Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:58

Manzil koloniyasi mahkumi smartfon tutgani uchun yalang‘och yechintirildi, sochi olindi


Ozodlik so‘nggi ikki oy ichida IIB xodimlarining fuqarolarga kuch qo‘llashi bilan bog‘liq bir qator holatlarni yoritdi.
Ozodlik so‘nggi ikki oy ichida IIB xodimlarining fuqarolarga kuch qo‘llashi bilan bog‘liq bir qator holatlarni yoritdi.

Mahkum yalang‘ochlandi, kaltaklandi va sochi olindi. Mahkumlar orasida koronavirusga chalinganlar ko‘payib bormoqda.

Bu Toshkent viloyatida joylashgan ikki manzil koloniyasidan so‘nggi kunlarda kelgan xabarlardir. Birinchisi 45-manzil koloniyasidan, ikkinchisi 47- manzil koloniyasidan.

Kaltaklangani iddao qilingan mahkum jazoni o‘tayotgan koloniya boshlig‘i bunday voqea bo‘lganini inkor etdi.

Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mulozimi telefon orqali informatsiya berish taqiqlanganini bildirish bilan cheklandi.

Toshkent viloyat, Olmaliq shahrida joylashgan 45-manzil koloniyasida jazo o‘tayotgan mahkumning iddao qilishicha, bir necha kun muqaddam uning koloniyadoshi muassasa ma’murlari tomonidan qiynoqqa solingan.

"Smartfon uchun yalang‘ochlandi, sochi olindi"

“Uni 4- 5 xodim o‘rtasida yalang‘och yechintirib, kaltaklashdi, keyin sochini tagidan olib tashlashdi. Aybi oddiy telefon o‘rniga smartfon tutganida”.

Mahkumning yana aytishicha, uning koloniyadoshini erlik sha’nini kamsituvchi so‘zlar bilan haqorat ham qilishgan.

Uni 4- 5 xodim o‘rtasida yalang‘och yechintirib, kaltaklashdi, keyin sochini tagidan olib tashlashdi.

Ozodlikka xabar jo‘natgan mahkum kaltaklangan koloniyadoshining ism-familiyasini, yoshini, Jinoyat Kodeksining qaysi moddasi bo‘yicha aybdor topilganini, uni kaltaklagan ma’murning unvoni va ism-familiyasini, voqeaning qaysi kuni bo‘lganini aytdi. Biroq bu ma’lumotlar shikoyatchi mahkum shaxsini himoyalash maqsadida uning iltimosiga binoan oshkor qilinmayapti.

Xabar jo‘natgan mahkum kaltaklangan koloniyadoshining suratini ham Ozodlikka jo‘natdi. Suratda sochi olingan yigit aks etgan.

“Shikoyat qilganimni bilib qolishsa, uni yomon qilishlari mumkin. Unga o‘xshagan uchtasini yaqinda Toshturmaga oborib tashlashdi”, dedi o‘z qo‘rquviga izoh bergan mahkum.

Koloniya boshlig‘i qiynoqni inkor etdi

Ozodlik 5 avgustda 45-manzil koloniyasining o‘zini Husniddin deb tanishtirgan boshlig‘i bilan bog‘landi (familiyasini aytmadi). Boshliq savolni eshitgach, “koloniyada qiynoq faktlari yo‘q” dedi va boshqa barcha savollarga javobni Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatidan olishni tavsiya qilish bilan cheklandi.

Vazirlik va JIEBB "javoblari"

Ozodlik dushanba kuni (3 avgust) Ichki ishlar vazirligi bilan 47-manzil koloniyasidan kelgan tashvishli xabar ("mahkumlarga koronavirus yuqdi") ortidan bog‘langan, telefonni ko‘targan mulozim vazirlik matbuot xizmati bilan bog‘lanishni tavsiya qilgan, biroq kun davomida xizmat telefonini hech kim ko‘tarmagan edi.

5 avgust kuni manzil koloniyalar bilan bog‘liq yana bir xabar kelgach, Ozodlik Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bilan bog‘landi. Telefonni ko‘targan mulozim muxbirni kuttirib, kim(lar) bilandir uzoq maslahatlashgach, telefonda og‘zaki javob berilmasligini, “barcha savollarni yozma jo‘natish lozim ekan”ligini bildirish bilan cheklandi.

Ozodlikning "45-koloniyadagi voqea yuzasidan dabdurustdan bir narsa deyishingiz qiyindir, lekin 47-koloniyada koronavirus tarqaldi deyilyapti, hech yo‘q shu masaladan xabaringiz bordir?" degan savoliga ham “savolni yozib yuboring” dedi. Muloqotdan Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining elektron pochtasi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Har holda mulozim shunday dedi.

47- manzil koloniyasidan hafta boshida kelgan xat

Xatda, jumladan, mana bunday deyilgan:

“Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani Bardanko‘l mahallasida joylashgan 47-sonli manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar orasida Kovid-19 kasalligiga chalingan mahkumlar ko‘payib boryapti. Bu kasallik shu yerda ishlaydigan xodimlardan yuqtirildi…”

Xat muallifi “kasallikni yuqtirgan” xodimlarning ismlarini keltirgan, kasalga chalingan mahkumlarga dori berilmayotganini iddao qilgan, koloniyadagi boshqa kamchiliklardan ham shikoyat qilgan.

