Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:30

Ishdan olingan Samarqand viloyati hokimi Turob Jo‘raev jinoiy ish figurantiga aylandi


Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘raev
Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘raev

12 iyul kuni bir-biridan mustaqil rasmiylar va tadbirkorlar Ozodlikka Samarqand viloyat hokimi 52 yashar Turobjon Jo‘raev hamda viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Abdullaevning 10 iyul kuni qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan respublika huquq tizimi rasmiysi Samarqand hokimi ustidan jinoyat ishi ochilganini tasdiqladi.​

Ayni paytda¸ Ozodlik hozircha Jo‘raevning jinoyat ishi figurantiga aylanganini tasdiqlovchi rasmiy hujjatga ega emas.

Mahalliy qurilish shirkati rahbari va viloyat hokimligining kapital qurilish bo‘yicha mulozimiga ko‘ra¸ viloyat hokimi va o‘rinbosari Samarqandning YUNESKO himoyasidagi hududida 7 va 9 qavatli uylar qurish uchun qurilish kompaniyalaridan pora olganlikda gumonlanmoqda.

O‘zini viloyat hokimining kotibasi deb tanishtirgan ayol Ozodlik bilan suhbatda Turob Jo‘raevning hibsga olinganini inkor etmadi va 13 iyul kuni Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining yig‘ilishida kadrlar masalasi kun tartibiga kiritilganligini bildirish bilan kifoyalandi.

Mahalliy matbuot hokimni "ishdan oldi"

Mahalliy nashrlar¸ xususan¸ kun.uz nashri Samarqand viloyati hokimi ishdan olinib¸ uning o‘rnini Erkinjon Turdimov egallgani haqida yozdi. Bu nashrlarga ko‘ra¸ “Surxondaryo viloyatiga Toshkent viloyati prokurori Bahodir Po‘latovning yangi hokim etib tayinlanishi” kutilmoqda. Po‘latov mustaqillikning dastlabki yillarida “Bolalar” estrada guruhining xonandasi sifatida jamoatchilikka tanilgan edi.

Karimov poraxo‘rlikda ayblab ishdan haydagan hokim

2017 yilning 13 iyunida Shavkat Mirziyoev tarafidan Samarqandga hokim etib tayinlangan Turobjon Jo‘raev Islom Karimov davrida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga hokimlik qilgan¸ shuningdek¸ 2004-2008 yillarda Xalq ta’limi vaziri bo‘lib ishlagan.

Jo‘raev 2013 yili prezident Karimovning qattiq tanqidi ortidan Qashqadaryo hokimligidan bo‘shatilib¸ mamlakat boshqaruv tizimidan butkul chetlatilgan edi. O‘shanda Jo‘raev korrupsiya va poraxo‘rlikda ayblangan edi.

Karimov o‘limidan keyin davlat rahbarligiga kelgan Shavkat Mirziyoev boshqa "urilgan rahbarlar" qatorida Jo‘raevni ham boshqaruv tizimiga qaytardi va uni 2017 yil aprel oyida Bekobod tuman hokimi etib tayinladi.

Samarqanddagi ko‘p qavatli uylar mojarosi

Ozodlik suhbatlashgan mahalliy qurilish shirkati rahbariga ko‘ra¸ “Samarqand qadimiy qismida ko‘p qavatli uy qurgani uchun ustidan jinoiy ish ochilgan tadbirkorlar viloyat hokim va hokimlikning boshqa amaldorlariga qarshi ko‘rsatma bergani ortidan mulozimlar qo‘lga olingan”.

YUNESKO himoyasidagi hududda noqonuniy qurilgan uylar masalasi Umumjahon madaniy merosi qo‘mitasining iyun oyi oxirida o‘tgan yig‘ilishida tilga olingani ortidan O‘zbekiston rahbariyati bu masalaga e’tibor qaratgan edi.

Bosh vazir Abdulla Aripov 23 iyun kungi Samarqandga borib¸ “pora evaziga izn olib shaharning qadimiy qismida qurilgan 7 va 9 qavatli uylarni buzishni buyurgan edi. Bosh vazir buyrug‘idan keyin YUNESKO himoyasidagi Mironshoh ko‘chasida «Afrosiyob Xosiyat Begim makoni» shirkati tarafidan qurilgan 7 qavatli bino buzila boshlandi.

Bino demontajini amalga oshirgan «Umar» shirkati vakili Ozodlik bilan suhbatda Samarqandning YUNESKO himoyasidagi Bo‘stonsaroy, Shohruh, Orzu Mahmudova ko‘chalarida iznsiz qurilgan ko‘p qavatli binolar haqida ma’lumot bergan edi.

Viloyat hokimligining kapital qurilish bo‘yicha mulozimiga ko‘ra¸ ayni binolar masalasi ham 23 iyun kuni Bosh vazir tarafidan ko‘rib chiqilgan va ularni qurgan shirkat rahbarlari ustidan jinoiy ish ochilgan.

Mahalliy qurilish shirkati rahbarining Ozodlikka aytishicha¸ viloyat hokimligida ko‘p-qavatli uylar uchun ruxsat olishning korrupsion sxemasi mavjud:

- Har bir shirkat "begunok" (qaror chiqunga qadar barcha idoralar roziligi olingani haqidagi hujjat - tahr.) uchun 20 ming AQSh dollari berib kelgan. Keyin quriladigan uyimning har bir pod’ezdi uchun 25 ming dollardan taksa belgilashgan. Masalan¸ 8 pod’ezdli 7 qavatli uyga ruxsat olish¸ "begunok" bilan qo‘shganda 220 000 AQSh dollar bo‘ldi. Bu pullarning asosiy qismi hokim va uning qurilish bo‘yicha o‘rinbosariga ketgan¸ deya iddao qildi qurilish shirkati vakili.

Ozodlik Turob Jo‘raev va uning o‘rinbosarlari¸ jami 10 nafardan oshiq Samarqand viloyati boshqaruvidagi amaldorlar ustidan surishtiruv boshlangani va ularning hibsga olingani haqidagi ma’lumotlarga oydinlik kiritishni so‘rab O‘zbekiston prezidenti va Bosh prokuratura matbuot xizmatiga murojaat qildi.

Mutasaddi idoralar hozircha bu xabarni na inkor qildi¸ na tasdiqladi.

Ozodlik Samarqanddagi kadr o‘zgarishlari va korrupsiya tekshiruvlari jarayonini kuzatishda davom etadi.

(Bu jarayonga bevosita aloqador bo‘lsangiz¸ bilganlaringizni Ozodlikning Telegram kanaliga yuboring.)

XS
SM
MD
LG