Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2020, Тошкент вақти: 15:19

Muhokama: Prezidentga bo‘ysunuvchi agentlik prezident atrofidagi korrupsiyaga qarshi kurasha oladimi?


Ozodlikka kelayotgan ma’lumotlar va mustaqil jurnalistik surishiruvlar xulosasiga ko‘ra¸ prezident Shavkat Mirziyoyev atrofidagi amaldorlar davlat vakolatidan foydalanib iqtisodning serdaromad sohalarini o‘z xususiy monopoliyasiga aylantirmoqda.

29 - sentabr kuni normativ-huquqiy hujjat loyihalari e’lon qilinadigan regulation.gov.uz saytida “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida” deb nomlangan yangi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi” prezidentning 29 - iyun kungi qarori bilan ta’sis etilgan edi. Hozircha bu agentlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjati O‘zbekistonda mavjud emas.

14 - oktabrga qadar ochiq muhokamada bo‘ladigan yangi qonun loyihasida O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining huquq va vazifalari belgilab berilgan.

Mazkur loyihaga munosabat bildirgan mustaqil mutaxassislar¸ ushbu agentlik¸ qolaversa¸ adliya va sud tizimi ijroiya hokimiyatidan mustaqil bo‘lmaguncha¸O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi kurashning samara berishiga shubha qilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi alohida yangi agentlik

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 - yilning 29 - iyun kuni chiqargan farmon va qaror bilan mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash bilan shug‘ullanuvchi alohida tizim ta’sis etildi.

Bu hujjatlar orqali O‘zbekiston Bosh prokuraturasi¸ IIV¸ DXX va Milliy Gvardiya tarkibida korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash bilan shug‘ullanib kelgan departament va boshqarmalar yoniga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi qo‘shildi.

Prezident qaroridan anglashilishicha, kuch ishlatar salohiyatiga ega tizimlar qoshidagi bu boshqarmalar o‘z faoliyatini yangi agentlik bilan hamkorlikda olib boradi.

29 - iyun kungi qaror bilan 50 ta shtat birligidan iborat yangi agentlik rahbari vazir¸ uning o‘rinbosarlari esa vazir o‘rinbosari darajasiga tenglashtirildi.

Akmal Burhonov
Akmal Burhonov

15 - iyul kuni Prezident Mirziyoyev Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burhonovni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori etib tayinladi. 2017 - yili “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbarligiga tayinlangan Burhonov Toshkent davlat yuridik instituti va Yaponiyaning Nagoya universitetida o‘qigan.

Uch oydan beri bu agentlik o‘z faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik mavjud bo‘lmagan vaziyatda ish yuritib kelmoqda.

Yangi agentlik huquq va vazifalari haqidagi yangi qonun loyihasi

29 - sentabr – agentlik tashkil etilganidan roppa-rosa uch oy o‘tib, jamoatchilikka taqdim etilgan qonun loyihasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tartibga solishni ko‘zda tutadi.

Loyihaning 2-moddasida yozilishicha¸ “agentlik korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida yagona davlat siyosatini shakllantiradigan va amalga oshiradigan, shuningdek mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun mas’ul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organidir”.

6-moddaga ko‘ra¸ “agentlik faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, mustaqillik, xolislik, hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflikdan iboratdir”.

8-moddada yozilishicha:

- Agentlik o‘z vakolatlarini har qanday davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan qat’i nazar, faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshiradi.

Agentlik faoliyatiga davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning va mansabdor shaxslarning aralashuvi taqiqlanadi.

Qonun loyihasiga ko‘ra¸ agentlik direktori va uning o‘rinbosarlarini shaxsan prezident tayinlaydi va ozod qiladi. Bu rahbarlar ko‘pi bilan ikki marta 5 yillik muddatga tayinlanishi mumkin. Bevosita prezidentga bo‘ysunadigan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z faoliyati bo‘yicha Oliy majlis ikkala palatasi va jamoatchilikka hisob beradi.

