Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:23

Pilla topshirilganiga 6 oy bo‘ldi. Nega fermer va kasanachi pulini ololmayapti?


O‘zbekistonlik kasanachi va fermerlar topshirgan pilla pulini olti oydan buyon ololmayapti
O‘zbekistonlik kasanachi va fermerlar topshirgan pilla pulini olti oydan buyon ololmayapti

Joriy yilning bahorida ipak qurti boqqan kasanachi va fermerlar topshirgan pillasining pulini hanuz ololmayotgani haqida Ozodlikka Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatidan bir necha shikoyat keldi.

Ozodlik bu holatlarni surishtirish davomida respublikaning aksar viloyatlarida ahvol shunday ekaniga amin bo‘ldi.

Fermerlar esa yillardan buyon topshirgan pillasi pulini ololmayotganini aytmoqda.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi matbuot kotibining sa’y-harakatidan so‘ng, 6 noyabr kuni ertalab uch shikoyatchiga pilla puli to‘lab beriladigan bo‘ldi. Kotib shunday holatlar borligini inkor qilmadi. Ayni paytda ipak qurti boqish, uni kasanachilardan sotib olish tizimini mukamallashtirish ustida ish olib borilayotganini aytdi.

Ozodlikka Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumani, Zarbdor mahallasidan kasanachi Norin Mahmadyorovadan shunday shikoyat keldi:

“Qiziriq tumanidan yozyapmiz. Mahalla bergan pillani boqqandik. Uch oyda to‘lab beramiz, deyishgandi. Ammo 7 oydan beri haqimizni ololmay sarsonmiz. Pilla bo‘yicha mas’ullarni topib bo‘lmayapti. Topsak ham, hali pilla chet elga sotilgani yo‘q, sotilsa keyin pulini beramiz, deyapti”

Ozodlikning aniqlashicha, bu oila “Surxondaryo Agropilla” MChJ bilan shartnoma tuzib bir quti ipak qurti boqqan. 61 kilo pilla topshirgan, ammo oradan 7 oy o‘tgan bo‘lsa-da pilla pulini ololmagan.

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidan shikoyat qilgan Abdurahmon Jo‘rayev ham “Radiant Silk” MChJ uning jiyani Sherbek Boboqulovga topshirilgan pillaning pulini bermayotgani haqida yozdi:

“Qariyb 80 kilo oliy navli pilla topshirganmiz. Shartnomada pilla topshirilgan kundan keyin 90 kun orasida puli to‘lab beriladi, deyilgan. Ammo 90 kun emas 180 kun o‘tib ketdi. Puldan darak yo‘q!”

Sherbek Boboqulov Ozodlikka “Radiant Silk” MChJ bilan tuzilgan shartnoma nusxasini ham yubordi. Unda “”xo‘jalik” mahsulotni qabul qilib olgandan keyin shartnomada belilangan nraxlar bo‘yicha mahsulot yetishtiruvchiga 90 ish kunidan kechiktirmagan muddatda ish haqini to‘laydi”, deyilgan.

Shartnomaga ko‘ra, agar “xo‘jalik” pulni o‘z vaqtida to‘lolmasa, har bir kun uchun to‘lanmagan summaning 0,2 foizi miqdorida penya to‘laydi.

Sherbek Boboqulovning "Radiant Silk" MChJ bilan tuzgan shartnomasida to‘lov muddati 90 kun deb yozilgan.
Sherbek Boboqulovning "Radiant Silk" MChJ bilan tuzgan shartnomasida to‘lov muddati 90 kun deb yozilgan.

