Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:27

Surishtiruv: O‘zbekistondagi barcha ko‘chmas mulkka yangi kadastr pasporti berish shubhali shirkatga tendersiz berildi


O‘zbekistondagi millionlab ko‘chmas mulk uchun yangi namunadagi kadastr pasportini berish loyihasi yashirin tarzda jamoatchilikka noma’lum shirkatga berildi.
O‘zbekistondagi millionlab ko‘chmas mulk uchun yangi namunadagi kadastr pasportini berish loyihasi yashirin tarzda jamoatchilikka noma’lum shirkatga berildi.

2020 yilning 1 martidan boshlab O‘zbekistonda ko‘chmas mulk uchun yangi kadastr pasporti berish boshlandi.

2022 yilga qadar O‘zbekiston hududida mavjud aholi hovli joyiyu yer uchastkalari¸ biznes inshootlariyu boshqa noturar-joy binolari uchun hozirgacha berilgan millionlab qog‘oz kadastr pasporti yangisi - plastik kartalarga almashtiriladi.

O‘nlab million ko‘chmas mulk uchun yangi kadastr pasporti berish bir necha yuz ming so‘mdan bir necha million so‘mgacha turadigan pullik xizmat.

Butun O‘zbekistondagi jismoniy va yuridik shaxslarga bunday xizmat ko‘rsatish vakolati hech qanday tendersiz¸ nomi va faoliyati jamoatchilikka biror shaklda ma’lum bo‘lmagan "xorij shirkati"ga berildi.

Ozodlik¸ qariyb O‘zbekistondagi biror tirik jonni chetlab o‘tmaydigan kadastr pasportini yangisiga almashtirish loyihasining kimga¸ qaysi asosda berilganini aniqlash maqsadida jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi.

Surishtiruv davomida hozircha topilgan fakt va ma’lumotlar bilan quyida tanishishingiz mumkin.​

Bosh vazir O‘zbekistondagi kadastr pasportlarini yoppasiga yangilashni buyurdi

Bosh vazir Abdulla Aripov 2019 yil 12 dekabr kuni "Ko‘chmas mulk ob’ekti kadastri pasportining yangi namunasini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" deb nomlangan qaror chiqardi.

Bu qaror rasmiy saytlarda jamoatchilikka e’lon qilindi¸ matbuotda yoritildi.

Hujjatga ko‘ra¸ 2020 yil 1 martdan boshlab Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida plastik shaklda tayyorlanadigan ko‘chmas mulk ob’ekti kadastr pasportining yangi namunasini berish boshlandi.

Respublikaning qolgan hududlariga plastik kadastr pasportlariga o‘tish muddati 2020-2022 yillar deb belgilandi.

Hukumat qaroriga ko‘ra¸ O‘zbekiston tuprog‘i ustiga qurilgan o‘nlab million ko‘chmas mulkka hozirga qadar berilgan qog‘oz kadastr pasporti plastik kartaga ko‘chiriladigan bo‘ldi.

12 dekabr kungi qarorda Bosh vazir bu loyihani amalga oshirish uchun ikki oy muddat ichida “xorijiy investor”larni jalb etishni buyurdi.

Eski qaror ustida qurilgan yangi qaror

Bu qarordan ikki oydan kamroq vaqt o‘tib¸ 2020 yil 19 fevral kuni Bosh vazir Aripov ayni jarayonga oid “Xizmat doirasida foydalanish uchun” deb tasniflangan 101-sonli boshqa bir qarorni imzoladi.

“Ko‘chmas mulk ob’ektlarining yangi namunadagi kadastr pasportini tayërlash ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb nomlangan bu qaror¸ avvalgisidan farqli¸ jamoatchilikka hozirga qadar e’lon qilingani yo‘q.

Bu qarorda avvalgisida belgilangan plastik kadastr pasportini bosib chiqarish va amalga kiritish jarayonining aynan qaysi “xorijiy investor”ga topshirilishi belgilab berildi.

XDFU deb tasniflangan Bosh vazir qarorining Ozodlikka yuborilgan nusxasi.
XDFU deb tasniflangan Bosh vazir qarorining Ozodlikka yuborilgan nusxasi.

Qaror bilan butun O‘zbekistonga “yangi namunadagi kadastr pasportini tayërlash bo‘yicha bosma asbob-uskunalar va ularning butlovchi qismlarni yetkazib berish”¸ yangi pasportlar reestrini yuritish bo‘yicha dasturiy ta’minot (software) ni ishlab chiqish va joriy qilish”¸ kadastr xodimlariga bu dasturdan foydalanishni o‘rgatish¸ unga texnik va servis xizmatlari ko‘rsatishni “Gid systems Tashkent” MChJga berish topshirildi.

