Tojikiston Strategik tadqiqotlar markazi o‘tkazgan ijtimoiy so‘rovda qatnashganlarning 80 foizi O‘zbekistonni "do‘st va birodar davlat", deb atadi.
Ayni paytda Tojikiston va O‘zbekiston Strategik tadqiqotlar markazlari ekspertlari yig‘ilishida ikki davlat o‘rtasida bordi-keldi, viza va minalar kabi masalalarda hal bo‘lmagan muammolar saqlanib qolayotgani e’tirof etildi.
Ikki qo‘shni davlat tadqiqot markazlari ekspertlarining 5 sentabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi munosabatlarga oid Tojikiston tomoni o‘tkazilgan ijtimoiy tadqiqot natijalari e’lon qilindi.
Tadqiqotda ishtirok etgan Tojikiston Strategik tadqiqotlar markazi mas’ul xodimi Sherali Roziyonga ko‘ra, joriy yil aprelida mamlakatning 13 shahar va tumanida 2427 kishi orasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda qatnashganlarning 99 foizi Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni "ijobiy", deb baholagan.
“So‘rov ishtirokchilarining 80 foizi esa, O‘zbekistonni "do‘st va birodar mamlakat" hisoblagan, 71 foizi vizasiz bordi-keldi boshlanishidan xursand ekanini aytgan, 84 foiz tojikistonliklar esa ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar kelajakda yanada rivojlanishiga ishonishini bildirgan,"- dedi Sherali Roziyon.
Tojik va o‘zbek ekspertlari yig‘ilishida mazkur ijtimoiy tadqiqot O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga davlat tashrifi va ikki davlat munosabatlarida katta o‘zgarishlar kuzatilayotgani so‘rov natijalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladilar.
O‘zbekiston Strategik tadqiqotlar markazi bosh ilmiy xodimi Aziz Solihovning aytishicha, mazkur tashrif chog‘ida ikki davlat o‘rtasida turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan jami 27 hujjat imzolangandi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ayniqsa, tojik va o‘zbek vatandoshlarining bordi-keldisi uchun o‘ttiz kungacha vizasiz tartib joriy etilgani ikki mamlakat fuqarolari tomonidan olqishlandi.
Ammo Tojikiston Strategik tadqiqotlar markazi raisining birinichi muovini Sayfullo Safarovning fikricha, davlat chegaralaridan o‘tishda yangi tartib joriy etilgani Tojikistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh mintaqalari aholisi uchun yangi qiyinchilikni tug‘dirgan.
“Zero chegara mintaqalaridagi yashovchilar oldin ichki pasport bilan O‘zbekistonning chegara atrofidagi mintaqalariga bemalol borib kelardi. Yangi tartibga ko‘ra, O‘zbekistonga faqat chet el pasporti bilan o‘tish mumkin. Bunday pasport narxi qimmat - taxminan 100 AQSh dollarini tashkil etadi. Qishloq aholisi chet el pasportini olishga kuchi yetmaydi," - dedi Sayfullo Safarov.
Tojikiston va O‘zbekiston Strategik tadqiqotlar markazlari ekspertlari yig‘ilishida oxirgi bir yil ichida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda buyuk o‘zgarishlar bilan birga Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida vizani butunlay bekor qilish va chegara mintaqalarini minalardan tozalash kabi muammolar saqlanib qolganiga urg‘u berildi.
Ekspertlarning bildirishicha, hozir bu masalalar Tojikiston va O‘zbekiston iqtisodiy va savdo qo‘shma komissiyasi tomonidan har tomonlama muhokama va hal bo‘lmoqda.
Jumladan, Tojikiston Strategik tadqiqotlar markazining raisi Xudoyberdi Xoliqnazarning xabar berishicha, ikki davlat harbiylari chegaradagi mintaqalarni minalardan tozalash ishlarini boshlagan