Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:08

Belarusda ishdan bo‘shatilish tahdidiga qaramay ish tashlashlar davom etmoqda


Minskdagi Radioelektronika universitetidagi ish tashlash - 29 - oktabr, 2020
Minskdagi Radioelektronika universitetidagi ish tashlash - 29 - oktabr, 2020

Belarusda avtoritar prezident Aleksandr Lukashenko iste’fosini talab qilib o‘tkazilayotgan aksiya qatnashchilari ishxonada ishdan haydalish tahdidi, ko‘chada esa politsiya zo‘ravonligiga duchor bo‘lmoqda.

Bu haqda Belarusdagi ish tashlash aksiyasi tashkilotchilaridan biri Yuriy Ravava so‘zlab berdi.


Ozodlik va Amerika ovozi radiolarining qo‘shma loyihasi bo‘lgan «Nastoyashchee vremya» telekanali bilan suhbatda Ravava o‘zi ishlagan «Grodno Azot» kimyo zavodi ishchilariga o‘tkazilayotgan tazyiqlar haqida so‘zlab berdi.

10 ming odam ishlaydigan zavodning ko‘plab ishchisi tobi yo‘qligini aytib, ishga chiqmayapti. Zavod yetakchilari esa ishchilarni ishlashda davom etishga undash uchun ularga bir vaqtning o‘zida oylikni oshirishni va’da qilmoqda va ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilmoqda.

Ravavaning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar «Grodno Azot» zavodi ishchilari ish tashlashidan xavotirda, chunki zavodda neftni qayta ishlashda ishlatiladigan ammiak ishlab chiqariladi.

«Agar bizning korxona ishi to‘xtasa, «Naftan» neftni qayta ishlash zavodi faoliyati ham to‘xtaydi. Bu esa Lukashenko uchun qattiq zarba bo‘ladi», - deb aytdi avgust oyida Belarusni tark etishga majbur bo‘lgan Ravava.

Prezidentlikka sobiq nomzod, muxolifat yetakchisi Svetlana Tixanovskaya ikki hafta muqaddam Lukashenkoga xalq ultimatumini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, Lukashenko 25 - oktabrgacha hokimiyatdan ketishi haqida e’lon qilishi kerak edi.

Ammo Lukashenko ultimatumni bajarmadi. Buning ortidan Tixanovskaya Belarus xalqini 26 - oktabrdan umummilliy ish tashlash va asosiy yo‘llarni to‘sish amaliyotlarini boshlashga chaqirdi.

Belarusda norozilik aksiyalari shu yil 9 - avgustidan beri – Lukashenko prezident saylovi g‘olibi deb e’lon qilinishi ortidan boshlanib ketgan. Muxolifat saylov natijalari soxtalashtirilganini aytib, Lukashenkoning iste’fosi, siyosiy mahbuslarning ozod qilinishi hamda yangi saylovlar o‘tkazilishini talab qilib kelmoqda.

Bugunga qadar 10 mingdan ortiq namoyishchilar hibsga olindi, yuzlab odam qiynoqqa tutildi.

Tixanovskaya saylov ortidan oilasiga tahdidlar tufayli mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi. Belarus muxolifatining ko‘plab yetakchisi qochishga majbur bo‘ldi, ayrimlari qamaldi.

Saylov ortidan mamlakat bo‘ylab norozilik aksiyalari davom etarkan, Belarusdagi qator yirik sanoat korxonalari ishchilari ish tashladi. Xususan, 14 -avgust kuni «Grodno Azot» zavodi ishchilari ishga chiqmadi.

Zavodning sobiq xodimi hamda ish tashlash kengashi a’zosi Ravava xavfsizlik xizmati xodimlari uning iziga tushishi ortidan Polsha poytaxti Varshavaga qochib o‘tdi.

Ravava zavodning 17 ishchisi ochiqchasiga ish tashlash aksiyasini qo‘llayotgani, ko‘plab xodimlar ishlaridan ayrilishdan qo‘rqib, sukut saqlashayotganini aytdi.

Ammo Ravavaning so‘zlariga ko‘ra, zavodning muhim ishchilari betob ekanliklarini aytib, ishga chiqishmayapti.

«Ko‘pchilik ishga chiqmayapti, telefonini ko‘tarmayapti yoki uyda o‘tiribdi. Ko‘p odam kasallik ta’tilida», - dedi Ravava.

«Ularning soni qancha ekanini ayta olmaymiz, lekin bu ko‘rsatkich 100ga yaqin. Bu odamlar o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydi. Aksari muhim texnologlar», - deya qo‘shimcha qildi u.

Belarus rasmiylari milliy ish tashlash aksiyasining mamlakat iqtisodiga ta’sirini ozaytirib ko‘rsatmoqda. Prezident Lukashenko «bolalarni kim boqadi?» deya ish tashlash tahdidini jiddiy qabul qilmadi.

Tixanovskaya esa, ish tashlagan ishchilar shartnomalari bekor qilinsa, ularga moliyaviy yordam ko‘rsatilishini va’da qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu maqsadni ko‘zlab allaqachon 7 million dollar mablag‘ to‘plangan.

Ravava «Grodno Azot» zavodining ishdan haydalgan 12 nafar ishchisiga 1 500 yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatilishini aytdi.

XS
SM
MD
LG