Ozodlik 5 - noyabr kuni bog‘langan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasining matbuot kotibi Umarbek Esanmurodov 6 - noyabr kuni shikoyatchilarning arzlari joyida o‘rganilgani va ish haqi to‘lab berilgani haqidagi shikoyatchilarning tilxatlarini jo‘natdi:

“Surxondaryo viloyati, Qiziriq tumani bo‘yicha muammo hal etildi, kasanachi Norin Mahmadiyorova va Dilorom Hamzayeva bilan tuzilgan shartnomada xizmat haqini to‘lab berish vaqti sifatida 2020 - yil 31 - dekabr sanasi ko‘rsatilgan ekan. Lekin kecha biz Surxondaryo viloyati boshqarmasi bilan birgalikda shartnomalarni ko‘rib chiqdik, klaster kasanachiga hozir pulini to‘lab beradi”.

Ammo Ozodlikka yuborilgan shartnoma nusxasi kimga tegishli ekanligi noma’lum, to‘lov muddatidagi yil esa ruchka bilan o‘zgartirilgan.

Bu shartnomaning kimga tegishli ekanligi ko‘rsatilmagan va yil raqami o‘zgartirilgan
Bu shartnomaning kimga tegishli ekanligi ko‘rsatilmagan va yil raqami o‘zgartirilgan

Norin Mahmadyorova Ozodlik bilan suhbatda MChJ vakili kelib, ulardan pulni oldik deb ariza yozdirib olgani va pasportlarini olib, pulni olib kelishga ketganini aytdi.

Asosiy muammo nimada? Fermerlar nega ipak qurti boqishdan bezor?

Ayni paytda eng asosiy muammo - nega minglab fermerlar pilla pulini ololmayotgani, nega prezident qarorida aytilganidek, pillachilik faqat kasanachilikka berilmasdan, hozir ham fermerlar zimmasiga yuklanayotgani, nega to‘lov kechikayotgani haqidagi savollar ochiq qolayotgan edi.

Ozodlik Buxoro viloyati Jondor tumani, Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani, Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani, Qashqadaryo viloyati Koson tumani va boshqa viloyatlik fermerlar bilan bu haqda gaplashdi.

Jumladan, Koson tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, ipak qurti boqish ular uchun ortiqcha tashvish:

Shartnomada bir oyda pulini to‘laymiz deyilgan, lekin pulini bir men emas, birorta fermer olmagan.

“Fermerga pillaning bir tiyinlik foydasi yo‘q, lekin hokimlar olasan deb majburlashadi. Masalan, men ham bu yil ikki quti olishga majbur bo‘ldim. Tabiiyki, o‘zimning uyimda bunga sharoit yo‘q. Mahalladoshlarimdan iltimos qilaman. Ularga boshida ikki qop un, o‘n kilo yog‘, bir million so‘m pul beraman. Barg tashishga texnika beraman. 130 kilo pilla bo‘ldi, o‘zim olib borib topshirdim. Shartnomada bir oyda pulini to‘laymiz deyilgan, lekin pulini bir men emas, birorta fermer olmagan. Planini bajarolmagan fermerlar esa o‘sha pilla qabul qilish joyining o‘zidan har kilosini 30 ming so‘mdan sotib olib, planni bajardi”.

Toshkent viloyat, O‘rtachirchiq tumanidan ismi sir qolishini so‘ragan fermerning aytishicha, hokimiyat har o‘n gektar yerga bir qutidan ipak qurti boqishni majburiyat qilib qo‘ygan:

“Bizda ham hali hech kim pulini olmadi. Bizda kasanachilar kam, hammasi fermerlar bo‘ynida. Lekin 3-4 yildan buyon hech kim pillaning pulini olmaydi. Har yili pillaning rahbari o‘zgaradi. Fermerlar pillani sotib oladi. Buni qarang, mening oilaviy sharoitim juda nari borsa ikki quti urug‘ga mo‘ljallangan. Lekin 100 gektar yerim borligi uchun 10 quti beradi. Biz nima qilamiz, o‘zimiz kasanachi topamiz va pul berib ularga boqtiramiz. Bo‘lmasa hokimiyat yerni olib qo‘yish bilan tahdid qiladi. Men ham rejaga yetkazolmagan pillani kilosini o‘n ming so‘mdan sotib olib topshirdim. Bu holat yillardan buyon shunday davom etib kelmoqda, hech qanday o‘zgarish yo‘q”.

Ozodlik suhbatlashgan buxorolik, sirdaryolik fermerlar ham aynan shu gaplarni aytdi.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi matbuot kotibi Umarbek Esanmurodov uyushma hali yangiligi bois, pilla yetishtirish tizimini isloh qilishda ba’zi muammolar borligini aytadi:

“Eng avvalo shuni aytib qo‘yay, pulini ololmaganlar portalga (Prezident qabulxonasi, bosh vazir qabulxonasi) va OAVlarga murojaat qilyapti, agar ular birinchi "O‘zbekipaksanoat" uyushmasiga murojaat bilan chiqsa tezda hal qilib berishga harakat qilamiz”.

Fermerlar masalasiga to‘xtalar ekan, matbuot kotibi “bizda bu borada muammomiz bor, qachonki to‘liq kasanachilarga o‘tkazsak, hammasi ijobiy yechim topadi” dedi

Umarbek Esanmurodov to‘lovning kechikayotganini koronavirus pandemiyasi bilan izohladi:

“Hozirgi murakkab kechayotgan pandemiya davrida jahonda ipak narxining keskin tushib ketishi va talabning kamayib ketganligi ipak mahsulotlarining eksportiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Buning oqibatida qayta ishlash korxonalarining hisobidagi mablag‘larning keskin kamayib ketishi, ularga fermer xo‘jaliklari va kasanachilarning oldidagi majburiyatlarni bajarishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.

Hozirgi kunda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan ipak mahsulotlarini xorijiy davlatlarga eksport qilish va bu borada real xaridorlani topish hamda ular bilan mustahkam aloqalar o‘rnatish ustida ish olib borilmoqda. Oxirgi ikki oy ichida ipak mahsulotlarining eksport ko‘rsatkichi joriy yilning dastlabki 8 oyidagi ko‘rsatkichidan ham ortib ketganligini qayd etish lozim. “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tizimdagi qayta ishlash korxonalarining yil yakuniga qadar fermer xo‘jaliklari va kasanachilar oldidagi majburiyatlarini to‘liq bajarishlari yo‘lida bor imkoniyatlarni ishga soladi".

O‘zbekiston Prezidenti 2017 - yilning mart oyida“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga yozilgan sharhda shunday deyilgan edi:

“Pillakorlarning yetarli darajada va o‘z vaqtida moddiy rag‘batlantirilmasligi ularning pilla boqishga bo‘lgan qiziqishini so‘ndirmoqda”.

Mamlakatda pilla yetishtirish uchun maxsus joylarning juda kamligi sabab, ipak qurtini odamlar asosan o‘zlari yashab turgan uylarni bo‘shatib boqishga va undan so‘ng yana xarajat qilib uylarini ta’mirlashga majbur bo‘lmoqda.

Gaz va elektr ta’minoti cheklangan qishloq aholisining aksariyati esa pilla bahonasida qishga o‘tin g‘amlab olish maqsadida ipak qurti boqishini aytadi.

O‘zbekistonda pilla yetishtirish

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 - yil 29 - martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2856-sonli qarori bilan tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori va Ustav bilan Uyushmaga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida 13 ta hududiy va 144 ta tuman “Agropilla” MChJlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

2020 - yil 1 -oktabr holatiga 11 ta ipak qurti urug‘i ishlab chiqarish, 71 ta pillani qayta ishlash hamda ipak gazlamalar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalari “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi a’zosi hisoblanadi.

Eksport hajmi 2016 - yilda 21 mln. AQSh dollarini, 2017- yilda 31 mln. AQSh dollarini, 2018 - yilda 51,1 mln AQSh dollarini, 2019 - yilda 72,2 AQSh dollarini tashkil qildi.

Uyushma ma’lumotiga ko‘ra, 2020 - yilda 4 mavsum ipak qurti parvarish qilinib, 21 ming tonnadan ziyod pilla xomashyosi yetishtirildi.

XS
SM
MD
LG