Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:10

Boks, boykot va "Gazprom". Toshkentdagi jahon chempionati nimasi bilan yodda qoldi?


 19 davlatdan 21 ta milliy federatsiya Toshkentdagi musobaqani boykot qilgan.
19 davlatdan 21 ta milliy federatsiya Toshkentdagi musobaqani boykot qilgan.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha 22-jahon chempionati yakunlanganiga bir hafta bo‘lganiga qaramay ehtiroslar hanuz tinmayapti.

Ushbu musobaqa tashkilotchisi IBA rahbariyatining Rossiya hukumatiga hamda G‘arb sanksiyasi ostidagi shirkatlarga yaqinligi Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va ko‘plab nufuzli boks federatsiyalari e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Birinchi o‘rinni 5 ta oldin medal bilan mezbon O‘zbekiston qo‘lga kiritdi.

4 ta oltin va 1 ta kumush medal bilan musobaqada ikkinchi o‘rinni egallagan Qozog‘iston terma jamoasi Toshkentni turnir boshlanishidayoq tark etishiga bir bahya qolgan.

"Yoshlarga imkon berishga qaror qildik!"

“Tengri Sport” nashriga bergan intervyusida Qozog‘iston boks federatsiyasi rahbari Aziz Kojambetov bahsli hakamlik qarorlari jamoani Toshkentdagi chempionatni tark etish qarorini ko‘rib chiqishga undaganini ma’lum qildi. ​

“Ushbu jahon chempionatining yangiligi shundaki, IBA qoidalariga ko‘ra, siz apellyatsiya berolmaysiz. Agar jang 3:2 hisobida yakunlansa, kompyuter avtomatik ravishda qarorni qayta ko‘rib chiqishni boshlaydi. Bunda qaror chiqarishga kuzatuvchi va baholovchi (jangdagi oltinchi va yettinchi hakamlar - tahr.) qo‘shiladi; jangning natijasi ularning tajribaliroq qarorlariga bog‘liq”,-dedi Qozog‘iston boks federatsiyasi rahbari.

Qozoq boks federatsiyasi rahbariyati o‘z yetakchisi Saken Bibosinov hakamlar qarori bilan musobaqadan chiqib ketganidan keyin musobaqani tark etmoqchi bo‘lgan, ammo oxirgi daqiqalarda qolgan 9 nafar o'yinchisiga imkon berishga qaror qilgan.

2021-yilgi jahon chempioni va 2020-yilgi Olimpiya o‘yinlari bronza medali sohibi 25 yashar Saken Bibosinov hindistonlik raqibi Dipak Kumarga birinchi jangdayoq boy berganidan keyin Qozog‘iston boks federatsiyasi IBA rahbariyati nomiga shikoyat arizasi bilan chiqqandi.

O‘zbekistonda IBA boshchiligida havaskor bokschilar orasida ilk bor o‘tkazilgan bu musobaqa tarixda eng katta boykotga uchragan chempionat sifatida ham nom qoldiradigan bo‘ldi. 107 mamlakatdan kelgan 538 nafar boks ustasi 13 vazn toifasidagi medallar uchun bellashdi.

Rossiyaning 2022-yil fevral oyida Ukrainaga boshlagan tajovuzini qoralagan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining Rossiya va Belarus sportchilariga o‘z milliy bayroqlari ostida musobaqalarda qatnashishlarini taqiqlash bo‘yicha tavsiyalariini bergandi. Shunga qaramay, rossiyalik Umar Kremlyov boshchiligidagi Xalqaro boks assotsiatsiyasi ularga chempionatda hech qanday cheklovlarsiz ishtirok etishga ruxsat berdi.

Shu bois 19 davlatdan bo‘lgan 21ta milliy federatsiya musobaqani boykot qilishga qaror qildi.

Toshkent chempionatida Ukraina va Belarus bayroqlari ko‘tarildi, madhiyalari yangradi.

Umar Kremlyov, "Gazprom" va IBA

Sport jamoatchiligi boykot Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) rahbari 41 yashar rossiyalik Umar Kremlyov shaxsi bilan bevosita bog‘liq ekaniga ham e’tibor qaratmoqda.

Asli familiyasi Lutfulloyev bo‘lgan Umarali Tojikistonning Hisoridan. Unga 2004-yilda Serpuxov tuman sudi “tovlamachilik” moddasi asosida 5 yil, 2006-yilda esa o‘sha sud “tan jarohati yetkazish” moddasi asosida 1 yillik shartli jazo muddati tayinlagan. 2019- yilda AIBAning Tartib-intizom qo‘mitasi Umarali Kremlyov xotinining familiyasi ostida yashab kelayotgani, muqaddam bir necha bor sudlangani, jinoiy guruhlarga aloqasi borligida gumonlangani ustidan surishtiruv olib borgani ma’lum.

