Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:03

Pentagon: Turkiya Rossiyadan mudofaa tizimlarini sotib olsa, og‘ir oqibatlarga duchor bo‘ladi


Rossiyadan S-400 mudofaa qurilmalari.
Rossiyadan S-400 mudofaa qurilmalari.

Yuqori lavozimli Pentagon rasmiysi Turkiyani Rossiyadan mudofaa tizimlari sotib olish oqibatlari haqida yana bir bor ogohlantirdi.

AQSh Turkiyani Rossiyadan S-400 mudofaa tizimlarini sotib olishdan voz kechishga chaqirib keladi. Ammo Anqara Vashingtonning ogohlantirishlariga qaramay, o‘z niyatidan qaytmasligini aytib keladi.

30 may kuni Mudofaa vazirligining Xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha rasmiysi Ketrin Uilberger Turkiya S-400 mudofaa tizimlarini sotib olsa, mamlakatning F-35 qiruvchi uchoq dasturidagi ishtiroki hamda Anqaraning NATO davlatlari bilan munosabatlariga katta zarba bo‘lishini ta’kidladi:

- Ushbu shartomani amalga oshirish halokatli bo‘ladi. Bu nafaqat G‘arbning zamonaviy va yaxlit havo mudofaasi uchun muhim bo‘lgan F-35 dasturini, balki Turkiyaning NATO bilan o‘zaro hamkorligini ham izdan chiqarishi mumkin.

Fikrini davom ettirar ekan, Ketrin Uilberger​ yana bunday dedi:

- S-400 tizimi F-35 kabi uchoqlarni urib tushirish uchun Rossiya ishlab chiqqan tizimdir. Rossiya bu imkoniyatdan foydalanmasligiga aql bovar qilmaydi. Rossiya tizimlarini qabul qilish Turkiyaning o‘zini himoya qilishiga yordam berish qobiliyatimizga putur yetkazadi.

Turkiya NATO a’zosi bo‘lib, F-35 uchog‘ini ishlab chiqarish dasturida qatnashib keladi. Mamlakat hatto 100 ta F-35 uchog‘ini sotib olishni rejalashtirmoqda.

Ammo AQSh Turkiyani rus tizimlarini xarid qilish rejasidan voz kechishga chorlab keladi. NATOga a’zo boshqa davlatlar ham Turkiyaning S-300 tizimlarini xarid qilish rejasi F-35 uchoqlariga soladigan tahdid yuzasidan xavotir bildirib keladi.

Vashington Turkiya Rossiyadan ushbu tizimlarni sotib olish rejasidan voz kechmasa, mamlakatga qarshi moliyaviy sanksiya joriy qilishini ma’lum qilgan.

Shuningdek, AQSh rasmiylari turk shirkatlari F-35 dasturiga aloqador ishlab chiqarish jarayonlaridan chetlatilishi mumkinligi haqida ogohlantirib keladi.

Ammo Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdug‘on Anqara o‘z rejasidan qaytmasligini aytmoqda.

Yaqinda Turkiya mudofaa vaziri Hulusi Akar mudofaa tizimini o‘rganish uchun Rossiyaga Turkiya harbiylari yuborilganini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG