Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:16

Qozog‘iston qishlog‘i ahli O‘zbekiston bilan “yer almashtirishga" qarshi chiqmoqda


O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasiga yaqin Qog‘ali ko‘li cheti.
O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasiga yaqin Qog‘ali ko‘li cheti.

Qozog‘iston Respublikasi, Turkiston viloyati, Jetisay tumanidagi Qo‘g‘ali qishlog‘i aholisi yerining O‘zbekistonga berilishiga qarshi chiqmoqda. Ular bu masala ikki o‘rtada mojaroga sabab bo‘lishidan tashvishlanmoqda. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, gap “O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida yer almashish” ustida ketmoqda.

Bu haqda xabar qilgan Ozodlik radiosi qozoq xizmatiga ko‘ra, qishloq ahli “yaylov va ko‘llarning O‘zbekistonga berilishi”ga rozi bo‘lmayapti. Qo‘g‘ali qishlog‘ilik veterinar Duysenbek Kaldibaevning so‘zlariga qaraganda, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida chegaralar 2004-2007 yillarda delimitatsiya va demarkatsiya qilinayotganida Qo‘g‘ali aholisi foydalanib keladigan ming gektardan ortiq yer O‘zbekistonga berilgan.

– O‘shanda qishloq ahli uchun qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ular buni tushinish bilan qarshi olishgan edi. Biz o‘shanda ish shu bilan yakunlanadi deb o‘ylagandik. Biroq 2016 yilda yana “yerlar berilishi” borasida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Xalq norozi bo‘la boshladi, chiqishlar qildik va shundan keyin hammasi izga tushib qolgandek edi, – deydi Kaldibaev.

​Duysenbek Kaldibaevning so‘zlariga qaraganda, so‘nggi vaqtlarda qishloq ahliga ma’lum bo‘lishicha, "Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi betaraf hudud O‘zbekistonga o‘tib qolgan". Qishloq ahli, ayniqsa, Qo‘g‘ali ko‘li O‘zbekistonga o‘tib ketishidan qayg‘urayotgani haqida gapirar ekan, Kaldibaev dedi:

–Qo‘g‘alida 200 ga yaqin uy bor. Aholi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Qo‘g‘ali ko‘li– oddiy emas, balki chorvamiz uchun yagona suv manbaidir. Ko‘lsiz xo‘jaligimiz halok bo‘ladi. Ko‘l atrofidagi 20 gektarlik tabiatning tengi yo‘q. Bu dam olish joyi bo‘lib, u yerga mehmonlarmizni olib boramiz.

Qishloq ahlining so‘zlariga qaraganda, mahalliy aholi bir necha bor “qo‘shimcha yerlarni O‘zbekistonga berish to‘g‘risida” gap so‘zlar chiqqanidan keyin norozilik bildirgan. 2017 yilda o‘zbek texnikasi chegara liniyasini belgilay boshlaganida, Qo‘g‘ali aholisi to‘planib, ishlar to‘xtatilishini talab qildi va shu sababli Chegara xizmati va tuman rahbariyati aholi bilan uchrashgan.

Jetisay tuman hokimining maslahatchisi Aydar Seydazimning aytishicha, mahalliy aholi o‘rtasida haqiqatan ham norozilik kayfiyati mavjud, ammo mahalliy rahbarlar bilan uchrashuvdan keyin “hammasi o‘z joyiga tushib ketdi”. Hokim maslahatchisining so‘zlariga qaraganda, chegara liniyasi haqiqatan ham Qozog‘iston hududlaridan nariga surildi.

"Bu davlatlararo bitim. To‘g‘rirog‘i, oddiy so‘z bilan aytganda, «hududlar almashinuvi». Chunki Qozog‘iston Chordaradan Jetisayga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l qurish uchun O‘zbekistondan yer oldi. Chegara liniyasida Qo‘g‘ali uchun o‘sha maydonchalik yer berildi", – dedi hokim maslahatchisi.

Aydar Seydazimning aytishicha, Chordaradan Jetisayga bormoqchi bo‘lganlar 200 kilometrlik yo‘lni bosib o‘tishlari kerak edi, endi masofa 80 kilometrga qisqardi. Qozog‘iston to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l solish uchun O‘zbekistondan 40 gektar yer olgan. Chegara liniyasi Qo‘g‘ali ko‘li o‘rtasidan o‘tadi, davlatlararo kelishuvga ko‘ra, «ko‘l chegara liniyasini berkitmaydi», shu sababli Qo‘g‘ali aholisi “ko‘ldan bemalol foydalanishi” mumkin.

Jetisay tuman ma’muriyati hukumatlararo hujjat imzolangan deya ko‘rsatgan sana Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi sanasiga to‘g‘ri keladi. Tashrif vaqtida Nursulton Nazarboev “Qozog‘iston-O‘zbekiston davlat chegarasiga yaqin hududlarni obodonlashtirish va avtomobil yo‘llari, nazorat-o‘tkazish punktlarini rekonstruksiya va modernizatsiyalash bo‘yicha "Yo‘l xaritasi” deb nomlangan hujjatni imzolagan edi.

XS
SM
MD
LG