Bosh vazir qarorida “xorij korxonasi” va “investor” deb yozilgan “Gid systems Tashkent” MChJning “5 yil mobaynida investorning bevosita investitsiyalari hisobidan 20 mln AQSh dollari miqdoridagi investitsiya loyihasini” amalga oshirishni “taklif qilgani” aytildi.

Shundan kelib chiqib Abdulla Aripov Yer resurslari¸ geodeziya¸ kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga “istisno tariqasida¸ tender savdolari o‘tkazmasdan¸ investor bilan bevosita muzokara olib borish yo‘li bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 5 yil muddatga shartnoma tuzishni” topshirdi.

Bosh vazir qarorida tuzilajak shartnomaning asosiy prinsiplari ham belgilab berildi.

Unga ko‘ra¸ shartnomada “Gid systems Tashkent” MChJ kiritishni va’da qilgan 20 mln. dollarlik investitsiya “miqdori qoplanmay qolgan taqdirda¸ investorning sarf-xarajatlarini qoplash uchun «Davergeodezkadastr» huzuridagi Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari (davlat – tahr.) hisobidan investorga tegishli mablag‘lar ajratish” majburiyati zimmasiga olishi shart qilib ko‘rsatildi.

Investitsiyasi 100 foiz qoplanishi davlat tomonidan kafolatlangan “Gid systems Tashkent” MChJ haqida nima ma’lum?

Millionlab o‘zbekistonlikning o‘nlab million ko‘chmas mulkiga berilgan qog‘oz kadastr pasportlarini ikki yil ichida yangi plastik kartaga aylantirish loyihasi “rad qilib bo‘lmaydigan darajadagi kafolat va imtiyozlar” bilan yashirin shaklda taqdim etilgan “Gid systems Tashkent” MChJ haqida ochiq manbalarda biror ma’lumot yo‘q.

3 mart kuni Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi mutasaddilari O‘zbekistonda yangi namunadagi kadastr pasporti berish boshlangani munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazdi.

Bu anjumanda ham har bir o‘zbekistonlik turmushiga bevosita taalluqli bo‘lgan bu loyiha ijrochisining kim tomonidan¸ qaysi mezonlar bilan¸ qanday tanlangani haqida ma’lumot berilmadi; ijrochi shirkat nomi umuman tilga olinmadi (mahalliy jurnalistlar bu savolni so‘ragan-so‘ramagani Ozodlikka ma’lum emas – tahr.).

Bu ijrochi bilan shartnoma tuzish buyurilgan «Davergeodezkadastr» matbuot xizmati rahbari 5 mart kuni “bu savollarga javob bera olmasligi¸ zotan ijrochi shirkat nomini o‘zi ham bilmasligi”ni aytish bilan cheklandi.

Ozodlik Bosh vazirning jamoatchilik uchun mo‘ljallanmagan qaroridagina nomi keltirilgan “Gid systems Tashkent” MChJ shirkatining mulkdori va uning o‘tmishdagi loyihalariga oid ma’lumot to‘plashga urindi.

O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan yuridik shaxslar reestrida “Gid systems Tashkent” MChJ haqida talab qilinadigan ma’lumotlarning aksari to‘ldirilmagani ko‘riladi.

"Gid Systems Tashkent" MChJning my.gov.uz saytidagi registratsiya hujjati nusxasi.
"Gid Systems Tashkent" MChJning my.gov.uz saytidagi registratsiya hujjati nusxasi.

Mulk shakli degan joyga 163 (xorijiy yuridik shaxslar mulki¸ xorij shirkatlarining filial yoki bo‘limlari – tahr.) deb yozilgan “Gid systems Tashkent” MChJning aynan qaysi xorij shirkati mulki ekani¸ uning mulkdori¸ nizom kapitali (ustavnoy kapital) haqida umuman ma’lumot berilmagan.

My.gov.uz saytida bu MChJning joylashgan manzili qilib Moyqo‘rg‘on ko‘chasi¸ 59-uy ko‘rsatilgan¸ uning 2019 yil 6 may kuni davlat ro‘yxatidan o‘tgani ëzilgan.

Rossiyaning xorijiy kompaniyalarga oid registratsiya ma’lumotlarini ko‘rsatuvchi tijoriy dasturida “Gid systems Tashkent” haqida nisbatan ko‘proq ma’lumot ko‘rsatilgan.

