Afg‘onistonliklar uchun Surxondaryo viloyat, Termiz tumanidagi Yangiariq qishloq xo‘jalik kolleji bazasida o‘quv markazi ochiladigan bo‘ldi. O‘zbekistonning janubiy qo‘shnisi fuqarolari o‘qish xarajatining yarmini to‘laydi, xolos. Qolgan yarmini “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi to‘laydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi 13 noyabrda qabul qilgan qarorda aytilgan.
1978 yili Afg‘onistonda sovetparast rejim o‘rnatilganidan so‘ng afg‘onistonlik talabalar sobiq sovet respublikalari, jumladan O‘zbekistondagi o‘quv yurtlarida o‘qiy boshlagan edi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng esa, janubiy qo‘shni bilan ta’lim sohasidagi aloqalar to‘xtab qolgan.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan Yangiariq qishloq xo‘jalik kolleji bazasida ochilayotgan o‘quv markazida afg‘onistonliklar oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi oladi, shuningdek, ular qayta tayyorlanib, malakasi oshiriladi.
Markazda Afg‘oniston tomoni buyurtmanomalariga muvofiq gumanitar, pedagogika va muhandis-texnik ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Ta’lim markazi qachon ochiladi? Markazda afg‘onistonlik o‘zbeklar o‘qiydimi yoki u barcha afg‘onistonliklar uchunmi?
Shu va boshqa savollarga Ozodlik O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan javob ololmadi. Vazirlikning ikki etakchi mutaxassisi o‘zlari ham "qaror bilan endigina tanishganlarini” aytish bilan cheklandi. Lekin hukumat qarorida bilvosita javoblar mavjud.
Ta’lim markazini ochish uchun 1 oylik muhlat berildi
Hujjatda Termiz tumanidagi Yangiariq qishloq xo‘jalik kolleji bino va inshootlarini Ta’lim markazini joylashtirish uchun 1 oy muddatda o‘tkazib berish, shuningdek, 1 oy muddat ichida Markazni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish lozimligi belgilab qo‘yilgan.
Ta’lim markazi tarjimonlar bilan ta’minlanadi
Hukumat qarorining 18- bandidan Ta’lim markazida millatidan qat’iy nazar barcha afg‘onistonliklar o‘qishi mumkinligi tushuniladi. Unda “tegishli horijiy tillarga ixtisoslashgan malakali sinxron tarjimonlarning Markaz o‘quv jarayoniga jalb etilishi ta’minlansin” deyilgan.
O‘zbekistonning janubiy qo‘shnisiga g‘amxo‘rligi
Ta’lim markazida afg‘onistonliklar to‘lov-kontrakt asosida o‘qitiladi. Mablag‘ning yetishmaydigan qismini O‘zbekiston byudjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Qarorda mana bu gap ham bor:
“Belgilansinki, Afg‘oniston Islom Respublikasining fuqarolari o‘qish uchun to‘lovni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan chet el fuqarolari uchun nazarda tutilgan ta’lim qiymatining 50 foizi miqdorida yuborayotgan tomon mablag‘lari hisobidan to‘laydi. To‘lovning qolgan qismi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mablag‘lari hisobidan qoplanadi”.
Savr inqilobi shimolga ochgan yo‘l
Ozodlik radiosining Afg‘onistondagi hamkori Olim Ko‘hkan O‘zbekiston hukumati 13 noyabrdagi qarori bilan ta’lim sohasidagi uzilib qolgan Toshkent-Kobul munosabatlarini qayta tiklayotganini e’tirof etarkan, bundan chorak asr oldingi vaziyatni eslab bunday dedi:
- Toshkent bilan Kobul o‘rtasida ta’lim sohasidagi aloqalar 1978 yilda sodir bo‘lgan Savr inqilobi tufayli Afg‘onistonda Moskvaga tarafdor hukumat kelganidan so‘ng boshlangan. O‘shandan boshlab butun sovet respublikalariga, shu jumladan O‘zbekistonga ham afg‘onistonlik talabalar borib o‘qigan edi. Bu jarayon prezident Najibulloh hokimiyati qulashi bilan to‘xtadi. Bu vaqtga kelib SSSR ham tarqab ketgan edi, dedi Olim Ko‘hkan.
Ilm har joyda, afg‘onistonlik o‘zbek uchun til faqat O‘zbekistonda
Afg‘oniston shimolidagi Jovuzjon viloyati universitetining o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi Nurulloh Oltoy 1982-87 yillarda Toshkent davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida o‘qigan.
Ozodlik bilan suhbatda Nurulloh Oltoy Vazirlar Mahkamasining afg‘onistonliklar uchun Ta’lim markazi ochish to‘g‘risidagi qarorini olqishladi.
Bunday o‘quv dargohi, Oltoyning fikricha, ayniqsa, Afg‘oniston shimolidagi 9 viloyat aholisining ko‘pchiligini tashkil qiladigan o‘zbeklar uchun o‘ta zarurdir.
- Afg‘onistonlik o‘zbeklar hanuzgacha o‘zining adabiy til standartlariga ega emas. Modomiki, O‘zbekistonda shunday harakat boshlangan ekan, bu afg‘on o‘zbeklari tili rivoji uchun asos bo‘ladi, deb umid qilaman. Boshqa ilmlarni dunyoning istalgan davlatida olish mumkin. Lekin afg‘on o‘zbeklari o‘zlarining adabiy normativ tiliga ega bo‘lishi uchun yagona manba O‘zbekistondir, dedi Nurulloh Oltoy.