Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:46

“Putin ma’qullagan operatsiya". Chexiyadagi portlashlarga oid yangi tafsilotlar ochiqlandi (VIDEO)


“Insider” nashri va “Bellingcat” guruhi Rossiya Bosh razvedka boshqarmasining (BRB — GRU) chet eldagi maxsus operatsiyalari haqidagi tadqiqotining ikkinchi qismini e’lon qildi. Jurnalistlarga ko‘ra, rus josuslari bolgariyalik qurol savdogari Yemelyan Gebrevning payiga tushganlar. Gebrev Ukrainaning eng muhim qurol-yarog‘ ta’minotchilaridan biri edi.

Tadqiqotning birinchi qismi 2014 - yili Chexiyaning Vrbetitse qishlog‘idagi o‘q-dori omborida yuz bergan portlashlar GRUning keng ko‘lamli operatsiyasi natijasi ekanligini, unda kamida sakkiz zobit, jumladan, general Andrey Averyanov hamda Skripallarning zaharlanishi orqali tanilgan Aleksandr Mishkin va Anatoliy Chepigalar ishtirok etganini ko‘rsatgandi.

Yangi qismda, Chexiyadagi portlashlar qurol-aslaha ta’minotini kesishga yordam bermagach, ular Gebrevni ikki marta asab falajlovchi modda bilan o‘ldirishga uringani to‘g‘risida hikoya qilinadi.

Razvedka guruhining safarlari tahliliga ko‘ra, zaharli moddani xorijdan keltirishda ular diplomatik yuklarni tashish imtiyozlaridan foydalangan bo‘lishi mumkin.

“The Insider” bosh muharriri Roman Dobroxotov “Nastoyashchee vremya” muxbiri bilan suhbatda nega, taxminan, Rossiya maxsus xizmatlari harbiy omborni portlatishga qaror qilishgani, nega bu voqea Minsk bitimlari imzolanganidan keyin sodir bo‘lgani, shuningdek, Gebrevning o‘zini tutishi bilan bog‘liq savollarga oydinlik kiritdi.

Uning aytishicha, qurolfurush Gebrevning “menga tegishli EMKO shirkati Ukrainaga qurol-aslaha yetkazib bermagan” degan bayonotini ba’zilar inkor etish deb tushunishgan. Aslida esa bu gapdan ta’minot vositachilar orqali amalga oshirilgani anglashiladi.

Chexiyadagi omborda saqlanayotgan mollarga kelsak, ular rostdan ham Ukrainaga jo‘natishga mo‘ljallanmagan edi, biroq GRU josuslari buni bilmagan va qurollarni Ukraina armiyasi uchun deb o‘ylagan.

Dobroxotov Ukrainadagi manbalar Gebrev o‘sha paytda Ukrainaning yagona yirik ta’minotchisi bo‘lganini, ularga zarur o‘q-dori ishlab chiqaradigan ikki zavoddan birini Rossiya nazorat qilgani bois Gebrevning hatto muqobili bo‘lmaganini tan olishganini aytadi.

“Binobarin, ruslar aynan uni o‘ldirmoqchi bo‘lishgani tushunarli. Portlashlar esa Chexiyadagi omborlarda emas, ma’lum vaqtdan so‘ng, mollar Bolgariyaga ko‘chirilgach yuz berishi kerak edi, natijada u yerda saqlanayotgan va keyinchalik uchta kemada Ukrainaga yetkazilgan aslahalar ham yo‘q qilinishi ko‘zda tutilgandi. Ammo josuslar Gebrev snaryadlarni Bolgariyaga tashib ketishni reja ham qilmaganidan bexabar bo‘lishgan. Shuning uchun ish boshqacha tus oldi”, deydi Dobroxotov.

“Boshqacha tus oldi” deganda “The Insider” bosh muharriri “kechiktirilgan portlash” o‘xshamaganini nazarda tutadi. Uning fikricha, katta ehtimol bilan, ombor xodimlarining aybi bilan birinchi portlash oktabrda‑yoq sodir bo‘lgan.

Ikkinchi portlash ham, garchi kechroq bo‘lgan esa-da, yana Chexiyaning o‘zida yuz bergan. Va barcha rejalari barbod bo‘lgan “gruchilar” endi Gebrevning o‘zini o‘ldirishga qasd qiladi.

Roman Dobroxotov birinchi portlash Minsk bitimlari imzolanganidan so‘ng, ya’ni urushning qizg‘in pallasi o‘tib bo‘lgach yuz berganini izohlar ekan, mazkur terror xurujlari yozda yoki sentabrda, hali harbiy harakatlar faol davom etayotgan paytda operativ tarzda ishlab chiqilganini, keyinchalik esa shunchaki uni bekor qilmaslikka qaror qilishganini aytadi.

“Portlatishga hamma narsa tayyor bo‘lsa, nega endi portlatmaslik kerak”, degan oddiy mantiqqa suyanishgan deb taxmin qilaman. Yana bir o‘ta muhim ma’lumot shuki, operatsiya yakunlanishi bilan guruhdagi 8 agentdan 6 nafariga davlat tomonidan kvartiralar berilgan. Menimcha, kvartiralar — Rossiya Qahramoni unvoniga ilova bo‘lgan. Har holda, Boshirov va Petrov sifatida mashhur bo‘lib ketgan Mishkin va Chepigalar unisini ham, bunisini ham olishganini bilaman.

Buning ma’nosi shuki, operatsiya eng yuqoridan, shaxsan Putin tomonidan ma’qullangan. Rossiya Qahramoni medallarini u o‘z qo‘li bilan topshiradi. Binobarin, bu shunchaki Mudofaa vazirligi operatsiyasi emas, sanksiyani shaxsan Putin bergan”, deydi Dobroxotov.

“The Insider” bosh muharriri bosh muharriri Rossiya maxsus xizmati agentlari zaharlovchi moddani chet eldan olib kelishda diplomatik pochtadan foydalanganini ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, suiqasdga Tashqi ishlar vazirligi xodimlari aralashmagan bo‘lishi mumkinligiga ishonadi. Zero, GRU bilan Tashqi razvedkaning qo‘li shunchalar uzunki, ular maxsus amaliyotlarni diplomatlar bilan kelishib o‘tirishmaydi.

“Shunga qaramay, dippochtadan foydalanishganiga ishonchimiz komil, aks holda, Kapinos familiyali “grushnik”ning Gebrevni zaharlab o‘ldirish operatsiyasining boshqa ishtirokchilari yig‘ilgan Sofiya shahriga juda yaqin joylashgan Salonikiga safarini boshqa nima bilan izohlash mumkin? Uning Salonikiga kelib-ketish vaqti qolgan narigi josus hamkasblarining keyingi harakatlariga juda uyg‘un. Va u safar maqsadi sifatida aynan diplomatik safarni qayd etgan.

Qisqasi, u shunchaki operatsiya ishtirokchilaridan biri bo‘lganida boshqalar kabi samolyotda uchishi mumkin edi. Bir necha o‘n chaqirim naridagi shaharga boshqa mamlakat orqali rasmiy safar qilib borishning nima hojati bor edi? Xullas, men o‘ylaymanki, ular “Novichok”ni olib kelish uchun shunday yo‘l tutganlar, zero, bilasizki, diplomatik yuklar bojxonada tekshirilmaydi”, deya so‘zini yakunlagan Dobroxotov.

XS
SM
MD
LG