Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 04:46

Yakshanbada Minsk ko‘chalariga 100 ming kishi chiqdi. Tixanovskaya AQSh davlat kotibi o‘rinbosari bilan uchrashadi


Minsk ko‘chalarida tinch norozilik yurishiga chiqqan beloruslar, 23 avgust, 2020
Minsk ko‘chalarida tinch norozilik yurishiga chiqqan beloruslar, 23 avgust, 2020

24 avgust kuni Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya Litvada AQSh davlat kotibining o‘rinbosari Stiven Bigan bilan uchrashib, Belarusdagi munozarali prezident saylovi ortidan yuzaga kelgan siyosiy bo‘hronni tinch hal qilish yo‘llarini muhokama qiladi.

Belarusda 9 avgustda bo‘lib o‘tgan saylovda amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko g‘olib chiqqani e’lon qilinganidan beri mamlakatda norozilik namoyishlari to‘xtamayapti.

23 avgust kuni 100 mingdan oshiq belorus Minsk ko‘chalari bo‘ylab poytaxt markaziga qadar tinch norozilik yurishida ishtirok etdi.

15 kundan beri tinchimayotgan norozilik namoyishlari qatnashchilari Lukashenko iste’fosini hamda yangi saylov o‘tkazilishini talab qilmoqdalar.

Kolonnalarga birlashib, shahar markaziga yurish qilgan norozilarni politsiya va harbiylar qattiq nazorat qildi, ammo namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lmadi.

Namoyishchilar tarqalganidan keyin Telegramda Lukashenko vertolyotda shahar ustidan uchib o‘tgani aks etgan video tarqatildi. Videoda zirhli forma kiyib, qo‘liga miltiq tutgan Lukashenko namoyishchilar haqida «Kalamushlardek tirqirab qochishdi», deb xitob qilganini eshitish mumkin.

Lukashenko mamlakat armiyasini to‘liq jangovar shay holatga keltirishni buyurdi. Bu esa avtoritar prezident misli ko‘rilmagan namoyishlarni kuch ishlatib bostirishi mumkinligi haqida xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Yakshanba kuni Brest va Grodno shaharlarida ham yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Litvada poytaxt Vilnyusdan Belarus bilan chegaragacha bo‘lgan 30 km masofaga cho‘zilgan odamlar zanjiri tuzildi.

Belarus rasmiylari esa xabar taqalishiga to‘sqinlik qilish maqsadida Internet aloqani uzib qo‘ydi.

Mudofaa vazirligi yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan namoyish arafasida bildiruv e’lon qilib, namoyishchilarni «fashistlar» deya ta’rifladi va ularni tinchlik va tartibni buzmaslikka chorlab, bundan nari ular politsiya emas, balki armiyaga duch kelishlari haqida ogohlantirdi.

22 avgust kuni prezident Lukashenko, mamlakat chegarasi yaqinida harbiy qo‘shinlar to‘planayotgani haqidagi xabarlar fonida, mamlakat armiyasini shay va hushyor turishga chaqirgan edi.

Tixanovskaya esa beloruslar «o‘z huquqlari uchun kurashishlari kerakligini» aytib, Lukashenkoning mamlakat harbiy tahdid ostida ekani haqidagi iddaolariga e’tibor bermaslikka chaqirdi.

Rasmiy natijalarga ko‘ra, saylovda prezident Lukashenko 80,1 foiz ovoz to‘plagan, Tixanovskaya esa atigi 10,1 foiz ovoz olgan. Saylovoldi kampaniyasida o‘n minglab kishi qatnashgan Tixanovskaya aslida 60-70 foiz ovoz to‘plaganini iddao qilmoqda.

Hozirgacha norozilik namoyishlarida qatnashgan 7 mingga yaqin kishi hibsga olindi, uch kishi o‘ldi. Belarus politsiyasi namoyishchilarni ayovsiz kaltakladi, ayrim holatlarda namoyishchilarga o‘qotar quroldan o‘t ochildi.

Yevropa Ittifoqi hamda AQSh saylovni tanqid qilib, namoyishchilarga qarshi ko‘rilgan choralarni qoraladi.

24 avgust kuni Bigan Litva mudofaa va tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, Belarusdagi vaziyatni hamda mudofaa sohasida o‘zaro hamkorlikni muhokama qiladi. Hafta davomida AQSh diplomati Rossiya va Ukrainaga xizmat safari bilan boradi.

«RIA-Novosti» agentligining xabar berishicha, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Belarusni tark etgan muxolifat a’zolarini «qon to‘kilishini» istashda ayblagan.

Lavrov Moskva Belarus rasmiylarining muxolifat bilan dialog olib borish masalasida har qanday qarorini qo‘llashini aytgan. Ayni paytda, vazir beloruslar «ushbu vaziyatdan qanday chiqishni o‘zlari hal qilishlari lozimi» deya qo‘shimcha qilgan.

O‘tgan haftada Belarus muxolifati muvofiqlashtiruvchi kengashni tashkil etdi. Bu holatni Lukashenko «hokimiyatni bosib olish urinishi», deb baholadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG