Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 17:03

+18: Andijon hokimi 64 yashar o‘qituvchi ayolni “harom”, “hayvon” deb so‘kdi (AUDIO)

  • Садриддин Ашур/Озодлик

Андижон шаҳар ҳокими Дилмурод Раҳматуллаев. Сурат Кун.уз сайтидан олинган.

Andijon shahar hokimi 43 yashar Dilmurod Rahmatullayevning 16 oktyabr kungi majlisda kollej o‘qituvchilarini “shakal”, “tvar”, “hayvon”, “eshshak” deb haqorat qilgani haqidagi Ozodlik xabari ortidan hokimning navbatdagi so‘kinishlari yozilgan yana bir audiofayl paydo bo‘ldi. 27 noyabr kuni Ozodlikka yuborilgan audioda 18 noyabr kuni o‘tkazilgan majlisda hokimning ikki nafar keksa mahalla faolini “shakal, kampir, harom” kabi so‘zlar bilan haqorat qilgani yozilgan.

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayevning 18 noyabrda paxta masalasida o‘tkazgan navbatdagi dag‘dag‘ali yig‘ilishidan yozilgan bu audioni shu majlis ishtirokchilaridan biri o‘z shaxsi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka jo‘natdi.

“Men, hokimimizning og‘zi iflosligi haqidagi Ozodlik maqolasini o‘qiganimdan so‘ng, bu audioyozuvni sizlarga jo‘natayapman. Chunki, bu voqeaga o‘zim guvoh bo‘lganman. Hokim majlisda nimanidir o‘zaro gaplashgan ikki nafar ayolni juda ham yomon haqorat qildi. Ulardan biri yoshi anchaga borib qolgan ayol edi”, deydi majlis qatnashchilaridan biri.

Ozodlikka yuborilgan audiofayl qariyb ikki minut davom etadi.

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev ekani aytilgan shaxs tuman mahalla kengashi raisini so‘roq qilar ekan, zalda o‘zaro gaplashib qolgan ikki nafar ayolga ko‘zi tushadi va ularni tutoqib haqorat qilishni boshlaydi.

“Nima qilib o‘tiribdi bu yerda, anavu ikkita shakal. Kampir, anavu shakal, tvar, anavu ikkita. Harom, horom! Mana betga kelib gaplashsa bular ikkita iplos, hayvonlar, nimani gaplashayapti, bilmiyman men, hayvon. Kelishma bundan kegin. Raisingni o‘rniga kelma, o‘lsa janazasiga boraman” degan hokim bu ikki ayolni zaldan haydab chiqaradi.

Yozuv davomidan anglashilishicha¸ hokim Dilmurod Rahmatullayev shundan so‘ng shahar mahalla kengashi raisi Ravshan Yo‘ldoshevni turg‘izib qo‘yib, dag‘dag‘a qilishga o‘tadi.

“Men bilan ishlaydiganlar, yaqinda pichog‘ olaman men. Sohama-soha ketayapman men ham, bittama-bitta ketayapman. Mahallaga ketayapman. Mahallani tartibga solib olaman men. Menga ham oson bo‘layotgani yo‘q. Ikki yil shaharda ega bo‘lmagani uchun, shunaqa hammayog‘ enasinikiga kirib ketgan(stolni ketma-ket qattiq mushtlaydi – tahririyat). Sekin-sekin tiklab olaman. Hammasini tiklab joy-joyiga qo‘yib olaman. Haqiqiy komandani shakllantirib olaman. O‘zim boshqarmalarni tartibga solib olaman. Qolganlarniyam tartibga solvolaman. Arg‘amchini uzun qilib tashlab qo‘ydim mahallani raislariga Ravshan akani boshchiligida , degan hokim yana mavzuni zaldan chiqarib yuborilgan mahalla maslahatchilariga qaratadi.

“Iflos, maktab-bog‘chalarni opchiqmaganligi uchun gaplashayapman¸ bu ikkita horom, horom, tvar, manerda meni muhokama qilib o‘tiripti iplos. Shshshshakal!”, deydi hokim Dilmurod Rahmatullayev.

Ozodlik o‘z surishtiruvi davomida hokim tomonidan haqoratlangan ayollar ismi-sharifini va ularning mahalla boshqaruvidagi maqomini aniqladi. Ozodlik muxbiri bilan suhbatda shunday haqoratga duch kelganini tasdiqlagan bu keksa ayollardan biri¸ quda-anda¸ mahalla-ko‘y ichidagi obro‘siga putur yetkizmaslik uchun¸ o‘z shaxsi sir qolishini so‘radi.

"Bilasiz¸ o‘zbekchilik. Shunaqa haqorat qipti hokim¸ deb gap-so‘z bo‘lib ketsa¸ yaxshimas. Ollohga soldim"¸ dedi Ozodlik gaplashgan haqoratlangan ayollardan biri.

18 noyabr kungi yig‘ilishda bevosita qatnashganlardan birining Ozodlikka aytishicha, bu ayollar shaharning San’at va Qo‘shariq mahalla raislarining maslahatchilari bo‘lgan.