Mamlakatdagi korrupsiyaga qarshi davlat siyosatini amalga oshiruvchi “maxsus vakolatli organ” deb tasniflangan Korrupsiyaga qarshi kurash agentligiga¸ qonun loyihasida¸ keng vakolatlar berilgan.

Ular orasida:

-byudjet mablag‘larining sarflanishi, davlat aktivlarining realizatsiya qilinishi, davlat xaridlari, davlat qarzlari, davlat tashkilotlari tomonidan o‘zlashtiriladigan xalqaro kredit va grant mablag‘lari, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va davlat dasturlari bajarilishi bilan bog‘liq materiallarni talab qilib olish va o‘rganish;

- offshor hududlar orqali amalga oshiriladigan moliyaviy operatsiyalar, hayriya, sport va boshqa tashkilotlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish alomatlari mavjud holatlarni va korrupsiya holatlarini o‘rganish;

- korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar yuzasidan davlat va bank sirlariga taalluqli bo‘lgan, shuningdek boshqa qonun hujjatlari bilan himoyalangan ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri olish;

korrupsion huquqbuzarliklar oqibatida orttirilgan mol-mulklarning qaytarilishi bo‘yicha harakat va ishlarni muvofiqlashtirish;

- davlat qarzlari, xalqaro kredit va grant mablag‘larining maqsadli sarflanishini nazorat qilish;

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy surishtiruv harakatlari o‘tkazish;

O‘zbekiston Respublikasining obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan hamda davlat va jamiyatning hayotiy muhim manfaatlariga jiddiy zarar yetkazadigan korrupsion huquqbuzarliklar yuzasidan tezkor qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov harakatlarini olib borish kabi huquqlar bor.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi O‘zbekistondagi korrupsiyani jilovlay oladimi?

Yangi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi ortidan Ozodlik bu yangi tuzilma va unga berilayotgan vakolatlarga izoh so‘rab, mustaqil mutaxassislarga murojaat qildi.

Gunnar Stetler
Gunnar Stetler

Gunnar Stetler 2009-2016 - yillarda Shvetsiya Bosh prokuraturasining Korrupsiyaga qarshi kurash markazini boshqargan. Professional faoliyati iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashga bag‘ishlangan Stetler¸ Shvetsiya tarixidagi eng katta korrupsion janjal – TeliaSonera (hozirgi nomi Telia -tahr.) telekom shirkatining O‘zbekistonga kirish va faoliyat yurg‘izish uchun o‘shandagi prezidentning qizi Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar pora berganini tergov qilgan prokuror sifatida tarixga kirdi.

30 - sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Gunnar Stetler Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi faoliyati samara berishi uchun nima qilish lozim¸ degan savolga o‘z tajribasidan kelib chiqib¸ javob berdi.

-Korrupsiyaga qarshi kurashdagi eng muhim narsa¸ bu kurashga mas’ul agentlik va tizimlarning to‘liq mustaqilligidir! Agentlik ishiga har qanday boshqa tizim yoki davlat rahbarlarining aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Biror rahbar¸ hatto prezidentga ham Korrupsiyaga qarshi kurash bilan shug‘ullanadigan agentlik rahbarini bir tomonlama qaror bilan ishdan olish vakolati berilmasligi kerak. Bu agentlik rahbar va xodimlari faoliyati kimgadir yoqmagani uchun ishdan olinishdan qo‘rqib yashamasligi kerak. Ularga o‘z ishini professional darajada bajarishlari uchun daxlsizlik va katta oylik berish kerak.

Ikkinchi muhim jihat¸ korrupsiyaga qarshi kurashadigan kadrlarning bilim darajasi. Bu kadrlar ham huquq¸ ham iqtisod sohasida keng ko‘lamli¸ chuqur bilimga ega bo‘lishlari kerak. Korrupsiya bu nafaqat huquqiy¸ balki birinchi galda¸ iqtisodiy muammo. Unga qarshi kurashuvchilar yaxshi ta’lim olgan kadrlar bo‘lishi shart¸ dedi xalqaro maydonda korrupsiyaga qarshi faoliyati bilan tanilgan shved prokurori.

