Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:39

“O‘zfarmsanoat” tugatildi. Farmatsevtika bozoriga yangi-eski o‘yinchilar kirmoqda


Aholini sifatli va arzon dori-darmon bilan ta’minlashni ustivor vazifa qilib belgilagan prezident Shavkat Mirziyoev¸ “O‘zfarmsanoat” konsernini rivojlantirishga oid 12 ta qarordan so‘ng¸ 13-qaror bilan bu strukturani butunlay tugatdi. Aholini O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqariladigan sifatli va arzon dori-darmon bilan ta’minlash vazifasi endi yangi tuzilgan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga yuklandi.

“O‘zfarmsanoat” motamda

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan beri mamlakat farmatsevtika sohasidagi asosiy o‘yinchi bo‘lib kelgan “O‘zfarmsanoat” kontsernining 8 noyabr kuni Ozodlik gaplashgan mutasaddisi¸ bu qarordan “hamma motamda” ekanini ta’kidladi.

Bugun rais hammani to‘plab aytdilar¸ bugundan boshlab hammamiz ishdan bo‘shadik. Sizlarning qatorda men ham”¸ deb. Shu gapni aytib¸ o‘zlari Samarqandga ketdilar. Bugundan ishsizmiz hammamiz. Boshqaruvda 40 ta odam ishlaydi. Tarkibiga kirgan korxonalar soni 172 ta. Bilasiz¸ bizda prezident qarori muhokama qilinmaydi¸ uni faqat bajarish kerak. Shunaqa qaror kerakmidi, yo‘qmi¸ degan savol so‘ralmaydi. Shunaqa qaror chiqarishga ehtiyoj bormi¸ degan muhokama bo‘lgani yo‘q. Qaror chiqdi¸ bu yog‘i endi ura-ura¸ bos-bos”¸ dedi 7 noyabr kuni tugatilgan “O‘zfarmsanoat” mutaxassisi.

Suhbatdosh ta’kidicha¸ Shavkat Mirziyoev prezident bo‘lganidan 7 noyabrga qadar farmatsevtika sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan 12 ta qaror chiqarilgan.

Biz bu qarorlarni bajaramiz deb chopqillab yuruvdik. Ichki mahsulotni bunchaga oshiribsan¸ buncha dori chiqaribsan¸ buncha investitsion loyiha kiritibsan¸ deb qarsakbozlik qilib turib¸ 13-qaror bilan “O‘zfarmsanoat”ni o‘ldirdi-qo‘ydi. O‘zi chet ellarda 13 raqamini bejizga bexosiyat deyishmas ekan”¸ deydi tugatilgan konsernning ishsiz qolgan mutasaddisi.

Prezident qaroriga muvofiq¸ “O‘zfarmsanoat” o‘rnida tuziladigan Agentlikka rahbarni shaxsan prezidentning o‘zi tayinlaydi va uning maqomi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirining 1-o‘rinbosari darajasida bo‘ladi.

Vazirlikning 8 noyabr kuni Ozodlik bog‘langan rasmiysi¸ hoizrcha yangi agentlikka kimning rahbar etib tayinlanishi ma’lum emasligini bildirdi. Tugatilgan konsern xodimlari taqdiri¸ bu rasmiyning aytishicha¸ yangi rahbarga bog‘liq bo‘ladi.

O‘zfarmsanoat” xodimlaridan kimlarga yangi agentlikdan ish taklif etiladi¸ qaysilariga yo‘q¸ bunisini agentlikning yangi rahbari hal qiladi”¸ dedi vazirlik rasmiysi.

“O‘zfarmsanoat” tugatilishining rasmiy sababi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 7 noyabr kuni imzolagan qaror “Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb ataladi.

Chiqarilgan avvalgi qarorlarga qaramay¸ mamlakat farmatsevtika tarmog‘idagi ahvolning qoniqarsizligi aytilgan yangi qarorga berilgan rasmiy sharhda¸ ayniqsa¸ bu tarmoqdagi mahalliy ishlab chiqarish avholi tanqid qilingan.

Bugungi kunda tarmoqdagi mahalliy korxonalar yuqori sifatli va raqobatbardosh farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish imkoniga ega emas.

Masalan, “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni tarkibiga kiruvchi korxonalar umumiy sonining 19 foizi faoliyat yuritmayapti, 30 foizining ishlab chiqarish faoliyati tayyor mahsulotni qadoqlash, o‘rash va yorliq yopishtirish bilan chegaralangan.

Hozirgi vaqtda dori ishlab chiqarish uchun import qilinayotgan xom ashyo umumiy sonining 23,4 foizi tayyor mahsulot hisoblanadi.

Mahalliy farmatsevtika korxonalarining ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazishga bo‘lgan manfaatdorligi mavjud emasligi oqibatida “O‘zfarmsanoat” kontserni korxonalari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan asl dori vositalarining ulushi bor yo‘g‘i 1,3 foizni tashkil etadi”¸ deyiladi rasmiy sharhda.

Shundan kelib chiqib¸ prezident “O‘zfarmsanoat” konsernini tugatish¸ uning zaminida Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibidagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etishga qaror berdi.