“Men majlisda shu ayollarning ortida o‘tirgan edim. “San’at” mahallasining maslahatchisi, yoshroq bir ayol yonidagi keksa ayoldan nimanidir sekin so‘radi va onaxon ham javob berdi. Buni hokim eshitib qolib, yuz-ko‘zing, yoshing, ayol demasdan qattiq haqorat qildi va zaldan haydab chiqardi. Men bu keksa ayolni yaxshi taniyman. Qirq yil o‘qituvchilik qilgan. Qo‘shariq mahallasining izzat-ikromli ayoli. Sho‘rlik, ko‘zlarida yosh bilan, boshini egib chiqib ketdi. Men ham, boshqalar ham, uning himoyasi uchun bir so‘z aytolmadik. Chunki, hamma hokimning qasd olishidan qo‘rqib qolgan. Hokim har bir majlisda yomon ko‘rgan odamlarining faoliyatini tekshirtirish uchun melisa, soliqchi, prokurorni yuborish bilan tahdid qiladi”, dedi majlis qatnashchilaridan biri.

18 noyabr kungi majlis tafsilotlaridan bevosita xabardor yana bir andijonlik faolning aytishicha¸ shahar Mahalla xayriya jamg‘armasi raisi Ravshan Yo‘ldoshev ham hokimning ushbu majlisdagi haqoratlariga chiday olmay, iste’fo bergan.

Ozodlik Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev bilan bog‘lanishga harakat qildi. Shahar hokimligi qabulxonasida o‘tirgan shaxs hokimning ish joyida emasligini aytib¸ Ozodlik savollariga javob berishni istamadi.

Ismi sir qolishini so‘ragan hokimlik mulozimiga ko‘ra, hokim so‘kinishlari yozilgan audio Ozodlikda e’lon qilingani ortidan mobil telefoni raqamini almashtirgan va uni viloyat hokimidan boshqa hech kimga bermagan.

Bundan avval Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev kollej o‘qituvchilarini “shakal”, “tvar”, “hayvon”, “eshak” deb haqorat qilingani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Hokim o‘tkazgan so‘nggi majlislarda qatnashgan andijonliklardan birining aytishicha, hokim Ozodlik maqolasidan so‘ng, so‘kinishni bir muddat to‘xtatgan.

Lafzida turmagan hokimlar

Andijon davlat universiteti va Andijon qishloq xo‘jaligi unversitetlarini tugatgan 43 yashar Dilmurod Rahmatullayev 2015 yilgacha viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasidan bo‘shatilgan edi. 2017 yilda u Andijon shahriga hokim etib tayinlandi.

Joriy yilning iyul oyida Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida Dilmurod Rahmatullayev o‘qituvchilarni obodonlashtirishga va boshqa ishlarga jalb etmaslikka va’da bergan edi.

Bunday va’dani Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ham Xalqaro press-klubdagi uchrashuvda bergan va keyinchalik o‘qituvchi va shifokorlarning dala ishlariga jalb qilinishini “jinoyat” deb atagan edi.

Lekin bu yilgi paxta mavsumida Andijon viloyati va tumanlar hokimlari o‘qituvchi va shifokorlarni paxta terimiga majburan jalb qilgani haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev juma kuni o‘tkazilgan selektor majlisida qo‘pol muomalali hokimlarni tanqid qilgan edi:

“Lekin, afsuski guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, o‘z mas’uliyatini unutib, oyog‘i yerdan uzilgan, “men rahbarman, nima qilsam ham meniki to‘g‘ri”, degan xato fikr bilan g‘o‘dayib yurgan ayrim odamlar ham yo‘q emas. Ularning o‘z xizmat vakolatini suiiste’mol qilib qo‘l ostidagi xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘layotgani, haqorat qilib, hatto qo‘l ko‘tarayotgani haqida bizga ko‘plab ma’lumotlar kelib tushmoqda. Bu bizga umuman noma’qul narsa, bu illatni yo‘q qilish kerak, vaqtu soati o‘tdi, odamlar ko‘tarmaydi endi. Bunday rahbarlar o‘zining kibru havosi, boshqalarni mensimasligi, o‘zboshimchaligi va qo‘polligi bilan odamlarni va jamoatchilikni birlashtirish o‘rniga, aksincha jamiyatimizda mehr-oqibat muhitini buzishga sabab bo‘layotgani bizda katta tashvish uyg‘otmoqda”, dedi prezident.

Hokimlarning zo‘ravonligi davom etyapti

Toshkent viloyat, Parkent tuman hokimi Ne’matulla Abdullayev 1 noyabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishda paxta terimiga kam odam chiqargan rahbarlarni haqorat qilayotgani yozilgan 45 minutlik audiofayl Ozodlik tahririyatiga kelib tushgan va hokim tashkilot va korxonalar rahbarlarini, mahalla oqsoqollarini ayamay so‘kar ekan, 45 minut davomida 126 marta uyatli so‘z qo‘llagan edi.

Kun.uz sayti Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida avgust oyi oxirida ro‘y bergan voqea aks etgan videoni e’lon qilgan edi. Videoda "Sayxunobod tuman hokimi Nosirjon Mahmudovich Egamberdiyev", deb taqdim qilingan shaxs tumandagi maktablarning direktorlarini bir qatorga terib olib, bir chekkadan kaltaklagani tasvirlangan.

Ozodlikdan: Agar sizda ham hokim va boshqa rahbarlarning o‘z qo‘l ostidagi xodimlarni yoki oddiy odamlarni haqorat qilgani, kaltaklagani haqida ma’lumotlar, audio va videolar bo‘lsa bizga yuboring.

Telegram, WhatsApp tarmog‘idagi raqamlarimiz: +420 724 971 539; +420 724 740 755. Elektron pochtamiz: ozodlikmail@gmail.com 60 yildan ziyod vaqt mobaynida xolis jurnalistika andazalari asosida faoliyat yuritayotgan Ozodlik radiosi, agar istasangiz, shaxsingiz sir qolishini kafolatlaydi.

XS
SM
MD
LG