Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 07:13

Dog‘istonda rep "islomga zid axloqsizlik" deb topildi. MC Doni va boshqalar konsertini bekor qildi


Rossiyaning eng konservativ jamiyatlaridan biri bo‘lgan Dog‘iston Respublikasi reperlar va boshqa estrada xonandalari uchun taqiq joriy qilingan hududga aylanishi mumkin. Aksar aholisi musulmon bo‘lgan bu hududda reperlar san’atiga islomga to‘g‘ri kelmaydigan axloqsizlik va andishasizlik deb qaralmoqda.

So‘nggi marta reper El-Jey va estrada xonandasi Yegor Kridning 9 sentabrda Maxachqalada o‘tkazilishi mo‘ljallangan konserti bekor qilindi. Bunga tadbir oldidan ijtimoiy tarmoqlarda avj olgan haqorat va tahdidlar sabab bo‘ldi.

Onlayn muhokamalarning aksariyatida qo‘shiqchilarning qarashlari va turmush tarzi qizg‘in bahslarni keltirib chiqardi. Ularga Chechenistonning tinib-tinchimas rahbari Ramzan Qodirov bilan asli dog‘istonlik aralash yakkakurash bo‘yicha jahon chempioni Habib Nurmagomedov ham qo‘shildi.

Ko‘plab dog‘istonliklar El-Jeyning qo‘rqinchli qarashi, ochiq-sochiq kiyingan ayollar, qon va jinsiy aloqa tasvirlangan videolaridan norozi bo‘lmoqda.

Aftidan sog‘lom, Jastin Biberga o‘xshash Krid ham tatu – igna bilan o‘yib solingan suratlarga to‘la tanasi (konservativ musulmonlar tatularni ma’qullamaydi), ayollar, muhtasham hayot va zo‘ravonlik bilan to‘lib-toshgan musiqiy kliplari bilan Dog‘iston jamiyatining o‘sha bo‘lagi hamiyatiga tekkan ko‘rinadi.

Nurmagomedov ham Maxachqaladagi konsertga qarshi chiquvchilar qatoriga qo‘shilgandan so‘ng tadbir bilan bog‘liq shov-shuv kuchayib ketdi. U tomosha bekor qilinsa, “zarar ko‘p bo‘lmasligi”ni aytdi. Asli Dog‘istonda tug‘ilib o‘sgan Nurmagomedov bu hududdagi eng mashhur odamdir.

Habib Nurmagomedov
Habib Nurmagomedov

Bunga qo‘shiqchi-prodyuser-aktyor-tadbirkor Timati video orqali Nurmagomedovni tanqid qilish bilan javob qaytardi.

‒ Qo‘shiqlarimizni yoqtirmasligingni bilaman, lekin xalqimizning fikrini hurmat qilishing kerak... Kimnidir yoqtirmaganing uchun unga taqiqlovni qo‘llashing yaxshi emas, ‒ dedi Qodirovning do‘sti Timati.

Engil vazn bo‘yicha jahon chempioni Nurmagomedov Timatiga Instagram orqali darg‘azab javob qaytardi.

“Har biringiz gapirgan gapingizga javob berasiz, lekin hozir vaqtim yo‘q... Men hech kimni biror ish qilishga majburlayotganim yo‘q, ‒ deb yozdi Nurmagomedov. ‒ Mening o‘z fikrim bor, qandaydir senga o‘xshagan xunasa nima qilishim yoki qilmasligim kerakligini o‘rgatayotgani qiziq”.

U xabarini mana bunday tugatdi: “Men dog‘istonlik birodarlarimga... biz ayrim reperlarning emas, respublikamizning kelajagi uchun javobgarmiz, deb aytmoqchiman”.

Boshqa kavkazlik aralash yakkakurash vakillari ham video va onlayn izohlarida Nurmagomedovni yoqlab chiqdi. Ulardan biri Timati endi hech qachon Dog‘istonda konsert bera olmasligini bashorat qildi.

El-Jey bilan Krid konsertidan tashqari asli millati o‘zbek bo‘lgan MC Doni – Dostonbek Islomovning 8 sentabr kuni Kaspiysk shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan konserti ham bekor qilindi.

Dog‘iston Ichki ishlar vazirligi vakili ijtimoiy tarmoqlarda konsertlarga qarshi yozilayotgan izohlarni “ekstremistik” deb atadi. Uning bildirishicha, bir dog‘istonlik Krid Dog‘istonga kelsa, o‘ldirish bilan tahdid qilgani uchun ushlanib, Maxachqalaga olib kelingan.

Bu mojaro Qodirovni ham befarq qoldirmadi. U Timati bilan Nurmagomedovga vaziyatni o‘zaro kelishib tinchitishni maslahat berdi.

Reperlarning konserti bilan bog‘liq mojaro Dog‘iston uchun yangilik emas. Qolaversa, Rossiyaning boshqa hududlarida ham ayrim hayot tarzi “ziddiyatli” bo‘lgan estrada qo‘shiqchilari konsertlari mojarosiz o‘tmagan.

Besh yil oldin o‘zining geyligini ochiq aytib kelayotgan mashhur rok qo‘shiqchisi Elton Jon Qozonda konsert bermoqchi bo‘lganda noroziliklar yuzaga kelgan edi.

XS
SM
MD
LG