Ozodlik orqali O‘zbekistonda tashkil etilgan yangi agentlikka berilgan vakolatlar umumiy mazmuni bilan tanishgan Gunnar Stetler¸ unga asosiy vakolat berilmayotganidan taajjubga tushdi.

- Bu agentlikka ayblov e’lon qilish vakolati berilishi shart. Masalan¸ Shvetsiya adliya tizimi bizga nafaqat ayblov e’lon qilish¸ balki korrupsiyada gumonlanayotgan shaxsni hibsga olish vakolatini beradi. Uni qamoqda saqlash-saqlamaslikni sud hal qiladi. Lekin korrupsiyaga qarshi kurashuvchi agentlikka korrupsiyada ayblash uchun yetarli fakt to‘plangan shaxsni hibsga olish vakolati berilishi muhim, dedi shved prokurori.

Tahlilchi Alisher Ilhomov.
Tahlilchi Alisher Ilhomov.

Londondagi Osiyo¸ Afrika va Yaqin Sharq tadqiqotlari instituti tahlilchisi Alisher Ilhomov O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash bilan shug‘ullanuvchi alohida agentlik ish boshlaganini mamlakatda keng avj olgan korrupsion faoliyatni cheklash tomon qo‘yilgan qadam sifatida olqishladi.

Ammo sharhlovchi nazarida¸bu jarayon natijasi "O‘zbekiston rahbariyatida korrupsiyaga qarshi qog‘ozda emas¸ balki amalda kurashish uchun siyosiy iroda bor-yo‘qligiga bog‘liq".

“Hozircha bu borada shubhalar bor”¸ dedi 30 - sentabr kungi sharhida Ilhomov.

Bevosita qonun loyihasiga munosabat bildirgan bu tahlilchi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori va o‘rinbosarlarining prezident tomonidan tayinlanishiga e’tiroz bildirdi.

-Bu - agentlik rahbarlari prezident irodasi va kayfiyatiga qaram degani. Bu esa¸ de fakto¸ prezidentning o‘zi¸ uning oilasi va unga yaqin guruhni agentlik faoliyat doirasidan chiqarishni anglatadi. Eng yuqori darajadagi korrupsiya quloqlarining aksar hollarda aynan prezident atrofidagilar ichidan o‘sib chiqishini hammamiz juda yaxshi bilamiz!

Sharhlovchi ta’kidicha¸ korrupsiyaga qarshi kurashuvchi alohida organ tuzish mamlakatda boshqa antikorrupsion mexanizmlar mavjud bo‘lsagina¸ samara berishi mumkin.

«Xususan¸ ijroiya hokimiyatidan mustaqil bo‘lgan odil sudlov; manfaatlar to‘qnashuvini huquqiy jihatdan tartibga solish; biror istisnosiz barcha davlat amaldorlarining o‘z daromadi va mulki haqida deklaratsiya berishini majburiy qilish; kompaniyalar va ular haqiqiy egalariga oid ma’lumotni jamoatchilikka to‘liq ochiqlash; hokimiyatdan mustaqil bo‘lgan fuqarolik jamiyati va matbuot¸ jurnalistik surishtiruvni o‘tkazishga real imkon berish va boshqalar”¸deb yozdi Ilhomov.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelishi bilan 2017 - yilning 3 - yanvarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan va korrupsiyaga qarshi ”urush” ochilganini bayon qilgan edi.

Ammo Ozodlikka murojaat qilayotgan oddiy o‘zbekistonliklar¸ xususan¸ tadbirkorlar so‘nggi yillarda korrupsiyaning yanada avj olganini ta’kidlashadi.

Dunyo mamlakatlaridagi korrupsiya darajasini kuzatib keladigan Transparency International tashkilotining 2019 - yilgi Korrupsiya indeksida O‘zbekiston 180 davlat orasida 153 o‘rin - eng korrupsiyalashgan davlatlar safiga qo‘yildi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG