Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 15:34

Xususiy bandlik agentliklari: Firibgarlar dastidan bizni burchakka qisib qo‘yishdi!


"Korean & Migrations" firmasiga aldanganlar namoyishi. 12 - oktabr, Mustaqillik maydoni.
"Korean & Migrations" firmasiga aldanganlar namoyishi. 12 - oktabr, Mustaqillik maydoni.

O‘zbekistonda hususiy bandlik agentliklari xizmatlar uchun to‘lovlarni ish qidirayotgan shaxslardan emas, balki ish beruvchidan undiradi. Qonunga kiritilgan bu me’yor kelasi oydan kuchga kiradi.

Ushbu me’yor xususiy bandlik agentliklari ishga joylashtirish uchun odamlardan 100 foiz to‘lovni undirib, va’dasini bajarmagani bilan bog‘liq o‘nlab mojarolar ortidan qabul qilingan.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan ayrim hususiy bandlik agentliklari rahbarlari qonunga kiritilgan bu o‘zgarish fuqarolarga chet eldan ish topish masalasini yana ham qiyinlashtirib yuborishini aytishdi.

2018 - yil 16 - oktabrda qabul qilingan "Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi qonunning 13-moddasi, 2-qismiga kiritilgan "ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun fuqarolardan haq undirishga yo‘l qo‘yilmasligi shart" degan me’yor xususiy bandlik agentliklari egalarining qattiq noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Toshkentda faoliyat yuritayotgan xususiy bandlik agentligi rahbarlaridan biri 20 - oktabrda Ozodlik bilan suhbatda qonunga kiritilgan o‘zgartishga o‘z e’tirozini shunday ifodaladi:

"Bir-ikki firibgarning dastidan deyarli hamma xususiy bandlik agentliklari barbod bo‘lish yoqasiga kelib qolgan. Chunki, mana bu qonun kuchga kirsa hammamiz tamom bo‘lamiz. Bizni har tomondan burchakka qisib qo‘yishdi. Shu paytgacha hamma harajatlar pulini fuqaroning o‘zi to‘lardi. Shuncha harajat - hujjat tayorlanadi, pochta harajatlari, tarjimon, hujjatlarni legallashtirish bor. Bularning hammasi ish qidiruvchidan olingan puldan to‘lab kelingan. Janubiy Koreya, Rossiyadagi hamkorlar arzon o‘zbek ishchisi uchun bizga pul to‘lamaydi. Bizga pul to‘lamasa ham rozi bo‘lib kelganmiz. Hozir Birlashgan Arab Amirliklari bilan so‘zlashuv qilyapmiz, ular ham bandlik agentligiga haq to‘lashga rozi bo‘lmayapti".

2018 - yil 16 - sentabrda qabul qilingan "Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlar 14 - noyabrdan kuchga kiradi.

O‘zbekistonda hususiy bandlik agentliklari noroziligiga sabab bo‘layotgan yana bir jihat faoliyat uchun litsenziya olinganda zahira jamg‘armasi miqdorining to‘rt baravar oshirilganidir.

Buxorodagi "Global" hususiy bandlik agentligining yuristi Sharif Obidjonov bekor qilingan litsenziyasini tiklash uchun zahira jamg‘armasiga 2 milliard so‘m qo‘yishga majbur bo‘lishlarini aytadi.

"Shu paytgacha zahira puli 50 ming dollar atrofida edi. Qonunga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, bu to‘rt baravar oshyapti. 2 milliard so‘m bo‘lyapti. Bandlik vazirligidagilar aytyaptiki, agar mojaroli vaziyat yuzaga kelsa, fuqarolarga shu jamg‘arma hisobidan pul qaytarib berilar ekan. Lekin, biz xizmat uchun fuqarolardan haq olmasak qanday mojaro yuzaga kelishi mumkin? ", - deydi Sharif Obidjonov.

"Bundan buyon ish qidirayotganlarning aldanishiga yo‘l qo‘yilmaydi"

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rasmiylariga ko‘ra, qonunga kiritilgan o‘zgarishlar fuqarolarning bandlik agentliklari va ish beruvchilarga aldanib qolishi va firibgarlik oldini olish maqsadida qabul qilingan.

Vazirlikka ko‘ra, so‘nggi 18 oy ichida O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan 103ta xususiy bandlik agentligidan 50 tasining litsenziyasi bekor qilingan.

O‘ndan ortiq shirkatga nisbatan firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

"Bu o‘zgarishlar fuqarolarimizning aldanib qolmasligi uchun qilinyapti. Bu yog‘iga qonuniy talablarga mos keladiganlari qoladi. Bundan buyon ish qidirayotganlarning aldanishiga yo‘l qo‘yilmaydi", - dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2018 - yilda o‘zbekistonda hususiy agentliklar faoliyat boshlaganidan beri ikki yarim mingga yaqin odam ish bilan ta’minlangan.

Germaniya, Chexiya, Turkiya kabi mamlakatlarga ishga yuborish va’dasi bilan fuqarolardan bir necha o‘n million so‘mdan olgan Human, International Job Organization, Trust Vision kabi o‘nlab xususiy bandlik agentliklari janjal markazida qolgan edi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rasmiy saytida O‘zbekistonda faoliyat yuritgan 103 ta bandlik agentligi nomlari telefon raqamlari bilan birga e’lon qilingan.

Shulardan litsenziyasi bekor qilingan va jinoyat ishi ochilgan shirkatlar, jumladan Human, International Job Organization, Trust Vision, Korean &Migration agentliklari telefon raqamlariga tushib bo‘lmadi.

"Ishsizlik sabab odamlar osongina aldanib qolyapti"

"Ezgulik" tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanovning Ozodlikka aytishicha, so‘nggi ikki yil ichida uning tashkilotiga firbgarlarning chet elda ish bilan ta’minlash va’dasiga aldangan yuzlab fuqarolardan arizalar tushgan.

- So‘nggi ikki yil ichida o‘nlab xususiy bandlik agentliklari ochildi. Firibgarlik oshdi. Buning sababi birinchidan ishsizlik. Odamlar osongina aldanib qolyapti, firibgarlar ularning vaziyatidan osongina foydalanib, boyib qolishyapti. Ikkinchidan Jinoyat kodeksida firibgarlik uchun, 168-moddada 3 yilgacha qamoq belgilangan. Ba’zi hollarda amnistiyaga tushib qamoqdan chiqishyapti. Bu juda yengil jazo. Hozir biz firibgarlik uchun jazo kuchaytirilishini talab qilyapmiz, - deydi Tashanov.

2019-2020 - yillar davomida Ozodlik radiosi qator xususiy bandlik agentliklari o‘zbekistonliklarni aldagani to‘g‘risidagi maqolalarni e’lon qilgan. Buning ortidan ularning ayrimlari faoliyati to‘xtatilgan, ayrimlariga nisbatan esa jinoyat ishlari ochilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG