Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:00

Turizm bemalol, tanqid cheklangan. Mirziyoyev nega blogerlarni tanladi?


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev blogerlar bilan, 26-avgust, 2019-yil
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev blogerlar bilan, 26-avgust, 2019-yil

Amnesty International tashkilotining aytishicha, O‘zbekistonda onlayn platformalar hamda ijtimoiy tarmoqda fikr bildirayotgan faollar va blogerlar huquqlari qattiq cheklanganicha qolmoqda.

Bu haqda tashkilotning 25-iyun kuni e’lon qilgan bayonotida aytiladi.

Amnesty International mamlakatdagi markaziy va mahalliy hokimiyat idoralarini keskin tanqid qilgani uchun taqib va tazyiqqa uchragan yoki hibsga olingan blogerlarning ismlarini qayd etgan.

"Sizlarni prezident qo‘llaydi!"

Garchi blogerlar Karimov davrida maydonga chiqishni boshlagan esa-da, so‘z erkinligining ko‘rinishi sifatida Mirziyoyev hokimiyatga kelgach e’tirof etildi va kengroq yo‘l berildi.

Ammo blogerlarning o‘zlarining e’tiroficha, bu erkinlik nisbiy.

2019-yilda Mirziyoyev blogerlarga "sizlarni prezident qo‘llab-quvvatlaydi!" deya va’da bergan edi.

U tarmoqlarni muntazam kuzatishi va bloger va jurnalistlarning tanqidiy chiqishlarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab keladi.

Ammo bu bayonotlarga qaramasdan, matbuot erkinligini kuzatuvchi xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi so‘z erkinligi, asosan, tarmoqlar bilan cheklanib qolmoqda. Ayni paytda tarmoqlardagi erkinlikning o‘zi ham cheklangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi ham, O‘zbekistonda Matbuot va OAV xodimlari kuni arafasida qilgan chiqishida buni tan oldi:

"Shaxsan o‘zim OAVda chiqqan takliflarni muntazam kuzatib boryapman. Davlat televideniyesida ko‘p narsa yo‘q. Xususiy OAV, telekanallar faol ishlayapti. Xalqimizning erkin fikri, yaxshi takliflarini oshkora berishyapti. Bu ham ochiqlik sari qilgan harakatlarimiz belgisi, bu islohotlarda davom etamiz".

Tanlangan blogerlar va ular tegmayotgan mavzular

Ijtimoiy tarmoqlarda, matbuot yozmagan mavzularni yozib, jiddiy tahlil qilayotgan hamda buning uchun turli darajadagi hokimiyat organlari, huquq-tartibot idoralari nazariga tushayotgan blogerlarning aksari - so‘z erkinligi cheklanganini e’tirof etadilar.

Ushbu holat, tahlilchilarga ko‘ra, ham rasmiy va xususiy ommaviy axborot vositalari uchun o‘ta cheklangan va hatto qariyb ko‘rinmayotgan so‘z erkinligi - aslida blogerlar uchun ham keskin chegaralanganidan dalolatdir.

Blogerlar tegmayotgan mavzular esa talay. Xususan, elitar korrupsiya - prezident va uning oilasi, Bosh vazir, Toshkent va boshqa viloyatlar hokimlaridan ayrimlari va oilasiga aloqador korrupsion iddaolarga oid mavzular.

Internet nashrlarining nisbatan erkinlashganiga qaramay, hozircha mahalliy matbuot bu mavzularni cheklab o‘tmoqda. O‘zbekiston yuqori hokimiyat doiralaridagi korrupsiyaga doir xalqaro tekshiruvlar, jumladan, Ozodlikning rezonans uyg‘otgan qator surishtiruvlari nafaqat rasmiylar, balki mahalliy bloger va jurnalistlarning ham "e’tiboridan chetda qolgan". Mahalliy blogosfera odatda bu kabi mavzularda faqat prezident va rasmiylarning munosabatidan so‘nggina fikr bildiradi.

Qamoqdagi blogerlar

Bu mavzularni yoritgan yoki tilga olishga uringan blogerlarga nisbatan jiddiy bosim bo‘layotgan, hibs va qamoq jazolari qo‘llanganiga oid misollar tobora ko‘payib bormoqda:

  • mahalliy hokimiyatni keskin tanqid qilgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy 7 yilga qamalgan,
  • hokimiyat idoralaridagi korrupsiyani tanqid qilgan, so‘z erkinligi va LGBT huquqlari himoyasiga chiqish qilgan toshkentlik bloger Miraziz Bozorov 3 yillik uy qamog‘ida,
  • O‘zbekiston rasmiylarining din bo‘yicha siyosatini tanqid qilgan toshkentlik bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev 7,5 yilga qamalgan.