Kremlyovning o‘zi boykot e’lon qilgan eng nufuzli 21ta boks federatsiyasini "masxarabozlik"da aybladi:

- "Bu bosim ham emas. Bu masxarabozlar fikri. Uni muhokama qilishdan nima foyda!? Bizda bayram, bugun ochilish...Bizda madaniyat, tartib bor, nizomimiz mavjud.... Biz millat ajratmaymiz, bizda barcha ishtirok etayotganlarning gimnlari yangraydi".

Bu nufuzli musobaqa boykot qilinganiga yana bir sabab bor.

Umar Kremlyov 2020-yilning dekabrida AIBAga rahbar etib tayinlanganidan keyin imzolagan birinchi hujjati - Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan homiylik to‘g‘risidagi kontrakt bo‘ldi. Bu kelishuv Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi e’tiroziga sabab bo‘ldi.

"IBA ning yagona bosh homiysi sifatida “Gazprom” bilan homiylik shartnomasini uzaytirish XOQ 2019-yildan beri qayta-qayta bildirayotgan xavotirlarni kuchaytirmoqda. Bu IBA asosan Rossiya hukumati tomonidan nazorat qilinadigan kompaniyaga qaram bo‘lib qolishini tasdiqlaydi", deyiladi Qo‘mita rasmiy bayonotida.

IBA va Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi mojarosi

Xalqaro Olimpiya tashkiloti IBAni Tokio-2020 va 2028-yilgi Los-Anjelesdagi Olimpiya o‘yinlardan chetlatdi, talablar bajarilmasa va vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmasa Parijdagi 2024-yilgi olimpiadadan ham mahrum qilishi mumkin.

2022-yilda "Gazprom" qo‘l ostida faoliyat yuritayotgan Xalqaro boks assotsiatsiyasi hatto Ukraina bokschilariga xalqaro musobaqalarda ukrain davlat nishonlarini ko‘tarib chiqishni taqiqlagani va jamoatchilik bosimidan keyin bu qarorini bekor qilgani ham sport olamida katta noroziliklarni keltirib chiqargandi.

Bugunga qadar Rossiya terma jamoasigina Tokio va Pekindagi Olimpiada o‘z mamlakati bayrog‘i ostida ishtirok etishdan mahrum etilgandi. U yerda rus sportchilari ROC (Rossiya olimpiya qo‘mitasi) qisqartmasi va Olimpiya qo‘mitasi bayrog‘i ostida bellashdilar. Ammo tashkilotning to‘liq nomi, shu jumladan "Russian" so‘zidan foydalanish taqiqlangan.

2019-yilning dekabr oyida Lozannadagi Sport arbitraj sudi (CAS) rossiyalik sportchilarni yirik xalqaro musobaqalarda, jumladan, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida, shuningdek Butunjahon antidoping agentligi (WADA) ishtirokida o‘tkaziladigan jahon chempionatlarida Rossiya bayrog‘i ostida qatnashishni taqiqlagan edi.

Taqiqqa Rossiya jamoalari hukumat nazorati ostida noqonuniy doping firibgarliklarida ishtirok etgani isbotini topgani sabab bo‘lgan.

Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi ortidan rossiyalik sportchilarning ishtiroki deyarli barcha xalqaro sport musobaqalarida taqiq ostiga tushdi yoki Rossiya bayrog‘i va gimnisiz ishtirok etishga ruxsat berildi.

1998-yildan buyon AIBAning ijroiya qo‘mitasi tarkibida o‘zbekistonlik G‘ofur Rahimov ham bor. 2018-yilning noyabrida bo‘lib o‘tgan saylovda xalqaro jinoiy guruhga a’zolikda gumonlangan Rahimov AQSh Moliya vazirligi sanksiyalariga qaramasdan ko‘pchilik ovoz bilan raislikka saylangandi. Ammo xalqaro bosim tufayli u 2019-yilning mart oyida tashkilotni tark etgan.

Bo‘shab qolgan o‘ringa davogarlik qilib kelgan Umarali Kremlyov G‘ofur Rahimovni “AIBAni bankrotlik holatiga yetkazish va boks jamoatchiligini aldashda” ayblagan. Tashkilotni qo‘liga olgan rossiyalik biznesmen "Gazprom" yordamida 20 million dollarga yaqin qarzlardan qutulish va ikki barobar ko‘p mablag‘ jalb qilishga va’da bergandi. Shu tariqa 2021-yil dekabrida Kremlyov obro‘si to‘kilgan AIBA nomini IBA ga o‘zgartirdi.

Hozircha rossiyalik Umarali Kremlyov boshqarayotgan IBA gina rus va belorus sportchilarga o‘z bayrog‘ini ko‘tarishni va gimnini ijro etishni taqiqlamadi. Jumladan, Toshkentdagi chempionatda ham.

O‘zbekiston boks federatsiyasi ham “xalqaro sport qoidalariga rioya qilgan holda siyosatdan holi” ekani haqida bayonot berdi.

Nyu-Dehlidagi musobaqada g‘olib bo‘lgan rossiyalik sportchini taqdirlash marosimida avvaliga Rossiya Olimpiya qo‘mitasining yangi norasmiy gimni - Chaykovskiy musiqasi yangradi.

Keyin esa tashkilotchilar rus madhiyasini qo‘ydi.

Bugunga kelib Umar Kremlyov boshqarayotgan IBA “Gazprom” bilan shartnoma yakunlangani, ammo kontraktni uzaytirishga qarshi emasligini aytib keladi. Xalqaro sport jamoatchiligi IBA rahbariyatidan “Gazprom” bilan moliyaviy aloqalari tafsilotlarini ochiqlashni talab qilib keladi.

Toshkentda o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatining sovrin jamg‘armasi rekord darajadagi 5,2 million dollarga yetkazilgani, oltin medal sohiblari 200 ming, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga 100 va 50 ming AQSH dollari berilishi xabar qilingan edi.

Kuzatuvchilar Toshkentdagi musobaqa tashkilotchilarining turnir bosh homiysi to‘g‘risida biror rasmiy ma’lumot bermaganiga e’tibor qaratdi.

Ozodlik so‘roviga javoban O‘zbekiston boks federatsiyasi vakili chempionat homiylari​ O‘zbekiston temir yo‘llari, Bojxona qo‘mitasi, “Orient finans” banki ekanini ta’kidladi.

"Asosiy tashkilotchining sponsorlarini bilmaymiz, "Gazprom" haqida eshitmaganmiz", dedi federatsiyaning o‘zini tanishtirmagan vakilasi.

Homiylar va katta sovrin jamg‘armasi borasida Ozodlik yuborgan rasmiy so‘rovga Xalqaro boks federatsiyasidan hozirgacha javob olinganicha yo‘q. Shu tariqa IBAning katta sovrinlarining kelib chiqishi masalasi ochiqligicha qolmoqda.

Ozodlikka ismini ochiqlamaslik sharti bilan gapirgan O‘zbekiston sport jamoatchiligi vakillaridan biri Rossiya hukumati boks assotsiatsiyasidagi rossiyalik lobbilarini qo‘llashda davom etmoqda, degan fikr bildirdi:

-“Eriell” kompaniyasi tashkilotchilarga 15 kunga “Xumo” zallarini va restoranlarini tekinga bergani uchun reklama qilindi. 200 ming dollarlik mukofotlarni berayotgan tashkilot aniq “Gazprom”, chunki sovrin jamg‘armasi ular shartnomasi tugamasdan e’lon qilingan edi. Ya’ni uning dasturi, moliyalanishi masalasi bir necha yil oldin qabul qilingan. Shuning uchun uni AQSH, Germaniya, Britaniya va boshqa davlatlar boykot qildi. Endi ajralgan boks jamiyatlari o‘zlarining AIBA sini tuzyapti.

Suhbatdosh bu musobaqa O‘zbekistonda o‘tkazilishi 2021-yilning aprelida e’lon qilingan, deydi.

Bundan oldingi boks bo‘yicha Jahon chempionati Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tkazilgan edi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatiga prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi.

Humo Arena sport majmuasida o‘tkazilgan final bahslarini Shavkat Mirziyoyev oila a’zolari bilan kuzatdi, oltin medallar va chempionlik kamarlarini tarqatdi.

Musobaqada ziddiyatli tadbirkor Salim Abduvaliyev, prezidentning kenja kuyovi Otabek Umarov ham ko‘rinish berdi.

Xalqaro sport tashkiloti amaldorlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda ayniqsa boksning korrupsiyalashgani va siyosiy rejimlar manfaatlari xizmatiga o‘tgani haqida gapirdi.

- Sport tarixida juda kam musobaqalar bunday katta boykotga uchragan. Xalqaro boks federatsiyasi bir guruh rossiyalik yarim kriminal shaxslar tomonidan qo‘lga olingani achinarli holat. Ular ochiqchasiga pul qilish, Kreml siyosatini yurgizish, sport hamjamiyati orasiga raxna solish bilan mashg‘ul. Bu boks va umuman sport vakillari noroziligini oshirmoqda. Ularning XOQda tarafdorlari ham bor. Kremlyovning sharmandalarcha assotsiatsiyani tark etishi -biroz vaqt talab qiladi. O‘zbekiston boks federatsiyasi rahbariyati ham buni anglashi kerak.

Halqaro boks assotsiatsiyasi tomonidan 2025-yilda Yaponiyaning Osaka shahrida o‘tkaziladigan navbatdagi jahon chempionati sovrin jamg‘armasi hajmi ham ma’lum.

Dunyoning eng yaxshi bokschilari ikki yildan keyin Toshkentdagidan ikki barobar ko‘p sovrin - 10 million AQSH dollari uchun kurashadi.

XS
SM
MD
LG