Qo‘shib yozish?

Prezidentning 7 noyabr kungi qarori bilan tugatilgan “O‘zfarmsanoat” DAK rahbari Mirzanozim Do‘smurotov joriy yil 9 fevral kuni mahalliy matbuotda e’lon qilingan bayonotida¸ farmatsevtika sanoatidagi ahvolga oid butunlay boshqacha raqamlarni keltirgan edi.

Mamlakat farmatsevtika bozorida mahalliy mahsulot ulushi 50%dan oshdi, 2017 yil oxirigacha esa ushbu ko‘rsatkichni 70%gacha yetkazish rejalashtirilgan”¸ degan Do‘smurotov ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga qat’iy belgilangan narxdagi dori-darmonlar ro‘yxati ham kengayib¸ mahalliy dori-darmonlar narxining arzonlashib borishini va’da qilgan edi.

Prezident qaroriga berilgan rasmiy sharhda¸ O‘zbekiston ichkarisida ishlab chiqarilayotgan asl dori-ramonning bozordagi ulushi 1¸3 foizdan oshmasligi¸ qolgani chetdan keltirilgan tayyor mahsulotni qadoqlash¸ o‘rash va yorliq yopishtirish ekani aytildi.

Ikki rasmiy bayonotda keltirilgan raqamlardagi buncha katta tafovutdan¸ ichki ishlab chiqarish miqdoriga oid raqamlarni soxtalashtirish¸ xususan ularni bo‘rttirish “O‘zfarmsanoat” tugatilishida belgilovchi rol o‘ynagani anglashiladi.

“O‘zfarmsanoat” tugatilishining norasmiy izohlari

O‘zbekiston farmatsevtika bozoridagi asosiy monopolist hisoblangan “O‘zfarmsanoat” davlat konsernining tugatilib¸ uning o‘rnida maqomi pasaytirilgan agentlik tashkil etilishi ortidagi sabablar turli talqinlarga sabab bo‘lmoqda.

Xususan¸ Farg‘ona.ru nashri bu harakatni bozor egalari o‘zgargani bilan izohlashga urindi.

Farg‘ona”ga yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra¸ 2011 yilgacha O‘zbekiston farmatsevtikasini Gulnora Karimova bekitiqcha nazorat qilib kelgan. Ammo prezidentning to‘ng‘ich qizi chetga surilganidan keyin¸ bu serdaromad soha uning onasi Tatyana Akbarovna qo‘liga o‘tgan. Shuningdek¸ “O‘zfarmsanoat” konserni sobiq rahbarlaridan ayrimlariga jinoiy ish ochilgani haqida ham ma’lumot bor”¸ deb yozdi 8 noyabr kuni Farg‘ona agentligi.

Ayni paytda¸ vaziyatdan xabardor bir-biridan mustaqil ikki o‘zbekistonlik kuzatuvchi¸ farmatsevtika sanoatiga uning boshqaruvini mustaqillikdan keyin bir muddat o‘z qo‘liga olgan shaxs va klanlar qaytayotganini iddao qildi.

1993 yili tashkil etilgan “O‘zfarmprom” (o‘zbekchasi “O‘zfarmsanoat”) ning birinchi raisi Qobul Qayumovich Shodiev edi. Asli kasbi tish doktori bo‘lgan bu odam o‘zbekistonlik milliarder Fattoh Shodievning tug‘ishgan akasi. Shu odam¸ aniqrog‘i¸ ishbilarmon Shodievlar oilasi mustaqil O‘zbekiston farmatsevtika bozorini o‘z nazoratiga olgan edi. Toshkent farmatsevtika zavodi¸ Guliston va Samarqanddagi har xil farmatsevtika korxonalari shularniki edi. Keyinchalik¸ taxminan 90-yillar oxiriga kelib¸ bu oila manfaatlari Gulnora Karimova bilan to‘qnasha boshladi¸ ular sekingina bozor xo‘jayinligidan chetga surildi¸ o‘z faoliyatini boshqa postsovet davlatlariga ko‘chirdi. Lekin ularning farmatsevtika bozoridagi o‘rni butunlay yo‘q bo‘lib ketgani yo‘q. Bilishimcha¸ bu bozor nazoratini yana Shodievlar klani o‘z qo‘liga olayapti. Prezident qarori¸ maydondagi eski o‘yinchilarni supurib¸ o‘rnini yangilariga bo‘shatib berishga xizmat qiladi”¸ deydi O‘zbekiston avvalgi va joriy boshqaruvidagi ichki jarayonlardan yaxshi xabardor sobiq mulozim.

Ozodlik ixtiyorida Shodievlar klanining O‘zbekiston farmatsevtika sanoatidagi avvalgi va joriy ulushini ko‘rsatuvchi aniq ma’lumotlar hozircha yo‘q.

(Bunday ma’lumot sizda bo‘lsa¸ ularni Ozodlikka yo‘llash orqali jamoatchilik bilan baham ko‘rishingiz mumkin.)

Алоқадор

XS
SM
MD
LG