Turizm bemalol, tanqidga yo‘l yo‘q

O‘zbekistonda blogerlarga nisbatan bosim va tazyiqlar Human Right Watch, "Chegarasiz muxbirlar", Xalqaro Jurnalistlar qo‘mitasi, AQSh Davlat departamenti, Amnesty International kabi xalqaro tashkilotlar hamda hukumatlar tomonidan qoralanmoqda:

  • “Blogerlar tahdid qilinmoqda yoki hibsga olinmoqda. “Xalq fikri” kanali asoschisi Otabek Sattoriy qismati bunga misol. Uning sud jarayonini yoritishga uringan jurnalistlar hujumga yoki asossiz jinoiy ta’qibga uchradi”. “Chegarasiz muxbirlar” tashkiloti, 2021
  • “O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha islohotlar sur’ati 2021-yilda, ayniqsa, amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozongan oktabrdagi prezident saylovi arafasida to‘xtab qoldi va ayrim jihatlarda orqaga chekindi”. Human Rights Watch tashkiloti, 2022
  • “Xalqaro maydondagi blogerlar mamlakatda turizm va maishiy hayot haqida ommaviy hamda yengil mavzularni yoritishga rag‘batlantirilar ekan, hukumatning mahalliy faollar tomonidan tanqid qilinishi hanuz imkonsizdir, bu esa mamlakatda so‘z erkinligi qattiq cheklanganicha qolayotganini anglatadi”. Amnesty International, 2022

"Saroy blogerlari"

Ammo u yoki bu amaldor, yoxud yirik davlat tashkilotidagi o‘g‘irlik, korrupsiya, jiddiy qonunbuzarliklar haqida favqulodda jasorat bilan yozilgan eksklyuziv ma’lumotlar ayrim blogerlar sahifasida ba’zan-ba’zan paydo bo‘layotgani kuzatilmoqda.

Va bunday ma’lumotlar odatan, hokimiyatning ayrim idoralaridagi tadbirlarni faol yoritayotgan blogerlarda kuzatiladi.

Bu holat jamoatchilikda anchadan buyon muhokama bo‘lib kelayotgan - saylangan saroy blogerlari bahsini avj oldirmoqda.

Ayni paytda O‘zbekistonda blogerlik faoliyati qonunchilik bilan tartibga solinmagan. Ya’ni blogerlik faoliyati, majburiyati va himoyasini belgilovchi huquqiy asos yo‘q.

Jamiyatdagi jiddiy muammolar - uchi hukumat va prezident oilasiga borib taqaladigan jiddiy korrupsion jinoyatlar haqida chiqish qilayotgan blogerlarning erki hukumat tomonidan cheklanayotganiga oid jiddiy xavotirlar bor.

Hokimiyat organlarida “saroy blogerlari” deb nomlanayotgan blogerlar guruhi paydo bo‘lgani va ularni AOKA maxsus nazoratga olgani, tsenzura qilayotganiga oid iddaolar shular jumlasidandir.

AOKA - Prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi. Agentlik O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga oluvchi va ularning faoliyatini regulyatsiya qiluvchi davlat organidir.

Ozodlik AOKAga

  • AOKA blogerlar faoliyatini regulyatsiya qiladimi va agar qilsa, qanday huquqiy asosda regulyatsiya qiladi?
  • AOKA O‘zbekistonda auditoriyasi oshayotgan va jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatayotgan blogerlarni tsenzura qiladi, degan iddaolar bor. Bu to‘g‘rimi?
  • AOKA vositachiligida, hukumat va ayrim konkret amaldorlarga xizmat qiladigan, davlat va lobbi guruhlari siyosatini targ‘ib qiluvchi blogerlar guruhi borligi iddao qilinadi, bu to‘g‘rimi?

degan savollar bilan murojaat qildi, ammo hozircha javob olgani yo‘q.

Tahlilchilar rasmiy va davlat matbuotiga, xuddi tanlangan bloger va xususiy nashrlariga berilgani kabi erkinlik berish – aynan hukumatning siyosiy irodasiga bog‘liq bo‘lib qolayotganini qayd etmoqda.

Matbuot erkinligi ahvolini kuzatayotgan xalqaro tashkilotlar esa O‘zbekiston hukumatini so‘z erkinligi borasida berilgan va’dalar va e’lon qilingan islohotlarni tilda takrorlash emas, amalda bajarishga chaqirib kelmoqdalar.

XS
SM
MD
LG