Unga ko‘ra¸ “Gid systems Tashkent” MChJ 2020 yilning 18 fevral (2019 yilning 6 mayida emas -tahr) kuni “ishlayotgan korxona” sifatida qayddan o‘tgan (Bosh vazirning bu shirkat bilan shartnoma tuzish qarori ertasiga – 19 fevral kuni imzolangan – tahr.) . Ayni shu sana bilan uning nizom kapitali 400000000 so‘m (taqriban 42 ming AQSh dollari) ekani¸ MChJning 100 foiz “GID FZE» MCHK mulki ekani ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston va Rossiya reestlaridagi qidiruvlar “Gid systems Tashkent” MChJsining “Gid Tashkent” MChJsiga bevosita aloqadorligini ko‘rsatadi – xorijdagi yuridik shaxs mulki deb tasniflangan bu MChJning 100 foiz mulkdori ham reestr hujjatlariga ko‘ra¸ aynan “GID FZE»

Ayni paytda¸ “Gid systems Tashkent” va “Gid Tashkent” MChJlari uchun berilgan mobil telefon raqamlarining aynan bitta raqam ekani ko‘riladi.

Birinchi marta 2017 yil 28 mart kuni davlat registratsiyadan o‘tgan “Gid Tashkent” MChJsi rahbari sifatida Azimov Aziz Xasanovich yozilgan¸ 2020 yilning 8 fevral holati bo‘yicha bu MChJning ustav kapitali 3802707200 so‘m (taqriban 400 ming AQSh dollari” deb ko‘rsatilgan.

“Gid Tashkent” MChJsi shug‘ullanadigan faoliyat turi“kompyuter uskunalarini boshqarish” deb yozilgan.

Ozodlik 6 mart kuni “Gid systems Tashkent” MChJ va “Gid Tashkent” MChJ uchun rasmiy registratsiyada yozilgan mobil telefonga qo‘ng‘iroq qildi.

Qo‘ng‘iroqqa javob bergan rus tilli ayol¸ o‘tmishda bu shirkatga ishlagani bois rasmiy hujjatlarga o‘z mobil raqami yozilgani¸ ammo hozirda bu ikkala shirkatga umuman aloqasi yo‘qligini qayta-qayta ta’kidladi.

Ozodlikning bu shirkat rahbari deb ko‘rsatilgan Azimov Aziz Xasanovich bilan qanday bog‘lanish so‘roviga javob berishdan mutlaq bosh tortdi.

6 mart kuni Ozodlik mobil muxbiri O‘zbekiston hududidagi jami kadastr pasportlarini yangilash loyihasi ijrosi taqdim etilgan “Gid systems Tashkent” MChJsi rahbarlari bilan suhbatlashish maqsadida rasmiy registratsiyada ko‘rsatilgan manzilga bordi.

Bosh vazir qarorida O‘zbekistonda yangi kadastr pasporti joriy qilish uchun 20 million dollar kiritishi aytilgan "xorij investori" o‘z manzili sifatida shu uyni ko‘rsatgan.
Bosh vazir qarorida O‘zbekistonda yangi kadastr pasporti joriy qilish uchun 20 million dollar kiritishi aytilgan "xorij investori" o‘z manzili sifatida shu uyni ko‘rsatgan.

Bu manzil kvartira raqami ko‘rsatilmagan ko‘p qavatli uy bo‘lib chiqti.

O‘zbekistonliklarga yangi kadastr pasporti beradigan “xorij investori” kim?

Yangi namunadagi plastik kartalarni bosib chiqarish¸ ular reestrini tuzish¸ bu jaraënda kadastr xodimlarini o‘qitish¸ texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanish vakolati berilgan “Gid systems Tashkent” MChJsi mulkdori¸ reestr hujjatlariga ko‘ra¸ “GID FZE».

Bu loyiha va uning yashirin tarzda tendersiz “investitsiyasi” qoplanishi davlat tomonidan to‘liq kafolatlangan “xorij investori”ga berilishini o‘rgangan Ozodlik, O‘zbekistonda mavjud barcha ko‘chmas mulk uchun yangi pasport qilib berishning Bosh vazir qarori chiqishidan bir kun oldin nomi va ustav kapitalini o‘zgartirgan mahalliy MChJga berilganini aniqladi.

18 fevral kuni xorijiy yuridik shaxs mulki deb qaydga olingan “Gid systems Tashkent” MChJ aksiyalarining 100 foizi Birlashgan arab amirliklarining erkin iqtisodiy hududida rasmiylashtirilgan “Gid FZE” (Free Zone Establishments) ga tegishli deb ko‘rsatilgan. Free Zone Establishments atamasiga berilgan izohga ko‘ra¸ bu yagona aksionerlik kompaniyasidir.

BAAdagi ro‘yxatga olingan kompaniyalar reestri yopiq bo‘lgani uchun Ozodlik Gid FZE mulkdorining kimligi¸ uning ustav kapitali qanchaligini aniqlash urinishini hozircha davom ettirmoqda.

Gid FZE Sharja hukumati tomonidan qayddan o‘tish uchun berilgan manzil.
Gid FZE Sharja hukumati tomonidan qayddan o‘tish uchun berilgan manzil.

Gid FZE Sharja amirligi hududidagi Hamriyah erkin iqtisodiy hududida ro‘yxatga olingan. Shirkatning ochiq ma’lumotlar bazasida keltirilgan adres Google qidiruv tizimiga ko‘ra, ofshor shirkatlar pochta jo‘natmalari uchun foydalanadigan manzil bo‘lib chiqti.

Gid FZEga oid deb ko‘rilgan veb sahifada shirkat o‘zini “xavfsiz identifikatsiya yechimlari bo‘yicha ekspert” (experts in providing Secure Identity Solutions) sifatida taqdim etadi.

Olti dona Fargo rusumidagi printer surati qo‘yilgan bu saytda¸ na biror ekspert nomi¸ na shirkatning o‘tmish va joriy loyihalari va na uning kimga qarashli ekani, menejerlari kimligi yozilgan.

O‘zini soha yetakchisi deb taqdim etgan Gid.ae saytida AQSh shirkati ishlab chiqargan printerlar suratidan boshqa biror xizmat taklif etilmagan.
O‘zini soha yetakchisi deb taqdim etgan Gid.ae saytida AQSh shirkati ishlab chiqargan printerlar suratidan boshqa biror xizmat taklif etilmagan.

O‘rganish jarayonida ishlayotgani shubha uyg‘otgan bu veb saytning o‘zbekistonlik veb-developer tomonidan hozirlangani aniqlandi.

Bu saytning aynan qachon ishga tushgani aniq emas¸ uni tuzgan veb mutaxassis Ozodlik so‘rovini javobsiz qoldirdi.

O‘zbekistondagi eng qimmat va keng ko‘lamli loyihalar tendersiz “xorij investori”ga berilmoqda

O‘zbekistondagi millionlab ko‘chmas mulk uchun yangi pasport berish va bu jarayonni boshqarish loyihasini “mustasno tariqasida ochiq tendersiz” “xorij investori”ga berish O‘zbekistonda birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

Xususan¸ Mirziyoyev hukumatining eng qimmat loyihasi deb ko‘rilgan qariyb 2 milliard dollarlik “Tashkent City” loyihasi ijrochilari ham biror ochiq tendersiz tanlandi.

Mustaqil jurnalistik surishtiruv natijasida Toshkent markazidagi eng qimmat yerlar qurilish uchun berilgan “xorij investor”larining deyarli barchasi o‘zbekistonlik amaldor va hokimiyatga yaqin tadbirkorlarning offshor hududida ro‘yxatga olingan shirkatlari ekanligi aniqlandi.

Xususan¸ “Tashkent City”dagi sakkiz lot (qurilish uchun berilgan hudud)dan to‘rttasining Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashli ekani fosh bo‘ldi.

O‘zbekistonda qimmat va yirik loyihalarni amalga oshirish haqida chiqarilayotgan prezident qarorlarida bu jarayonlarda investorni auksion, tanlov, tender, IPO(Initial Public Offering), SPO (secondary public offering) orqali tanlash barobarida¸ odatda “to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali” tanlash mexanizmiga ham ruxsat beriladi.

Mutaxassislar ta’kidicha, ana shu mexanizmga ruxsat berilishi O‘zbekistondagi qimmat loyihalarning hokimiyat yuqori darajalariga bevosita aloqador guruh va shirkatlarga jamoatchilikdan yashirin holda¸ nihoyatda katta imtiyozlar bilan berilishiga qonuniy asos yaratmoqda.

Hozirgacha bunday amaliyotga barham berish haqidagi taklif va chaqiriqlar inobatga olinmay kelmoqda.

Ozodlik ushbu surishtiruvda keltirilgan ma’lumotlar yuzasidan Bosh vazir Abdulla Aripov, tegishli davlat idoralari mutassaddilari, shuningdek ”Gid systems Tashkent” va Gid FZE shirkatlari vakillari munosabat bildirishni istasa, ularga minbar beradi.

XS
SM
MD
LG