Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:13

Sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov 10 yilga qamaldi; Mirag'lam Mirzayev va xotini sud zalidan ozod etildi


67 yashar Rashitjon Qodirov O‘zbekiston Bosh prokuraturasini Karimov davrida 15 yil boshqargan.
67 yashar Rashitjon Qodirov O‘zbekiston Bosh prokuraturasini Karimov davrida 15 yil boshqargan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida 26 iyun kuni O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Rashitjon Qodirov va yana 12 nafar shaxs ustidan hukm o‘qildi.

Yunusobod tuman sudi binosida bo‘lib o‘tgan mahkama hukmi bilan 67 yashar Qodirovga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi tarqatgan xabarda sudlanganlardan olti nafariga berilgan jazo aytilgan¸ ammo qolgan sudlanuvchilar ustidan qanday hukm chiqarilgani aytilmagan.

Oliy sud rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda:

Sudning hukmi bilan, 2000-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan R. Kadirov, shu davrlarda prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarida ishlagan M. Mirzaev, J. Fayziev, U. Sunnatov, R. Pulatov, A. Musashayxov, U. Xurramov, Yu. Gaipov, A. Mirzaev, M. Mirzaeva, fuqarolar S. Kosimov, A. Ikramov va X. Axmedjanov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib pora olish (Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining “a” bandi), pora berishga dalolat qilish (JK 28,211-moddasi 3-qismining “a” bandi), firibgarlik (JK 168-moddasi 3-qismining “a” bandi), soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-moddasining 3-qismi), tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish (JK 236-moddasining 2-qismi), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JKning 243-moddasi) kabi, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi”¸ deyiladi.

Qodirov ishi doirasida hibsga olinib¸ olti oy sud qilingan O‘zbekiston prokuraturasi va MXXning boshqa yuqori lavozimli sobiq amaldorlari - Ulug‘bek Sunnatov 19 yilga, Abdurashid Mirzaev 15 yilga, Ulug‘bek Xurramov 14 yilga, Jamshid Fayziev 13 yilga, Aziz Musashayxov 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Jami 13 shaxs ustidan hukm o‘qilgani aytilgan rasmiy xabarda¸ qolgan sudlanuvchilar¸ xususan¸ Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaev va uning xotini Muhabbat Hasanovaga qanday jazo tayinlangani aytilmagan.

Ozodlikning sud jarayoniga bevosita aloqador manbasi¸ 68 yashar Mirag‘lam Mirzaev¸ uning xotini Muhabbat Hasanova va Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi sobiq boshlig‘i Ramazon Po‘latovning sud zalidan ozod etilganini bildirdi.

Mirzaev va Po‘latov tergov davomida insultga chalinib¸ Sangorodda saqlanayotgani va mahkamaga tibbiy zambilda olib kelinayotgani haqida Ozodlik o‘z paytida xabar qilgan edi.

Ozodlikka sudga oid qo‘shimcha tafsilotlarni bildirgan huquq tizimi mulozimiga ko‘ra¸ ularga besh yillik shartli jazo tayinlangan.

Ayni paytda sud O‘zbekiston Bosh prokuraturasini 15 yil boshqargan Rashitjon Qodirov¸ shuningdek¸ sudlanuvchilar Mira’lam Mirzaev¸ Abdurashid Mirzaev¸ Jahongir Fayziev¸ Ulug‘bek Sunnatov¸ Ramazon Po‘latov¸ Ulug‘bek Xurramov va Gaipovlar Jinoyat Kodeksining 52-moddasiga muvofiq “maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritishga qaror qildi”¸ deyiladi rasmiy xabarda.

Oliy sud axborotida yozilishicha¸ “sudlanganlar aybli deb topilgan jinoyatlari oqibatida yetkazilgan moddiy zararlar, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida topshirilgan pul va xatlangan mol-mulklar hisobidan qoplanishi belgilangan”. Ayni paytda¸ jami 13 sudlanuvchining qancha moddiy zarar yetkazgani va ularning qancha mablag‘ va mol-mulki xatlangani haqida ma’lumot berilmagan.

Huquqni muhofaza qilish idoralari sobiq rahbarlari sudi¸ bayonotda berilgan izohga ko‘ra¸ O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi, shuningdek “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq, yopiq tarzda o‘tkazilgan.

Qodirov ishi doirasida sudlangan 13 shaxs kim?

Ozodlik hukumatdagi o‘z ishonchli manbalariga tayanib¸ 2018 yil 22 yil O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirovning hibsga olingani haqida o‘sha kuniyoq xabar bergan edi.

24 fevral kuni Bosh prokuratura Matbuot xizmati Ozodlik xabarini tasdiqlagan edi.

Ozodlik shuningdek Qodirov hibsga olinishi ortidan 23 fevral kuni Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari¸ 45 yashar adliya polkovnigi Ulug‘bek Sunnatov¸ prezident Karimovning davlat maslahatchisi¸ Toshkent viloyatining sobiq prokurori, adliya katta maslahatchisi Jamshid Fayziev¸ uzoq vaqt Antibiotik laqabi bilan Toshkentni titratib kelgan shahar prokurori Mirag‘lam Mirzaev kabi bir necha sobiq mulozim ham qo‘lga olinganini xabar qilgan edi.

Mirzaev ustidan ochilgan jinoiy ish doirasida MXXning Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i¸ 42 yashar Abdurashid Mirzaev (Mirag‘lam Mirzaevning o‘g‘li)¸ Toshkentdagi “Yunusobod advokatlar kollegiyasi” rahbari Muhabbat Hasanova ( laqabi Kardinal - Mirag‘lam Mirzaevning xotini)ning hibsga olingani haqida ham Ozodlik xabar qilgan edi.

Ozodlik manbalari Qodirov ishi doirasida hibsga olingan va ishi sudga oshirilgan sobiq amaldorlar ro‘yxatini taqdim etgan edi.

Bu ro‘yxatda Qodirovdan tashqari 2013 yilga qadar Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i¸ 2013 yildan prezidentning kuchishlatar tizimlari bo‘yicha davlat maslahatchisi¸ 2018 yil yanvariga qadar Toshkent viloyat prokurori bo‘lib ishlagan Jamshid Fayziev; 2013 yildan Bosh prokuror o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Ulug‘bek Sunnatov; Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi sobiq boshlig‘i Ramazon Po‘latov¸ Iqtisodiy jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Xurramov; Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaev; Mirag‘lam Mirzaevning xotini¸ “Yunusobod advokatlar kollegiyasi”si sobiq rahbari Muhabbat Hasanova; Mirzaevning o‘g‘li¸ MXXning Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Abdurashid Mirzaev; Mirag‘lam Mirzaevning jiyani¸ MXX Toshkent viloyat boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Mansur Mirzaev va Toshkent shahar prokuraturasining Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi sobiq rahbari Aziz Musashayxovlar nomi bor. ​

Алоқадор

XS
SM
MD
LG