Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:21

Bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev muddatidan oldin qamoqdan bo‘shatilgani aytilmoqda. U 7,5 yilga qamalgan edi


Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev o‘zbek rasmiylarining din bo‘yicha siyosati borasidagi tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan.
Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev o‘zbek rasmiylarining din bo‘yicha siyosati borasidagi tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudi hukmi bilan 2022-yilning 26-yanvarida 7,5 yilga qamalgan bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev muddatidan oldin qamoqdan bo‘shatilgani aytilmoqda.

Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov 6-dekabr kuni o‘zining Feysbuk sahifasida ma’lum qildi.

“Do‘stimiz Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev shartli ravishda muddatidan avval qamoqdan ozod qilindi. Hozir Navoiy-Toshkent yo‘lida uyiga qaytmoqda”, deb yozdi Abdurahmon Tashanov.

Hozircha bu xabar rasmiylar tomonidan tasdiqlangan emas. Bu xabarga rasmiy munosabat ham bildirilmadi. Orifxo‘jayevning muddatidan oldin qamoqdan bo‘shatilgani yuzasidan ma’lumot mavjud emas.

Bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev ijtimoiy tarmoqlarda Abror Muxtor Aliy taxallusi ostida ziddiyatli chiqishlari bilan tanilgan Abror Abduazimov bilan Toshkentdagi “To‘xtaboy” masjidi oldida bo‘lib o‘tgan tortishuv ortidan 2022-yilning 28- iyunida qo‘lga olingan edi.

Orifxo‘jayev 2021-yilning 26-iyun kuni yuzma-yuz so‘zlashish uchun Abduazimov va’z o‘qiyotgan Toshkentdagi “To‘xtaboy” masjidi oldiga borgan. U yerda Orifxo‘jayev Abduazimovni “ikkiyuzlamachi” deb atagan.

2021-yil 28-iyun kuni ichki ishlar xodimlari Orifxo‘jayevni chaqirtirib, uni mayda bezorilikda ayblashib, hibsga olishgan hamda uyali telefonini tortib olishgan. O‘sha kuni sud blogerni 15 sutkaga hibsga olish to‘g‘risida hukm chiqargan.

Orifxo‘jayev jazo muddatini o‘tayotganida advokati Sergey Mayorovga COVID-19 pandemiyasini bahona qilib, u bilan uchrashtirishmagan.

Diniy erkinliklarni nazorat qiluvchi Forum18 xalqaro tashkiloti F. Orifxo‘jayev 15 kun hibsda saqlangan paytda qamoqxona ma’murlari unga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishgani haqida xabar qilgan.

2021-yil 13-iyul kuni – Orifxo‘jayev ozod etilishi kerak bo‘lgan kunda uning advokati S. Mayorov chaqirilib, mijoziga “ommaviy axborot vositalari yoki telekommunikatsiya vositalaridan yoki Internetdan foydalangan holda jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatish yoki ko‘rsatish” ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingan.

Toshkent sudi Orifxo‘jayevni hibsga olish muddatini avval uch oyga, keyinroq 2021-yil 13-dekabrigacha uzaytirgan.

41 yoshli Orifxo‘jayev 2022-yilning 26-yanvarida jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi tomonidan 7 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Bloger o‘ziga bildirilgan ayblovlarni tan olmagan.

Sudya Z. Nuriddinov raisligida yuritilgan sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

O‘zbek rasmiylarining din bo‘yicha siyosati borasidagi tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev taqdiri xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan diqqat bilan kuzatib borilgan. Xususan, Human Rights Watch (HRW) huquqbonlik tashkiloti 2021-yilning 9-dekabrida rasmiylarni toshkentlik blogerga qo‘yilgan “asossiz” ayblovlarni bekor qilish va uni zudlik bilan ozod qilishga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG