Линклар

Шошилинч хабар
22 сентябр 2020, Тошкент вақти: 05:35

Politsiya xodimlarini dog‘da qoldirgan muhojir: O‘zingizni himoyalashni o‘rganing! (VIDEO)


Qarshilik Ibrohim politsiya bilan "suhbatlashishni" Internetdan o‘rgangan

O‘zbekistonlik muhojir va undan hujjat talab qilgan politsiya xodimlari o‘rtasidagi tortishuv aks etgan videoyozuv qisqa vaqt ichida Internet tarmoqlarida eng ko‘p tarqalgan roliklardan biriga aylandi.

Ozodlik politsiyachilarni qonun-qoidalarga bo‘ysunishga da’vat etgan muhojir shaxsini aniqladi. Qarshilik Ibrohim o‘z yurtdoshlarini politsiya xodimlari bilan muloqot qilishdan qo‘rqmaslikka chaqirdi.

Videoda Moskva metropolitenida uch nafar politsiya xodimi bir guruh migrantni to‘xtatib, asossiz hujjat talab qilgani aks etgan.

Politsiyachilar bilan suhbatni qo‘l telefoniga olgan muhojir politsiya xodimlaridan Rossiya qonunlariga rioya qilishni talab qiladi, ular qonun buzayotganini isbotlashga urinadi:

- Mana qarang - politsiyachi bizni qo‘lqopsiz (Covid-19 bilan bog‘liq talablar doirasida politsiya xodimlari ham niqob taqib, qo‘lqop kiyishi kerak - tahr.) va asossiz to‘xtatib turibdi! O‘zlari qonunni buzib, yana mendan talab qilishyapti. Nima asosda to‘xtatayotganingizni tushuntiring. Siz xizmatdagi odam, tushunyapsizmi? Siz "operativ amaliyot"deyapsiz, bu kishi “qidiruv” deyapti - kimga ishonay? Nega siz qo‘lqopsizsiz? Sizlar maktabda o‘zi o‘qiganmisizlar? Nega men sizlarga qonunni tushuntirishim kerak? Men o‘zimni himoya qilyapman. A, men ushlanmadimmi? Ketishim mumkinmi?

Qariyb 5 daqiqali tortishuvdan keyin migrant yigit hujjatlarini ko‘rsatmasdan politsiya xodimlarini dog‘da qoldirib, sheriklari bilan yo‘lini davom ettiradi.

Mazkur videoni ko‘plab taniqli blogerlar Telegram kanallarida tarqatdi.

Markaziy osiyolik muhojirning politsiya xodimlariga qonunchilikdan “dars o‘tishi” qizg‘in muhokama bo‘lmoqda.

Ozodlik kadr ortida qolgan bu video qahramonini topib, u 39 yashar qashqadaryolik Ibrohim ekanini aniqladi. Muxbirimiz savollariga javob bergan o‘zbekistonlik muhojir qonun-qoidalarni talab qilishni ijtimoiy tarmoqlardan o‘rganganini aytarkan, dedi:

- Yutublardan ko‘rib-ko‘rib, qonun-qoida borligini, ya’ni militsiyadan qo‘rqmaslik kerak ekan, ular ham, qonun bo‘yicha gapirsangiz, qo‘rqib qolishlari mumkinligini bilib oldim.

Ma’lum bo‘lishicha, qarshilik musofir yigit politsiyachilar bilan gaplashish qoidalarini boshqa hamkasb va shogirdlariga ham o‘rgatib kelarkan. Qashqadaryolik Hushyorbek Ibrohim ilgarittan rus politsiyachilarini tartibga chaqirib kelgan, deydi.

- Shaxsan men “Menga militsiya uchramasin”, deyman. Ruscha gapirishni, javob qaytarishni, qonunlarni bilmayman. Bu odam bilan birga yurib, endi mana o‘rganyapman, deydi Hushyorbek.

Ibrohim politsiya xodimlari bilan qonun doirasida suhbatlashishga qo‘rqmaslikka boshqa yurtdoshlarini da’vat qildi:

- Birinchi navbatda qonunni bilib olish kerak. Qonun asosida gaplashish va ulardan qo‘rqmaslik kerak. Bolalar, asosan, melisani ko‘riboq qo‘rqib ketishadi: o‘zlarini chetga olishadi yoki qo‘rqib, qochmoqchi bo‘lishadi! Axir ular o‘zbekni ushlaydi-da - yonida o‘tib ketayotgan ruslarni ushlamaydi-ku!

Rus politsiyachilari bilan tortishuvlarda haq talab qilib, charchamasligini gapirgan qashqadaryolik Ibrohim O‘zbekistonga ketish orzusida:

- Orzu-niyatim - tezroq yo‘l ochilsayu, uyga ketsam. Yo‘l ochilib, hammasi joy-joyiga tushib, uyimizga ota-onamiz, bola-chaqamiz oldiga borish.

Ozodlik o‘zining noqonuniy hatti-harakatlari bilan nom chiqargan Moskva politsiyasi xodimlari bilan tortishayotgan boshqa migrantlar to‘g‘risida ham lavhalarni uzatgan.

Bundan bir necha yil oldin Moskvada mehnat muhojirlariga politsiyachilar bilan qonun doirasida muloqot qilish tartib-qoidalarini o‘rgatib keluvchi “Migrant maktabi” ishga tushirilgan edi.

Maktab tashkilotchisi, migrantlar yuristi Valentina Chupik darslarini tinglagan ko‘plab muhojirlar Rossiyaning turli mintaqalarida politsiya xodimlari bilan bemalol suhbatlashayotgan va ularni qonunga rioya qilishni talab qilayotgan videolarni Internetga qo‘ya boshladi.

Valentina Chupik bizning qaxramonimiz - qarshilik Ibrohim videosini ko‘rgani va unga “a’lo” baho qo‘yganini Ozodlikka so‘zladi:

- Yigitimiz vazifasini a’loga bajardi! U birvarakayiga uch politsiyachiga qonunni tushuntirib, to‘rtinchisini qonunga muvofiq 1,5 metrga o‘zidan uzoqlashtirgani juda ajoyib bo‘ldi! Men qonunlarni yaxshi darajada biluvchi va o‘z huquqlarini himoya qila oluvchi migrantlarimiz paydo bo‘lganidan faxrlandim. Bu migrant yigit to‘liq qonun doirasida ish tutdi: u politsiyadan qonunni ijro etishni talab qildi, u o‘z huquqlarini himoya qildi va politsiyachilarga burchlari to‘g‘risida eslatib qo‘ydi. Zero politsiya ko‘p hollarda o‘z huquqlarini biladi, ammo majburiyatlari to‘g‘risida unutib qo‘yadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG