturasi vakillari borishni rejalagan ayni kunlarda ishning asosiy figuranti Gulnora Karimova ustidan Toshkentda ham sud majlisi belgilangani bois¸ u bilan shveysariyaliklarning uchrasha olmasligi aytilgan.

Shveysariyada 2012 yil iyulida ochilgan jinoiy ish doirasida olti O‘zbekiston fuqarosi – Gulnora Karimova¸ Behzod Ahmedov¸ Rustam Madumarov¸ Gayane Avakyan¸ Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovlar katta miqdordagi korrupsiyaga aloqador pul yuvish jinoyatlarida gumonlanmoqda.

Bu shaxslar nomiga Shveysariyaning Lombart Odier bankida ochilgan hisob raqamlaridagi 800 million AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘¸ mazkur tergov doirasida muzlatib qo‘yilgan.

Kelasi hafta Toshkentga borishni rejalagan Shveysariya federal prokurori Patrik Lamon boshchiligidagi tergov guruhi O‘zbekiston hukumatidan mazkur ish doirasida gumonlanuvchilar¸ xususan¸ Gulnora Karimova bilan yuzma-yuz so‘roq-javob qilish imkoni berilishini so‘ragan.

Ammo vaziyatdan xabardor shveysariyalik mulozimga ko‘ra¸ Toshkentdan berilgan javob¸ bu safarni qoldirishga majbur qilgan.

“Xat qisqagina. Unda delegatsiya Toshkentga borishni rejalagan kunlarda Karimova bilan uchrashishning iloji yo‘qligi¸ uning sud eshituvlarida bo‘lishi aytilgan. Boshqa hech qanday tafsilot yo‘q. Qanaqa sud¸ qaerda bo‘ladi¸ Karimova o‘zi qaerda saqlanmoqda – bular haqida lom-mim deyilmagan”¸ deydi rasmiy javobni o‘zi ko‘rganini aytgan Ozodlik suhbatdoshi.

Shveysariya Bosh prokuraturasi matbuot xizmati rejalangan safar tafsilotlariga oid Ozodlikning 27 oktabr kuni yo‘llagan savoliga¸ “Bosh prokuraturadan hech kim kelasi hafta O‘zbekistonga ketmayotganini ma’lum qilaman”¸ degan qisqa javob yo‘lladi.

Gulnora Karimova va qolgan besh o‘zbekistonlik ustidan ochilgan jinoiy ish jarayonini yaqindan kuzatayotgan Shveysariyadagi yetakchi Le Temps gazetasi muxbiri Sylvain Besson shveysariyalik tergovchilar ishni sudga oshirishni tezlatish maqsadida Toshkentga safar qilishni rejalaganini aytadi:

- Shveysariyadan 5-6 prokuror va advokat bir yilcha oldin Toshkentga borgan edi. Patrik Lamon boshchiligidagi bu guruh bilan Gulnora Karimovaga Shveysariya tomonidan advokatlik qilayotgan Gregoire Mangeat ham borgan va Karimova bilan uchrashgan edi. Ular kelasi hafta Toshkentga borishni rejalagan edi. Maqsad¸ mening manbalarimga ko‘ra¸ ishni sudga oshirish uchun lozim so‘nggi ko‘rsatmalarga figurantlarning imzosini qo‘ydirish bo‘lgan¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Sylvain Besson.

Besson 19 oktabr kuni tergovga yaqin manbalariga tayanib turib¸ asl egasi Gulnora Karimova ekani aytilayotgan 800 million dollar ustida¸ hali bu pullar sud tomonidan musodara qilinmay turib¸ kamida uch davlat – O‘zbekiston¸ AQSh va Hollandiya tortishayotgani¸ ayni paytda¸ Shveysariya va Shvetsiya ham bu pullardan u yoki bu shaklda ulush olishni ko‘zlayotganini yozgan edi.