47-koloniyadagi vaziyat yuzasidan informatsiya olish uchun muassasa rahbariyati bilan ham bog‘lanib bo‘lmadi.

Ichki ishlar vazirligi bundan 2 oy muqaddam – 30 mayda “Jazoni ijro etish muassasalariga koronavirus "COVID-19" infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishini oldini olish borasida barcha zarur ehtiyot choralari ko‘rilayotgani” to‘g‘risida yozgan edi.

“Har kuni jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni tana harorati tekshiriladi. Jazoni ijro etish muassasalarining barcha obyektlari koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot materiallari bilan jihozlandi. Jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar o‘rtasida o‘tkir respirator kasalliklar aniqlanganda, ularni boshqa mahkumlardan ajratgan holda saqlash uchun alohida xonalarda (izolyator) 775 ta karantin o‘rinlari tashkil etildi”, deb xabar qilgan edi IIV matbuot xizmati.

Biroq jazoni o‘tash muassasalarida 30 maydan buyon vaziyat qay tomonga o‘zgargani to‘g‘risida vazirlik rasmiy saytida ma’lumot yo‘q.

Huquqshunos sharhi

Sochni jazo tariqasida olish mumkin emas.

45- manzil koloniyada yuz bergani aytilayotgan voqeadan paydo bo‘lgan savollarini Ozodlik toshkentlik huquqshunos Ruhiddin Komilovga berdi.

  • - Mahkumning sochini majburlab olib tashlash mumkinmi?
  • - Mahkumning sochi olinishi kerak, degan hujjatni ko‘rmaganman. Lekin jazoni o‘tash muassasasining ichki tartibi bo‘ladi. O‘sha tartibga binoan mahkumning sochi uzunligiga doir talablar bo‘lishi mumkin. Lekin sochni jazo tariqasida olish mumkin emas.
  • - Ichki ishlar vazirining Jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib-qoidalariga doir 2012 yil, 29 dekabrdagi buyrug‘iga binoan manzil-koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumga “cheklanmagan miqdorda telefon orqali so‘zlashishlari” huquqi berilgan. Biroq 45-koloniyada mahkum smartfondan foydalangani uchun jazolangani aytildi. Bunga nima deysiz?
  • - Buyruqda foydalanish mumkin bo‘lgan telefon markasi aytilmagan. Bu bir. Ikkinchidan, o‘zi ko‘pincha me’yoriy hujjatlar qonun talablari bilan ziddiyatga kirishadi. Bu yerda ham shuni ko‘rish mumkin. Ayni paytda men mahkumlarning ijtimoiy tarmoqlarga kirganiga guvoh bo‘lgan emasman.
  • - 45-koloniyadagiga o‘xshash boshqa voqeadan xabaringiz bormi? Balki advokat sifatida sizga mahkumlar arz qilgandir?
  • - Yo‘q, keyingi 1-2 yil ichida menga shaxsan menga manzil-koloniyalarda saqlanayotganlardan qiynoq to‘g‘risida shikoyat kelib tushmagan.

Qiynoqlar mavjud va ular tan olinmoqda

Ozodlik so‘nggi ikki oy ichida IIB xodimlari fuqarolarga kuch qo‘llashi bilan bog‘liq bir qator holatlarni yoritdi.

Kuni kecha Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Ozodlik radiosining Furqat tumanida maktab o‘qituvchisi Shuhrat Jo‘rayev qiynoqqa solingani to‘g‘risidagi xabariga munosabat bildirdi. Rasmiy bildiruvda aytilishicha, mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv va xizmat tekshiruvi boshlangan.

31 iyul kuni Furqat tumanida 35 yoshli o‘qituvchi Shuhrat Jo‘rayev tuman IIB ning ikki xodimi uni maktabda kompyuter o‘g‘irlanishiga aloqadorlikda ayblab, jinoyatga iqror etish uchun kaltaklagani, haqoratlab qiynoqqa solgani haqda Ozodlikka aytib bergan edi.

Kuchli rezonans uyg‘otgan holat o‘tgan oy boshida Andijonda ro‘y berdi.

Andijonda IIB xodimlari 33 yoshli fuqaroga kuch qo‘llagani va oqibatda 11 kun behush, koma holatda yotib, so‘ngra 11 iyun kuni hayotdan ko‘z yumgani ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi.

Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov iste’fosi va vazirlikni qaytadan tashkil qilish talabi yangradi.

Oliy majlisning kamida ikki deputati ham Ichki ishlar vaziri Bobojonovning iste’fosini talab qildi.

Ayrim deputatlar Ichki ishlar vazirligini tugatish, kerak degan taklif bilan ham chiqdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda huquq-tartibot idoralari xodimlarining qiynoqlar va shafqatsiz munosabatni taqiqlovchi “Ichki ishlar vazirligi to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi.

Shunga qaramay, ichki ishlar xodimlarining qiynoq va shafqatsizligi haqida shikoyatlar Ozodlikka kelishda davom etmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG