Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:18

"Agentlar pulidagi tavofut O‘HY biletlarining o‘zbekistonliklar uchun qimmatligi sabablaridan biridir"


“O‘zbekiston havo yo‘llari” aviachiptalari narxi boshqa davlatlardagi kompaniyalarnikidan balandligi to‘g‘risidagi post ortidan ijtimoiy tarmoqlarda boshlanib ketgan bahs-munozaralar fonida Ozodlikka masalaning boshqa bir jihatini yorituvchi xat kelib tushdi.

Tepasida DXX, Bosh prokuratura va Prezident xalq qabulxonasi kabi adresatlar ko‘rsatilgan xat muallifi “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviachiptalarini sotuvchi mahalliy va chet ellik agentlar o‘rtasida tengsizlik mavjudligini iddao qilgan.

Bu xatda keltirilgan ma’lumot va raqamlarning haqiqatga to‘g‘ri kelishini “O‘zbekiston havo yo‘llari” faoliyatidan bevosita xabardor Transport vazirligi mulozimi tasdiqladi.

O‘zlar o‘gay, o‘zgalar o‘z?

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi “Havo aloqalari bosh boshqarmasi” davlat unitar korxonasi agentlariga aviachiptalarni sotgani uchun to‘lov ajratishda ularni kamsitmoqda”.

Rus tilida bitilgan xatini shu fikrdan boshlagan muallif “bunday vaziyat” 2018 yildan buyon davom etayotganini yozgan.

Vaziyat esa, xat muallifiga ko‘ra, bunday:

“O‘zbekiston havo yo‘llari” aviachiptalarni sotgani uchun tarif miqdoridan kelib chiqadigan haqni har xil belgilamoqda. Chet ellik agentlarga tarifning 12 foizi va undan yuqori miqdorda haq to‘lanadi, “Havo aloqalari bosh boshqarmasi” davlat unitar korxonasining mahalliy agentlari esa, 5% gina haq oladi".

Mana shunday vaziyatda, xat muallifiga ko‘ra, 12% haq olayotgan chet ellik agent aviachipta narxi umumiy miqdorini 4% gacha tushira oladi, 5% haq olayotgan mahalliy agent esa, bunday imkoniyatga ega emas.

Bu iddaosini muallif mana bu misol bilan tushuntirgan:

"Toshkent - Nyu-York -Toshkent aviareysiga chiptani “Havo aloqalari bosh boshqarmasi” davlat unitar korxonasi 6,060,000 so‘mga sotadi. Ayni paytda chet ellik agentlar xuddi shu chiptani 4% arzon - 5,817,600 so‘mga sotadi".

Xat muallifi fikricha, bunday vaziyatda kichik biznes rivojlana olmayapti, mamlakat byudjeti ham ("chet ellik agentlardan tegishli soliq tushmayapti"), “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning o‘zi ham zarar ko‘rayapti.

"Masalan, chet ellik agent 1 oyda o‘rtacha 1 mlrd so‘mlik chipta sotdi, deylik. Bu holatda aviakompaniyaning o‘sha birgina agentdan ko‘radigan zarari 7%ni, ya’ni 70 mln so‘mni tashkil qiladi", deyilgan xatda.

Muallif iddaosicha, chet ellik va mahalliy agentlarga to‘lanadigan haq orasidagi bunday farq chet ellik agentlardan otkat olish maqsadida qilingan va DXX, Bosh prokuratura va Prezident xalq qabulxonasidan vaziyatni o‘rganib, chora ko‘rish so‘ralgan.

"O‘HY"ning xat tafsilotlaridan bexabar mulozimi nima dedi?

Ozodlik xat muallifi keltirgan raqamlarni tilga olmagan holda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi faoliyatidan bevosita xabardor Toshkent mulozimlaridan biriga quyidagi umumiy savolni berdi:

“O‘zbekiston havo yo‘llari” chiptalarini sotuvchi agentlarga haq qanday to‘lanadi?

Ismi aytilmasligini shart qilib qo‘ygan mulozimdan rus tilida kelgan javob shunday bo‘ldi:

“O‘zbekiston ichida agentlar 5% oladi. Oldin ko‘proq berilar edi, turli agentlarga turlicha to‘lanar edi. MDHga a’zo davlatlardagi agentlar 10-15%, uzoq xorijagilar bundan ham ko‘p oladi. Hamma gap agent kimning odami ekanligiga bog‘liq. Uzoq horijda bu soha Bosh agentlar orasida taqsimlangan va aviachipta savdosini to‘laligicha o‘shalar nazorat qiladi. “Havo yo‘llari” Ro‘ziqulov bosh direktor bo‘lib turgan paytda bosh agentlar bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilingan edi. Ro‘ziqulov ketgach, oldingi tartiblar yana qayta tiklandi”.

Pragadagi agent: Aviachipta savdosi tartibi o‘zgarib ketgan

Mavzuni o‘rganar ekan, Ozodlik Pragadagi aviachipta sotuvchi agentliklardan biri bilan gaplashdi. Kompaniyasi nomi aytilmasligi sharti bilan gapirgan agentlik rahbariga ko‘ra, keyingi yillarda Internet rivojlanib, bu sohada ham o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda.

“Masalan, biz chiptalarni aviakompaniyalar Internetda e’lon qilgan narxlar ustiga, bozor talabidan kelib chiqib, o‘z xizmatimiz haqini qo‘shib sotamiz. Ba’zi kompaniyalar e’lon qilgan narxidan bizga bir necha foiz chegirib berishi mumkin. Ba’zilari esa, bermaydi. Agentga aviakompaniya sotgan bileti uchun falon foiz ajratadi, degan gaplar yo‘qolib ketganiga ancha bo‘lib qoldi”.

Pragalikning gapidan kelib chiqqan savol va unga javob

Bu gapdan so‘ng "O‘zbekiston havo yo‘llari” mulozimi bilan yana bog‘landik va unga Pragadagi agentlik rahbarining javobidan paydo bo‘lgan savolni berdik.

Mulozim bunday dedi: IATA (Havo transporti xalqaro assotsiatsiyasi – tahr.) bir vaqtlar ishlab chiqqan tavsiyalarga binoan agentlarga 9, bosh agentlarga 12% lik haq to‘lash belgilangan. “O‘zbekiston havo yo‘llari” esa, hanuz o‘sha eski tartibni qo‘llayapti”.

"Konfidensial sir"

Ozodlik, mavzuni o‘rganar ekan, bir necha agentlik, xususan, Toshkentdagi agentlik rahbari bilan bog‘landi. Ularning hammasi chipta sotuvidan oladigan foizlari to‘g‘risidagi savolga bir xil: “bu tijoriy sir”, “bu konfidensial ma’lumot”, degan javoblarni berdi.

Ozodlik, hozircha, tegishli savollarini “O‘zbekiston havo yo‘llari” rahbariyatiga bera olmadi: kompaniya rasmiy saytida e’lon qilingan telefonlar kun davomida ishlamadi.

Kompaniya matbuot kotibi qo‘l telefoniga qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Maqolada ko‘tarilgan muammo yechimidan manfaatdor korxona - “Havo aloqalari bosh boshqarmasi” davlat unitar korxonasi bilan ham bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik mavzu yuzasidan “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning ham, “Havo aloqalari bosh boshqarmasi” davlat unitar korxonasining ham javoblarini eshitish va eshittirishga tayyor.

Ijtimoiy tarmoqlardagi xayp

“O‘zbekiston havo yo‘llari” aviachiptalarining narxi boshqa davlatlardagi kompaniyalarnikidan balandligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlardagi bahs-munozara Smartgov Consulting byurosi ijrochi direktori Aziza Umarovaning Feysbukdagi posti ortidan boshlanib ketdi.

Aziza Umarovaning fikricha, “o‘zbekistonliklarning 95 foizi hayotida dengizni ko‘rmay o‘tadi” va bunga monopolist bo‘lgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” chiptalari qimmatligi sababdir.

Umarovaning posti ortidan “O‘zbekiston havo yo‘llari” axborot xizmati mutaxassisi Feruza Qurbonova O‘zAga suhbat berdi.

Kompaniya rasmiy vakili suhbat davomida chiptalarning qimmatligi uchun aybni yo‘lovchilarning o‘ziga ag‘darishga uringan, ki ular chiptani ertaroq - arzonroq paytda - sotib olishga harakat qilmaydi.

Bahsda ishtirok etganlar kompaniya rasmiysi iddaolari jonsiz ekanligini isbotlashga urindi.

Masalan, bloger Umid G‘afurov qator kompaniyalarning bir necha oy oldin sotiladigan chiptalari narxlarini qiyoslab, bu holatda ham “O‘zbekiston havo yo‘llari”niki qimmat ekanligini konkret misollarda ko‘rsatib berdi.

XS
SM
MD
LG