Shveysariyalik tergovchilarning noma’lum muddatga qoldirilgan safari ana shu pullarning restitutsiyasiga ham bevosita aloqador edi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Besson:

- Men bu safarning muzlatilgan pullar restitutsiyasiga bevosita bog‘liqligini taxmin qilayotgan edim. Menimcha¸ prokurorlar ish yuzasidan ayblov xulosasini tugatay, deb qolgan va ular suddan bu pullarni musodara qilishni so‘rashga hozirlanmoqda. Pullarni musodara qilish uchun sudning hukmi va tamg‘asi kerak¸ xolos. Agar ayblanayotganlar qo‘yilayotgan aybni bo‘yniga olsa va tegishli ko‘rsatmalarga qo‘l qo‘yib bersa¸ bu jihat sudda prokuratura so‘rovining tezgina qondirilishi va sudning ayblanuvchilarga sirtdan hukm chiqarishiga asos beradi. Agarda¸ ayblanuvchilar¸ yo‘q¸ men aybni bo‘ynimga olmayman¸ haqiqiy¸ ochiq sud bo‘lishini talab qilaman¸ deb turib olsa¸ jarayon murakkablashadi va juda uzoqqa cho‘ziladi. Menimcha¸ prokuror Lamon¸ Toshkentga ana shu niyatda ketayotgan edi¸ deydi Besson.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Shveytsariya tergovchilari o‘tgan yilgi safari davomida O‘zbekistonda qamoq yoki hibsda saqlanayotgan Behzod Ahmedov (Ahmedov 2012 yildan beri Rossiyada yashirin yashab yuribdi – tahr.) dan boshqa beshala ayblanuvchi bilan so‘roq-javob qilgan va ulardan to‘rttasi qo‘yilayotgan ayblarni bo‘yniga olgan.

Faqat bitta ayblanuvchi – Gulnora Karimovagina qo‘yilayotgan ayblarni tan olmagan va Ozodlik gaplashgan shveysariyalik mulozim¸ rasmiy Toshkentning shveysariyalik tergovchilari va advokatning kelasi hafta Karimova bilan uchrashishiga ruxsat bermaganining Karimovaning ishni chigallashtirishidan cho‘chiyotgani bilan izohlashga urindi.

“To‘rttala ayblanuvchi¸ aybni bo‘yniga olish orqali¸ O‘zbekiston qamog‘idan tezroq chiqishi mumkin. Lekin Gulnora - boshqa masala. U meni O‘zbekistonda adolatsiz sud qilishdi¸ Shveysariyaga olib ketib¸ u yerda ochiq sud qiling¸ deb talab qilishi mumkin. Gulnorani Shveysariyaga chiqarishga Toshkent rozi bo‘lmaydi¸ juda ko‘p odamlarni¸ xususan¸ hozirgi hukumat tepasidagilarni ham fosh qilishi mumkin. Uning bu talabini rad etish esa¸ ayblanuvchi huquqlarini buzish bo‘ladi. Shunday vaziyatda Gulnorani yetti qavat qulf ostida ushlab turish¸ ikkala tomon manfaatiga ham mos kelishi mumkin”¸ deydi Ozodlik suhbatdoshi.

Shveysariyadagi tergovga aloqador shaxslarning Ozodlikka aytishicha¸ tergovchi ham, unga advokatlik qilayotgan Gregoire Mangeat ham o‘tgan bir yil davomida Karimova bilan ko‘rishish yoki telefon va elektron pochta orqali gaplashishga muvaffaq bo‘lmagan.

“Ochig‘i¸ uning o‘lik-tirigini ham hech kim bilaydi”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan mulozim.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi joriy yilning 28 iyul kuni “G.Karimovaga nisbatan jinoyat ishlari yuzasidan xabar” tarqatgan va unda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan G.Karimovaning O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165, 167, 179, 184, 227 moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgani va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanganini ma’lum qilgan edi.

Ayni bayonotda Bosh prokuratura¸ “G.Karimovaga nisbatan uyushgan jinoiy guruhga jinoyatlarni sodir etishga ko‘maklashish holatlari bo‘yicha alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom” ettirilayotganini ham bildirgan edi.

Shveysariyaliklarga yuborilgan rasmiy maktub¸ ushbu tergov harakatlarining yakuniga yetib¸ ishning mahkamaga oshirilganini taxmin qilishga asos beradi.

Ammo hozircha O‘zbekiston Bosh prokuraturasi jamoatchilikka bu jarayonga oid biror ma’lumot ochiqlagani yo‘q.

27 oktabr kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati telefon raqamiga qilingan qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG