Линклар

Шошилинч хабар
20 декабр 2025, Тошкент вақти: 09:25

Kiev rossiyalik erkaklarning Ukrainaga kirishini taqiqlab qo‘ydi


Ukraina prezidenti Petro Poroshenko (chapdan birinchi)
Ukraina prezidenti Petro Poroshenko (chapdan birinchi)

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko 30 noyabrda 16 dan 60 yoshgacha bo‘lgan Rossiya vatandoshlarining mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘yganini ma’lum qildi.

Ushbu qadamga ikki mamlakat o‘rtasida vujudga kelgan tanglik sabab bo‘ldi. 25 noyabr kuni rus chegarachilari Ukraina harbiy-dengiz floti kemalariga qarata o‘t ochib, 24 nafar dengizchisini Qrim yaqinida hibsga oldi. Ushbu yarim orolni Rossiya 2014 yili Ukrainadan tortib olgan edi.

Ukraina Qora dengizda NATO qo‘shinlarini ko‘proq joylashtirishga va G‘arb mamlakatlarini Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni davom ettirishga da’vat qildi.

Poroshenko 30 noyabrda Tvitterga qo‘ygan xabarida rossiyalik sayyohlarga nisbatan joriy etilgan cheklovni ularning Ukraina tuprog‘ida “xususiy armiyalar” tuzishining oldini olish zarurati bilan izohladi.

Rossiya tarafi Ukrainaning ushbu chekloviga javob qaytarmasligini bildirdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi voizi Mariya Zaxarova Ukraina hukumatini oddiy kishilarga zarar keltiruvchi siyosat yurgizayotganlikda aybladi.

Ayni choqda Rossiya hukumati tayinlagan Qrim bo‘yicha ombudsmen qo‘lga olingan Ukraina harbiy dengizchilari Moskvaga ko‘chirilayotganini bildirdi.

Rossiya ukrain dengizchilari o‘z chegarasini buzganini iddao qilayotgan bo‘lsa, Ukraina kemalari xalqaro dengiz qoidalariga rioya qilganini aytmoqda.

Bir-ikki kun avval Qrim sudi ukrain dengizchilarini tergov oldidan ikki oy hibsda ushlab turish haqida qaror chiqarganini ma’lum qilgan edi.

AQSh prezidenti Donald Tramp ushbu mojaro sabab Argentinadagi G20 sammiti doirasida Rossiya prezidenti Vladjimir Putin bilan uchrashuvini bekor qildi. Kreml esa bundan taassuf bildirdi.

Poroshenko 29 noyabr kuni Germaniyaning «Bild» gazetasiga bergan intervyusida Yevropa davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishiga va o‘z mamlakatini uning tajovuzidan himoya qilishga umid bildirayotganini aytdi.

U Putin o‘zini «imperator», Ukrainani esa «mustamlaka» deb bilayotganini ta’kidladi.

Germaniya kansleri Angela Merkel sammiti doirasidagi Putin bilan uchrashuvi chog‘ida ukrain kemalari bilan dengizchilarini ozod qilish uchun bosim o‘tkazajagini aytdi. Uning fikricha, ukrain-rus mojarosini harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi.

Azov dengizi Rossiyani Qrimdan ajratib turadi. Joriy yilning may oyida Rossiya Qrimga Kerch bo‘g‘ozi orqali ko‘prik qurdi va uning ustidan nazorat o‘rnatdi.

Ukrainaning Qora va Azov dengizlaridagi portlarini faqat Kerch bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi yo‘l bog‘lab turadi.

XS
SM
MD
LG