Линклар

Шошилинч хабар
10 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:30

Xorazmlik pedofillar sud zalidan qamoqqa olindi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya sudlov hay’ati 3-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi JKning 128-moddasi 1-qismi (O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish) bilan ayblangan Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va viloyatning Yangiariq tumani FVB sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovlarni sud zalidan qamoqqa oldi.

Oybek Masharipov 3 yilga, Anvar Kuryazov 2 yilga ozodlikdan mahrum etildi va ularga shu paytga qadar belgilangan ehtiyot chorasi bekor qilindi.

Bu haqda Ozodlikka O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov xabar qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarqatgan rasmiy xabarda ham jinoyat ishining JPKning 19-moddasi (Sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rilgani aytiladi.

Oliy sud matbuot xizmati xabarida: “Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instantsiyasining 2023-yil 3-noyabrdagi hukmi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudining 2022-yil 6-sentabrdagi hukmining A. M. va A. Q. ga oid qismi bekor qilinib, sudlanuvchilar A. M. va A. Q. Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi” deyiladi.

Mazkur jinoyat ishi jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lgani ortidan 3-noyabr kuni soat 16.00 da O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining majlislar zalida brifing o‘tkaziladi.

Jabrlanuvchilarning advokati M. Eshonqulovga ko‘ra, sudlanuvchilarning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JKning 118-moddasi (Nomusga tegish) alomatlari mavjudligi haqida sud ajrimi ham mavjud edi. Biroq tergov organi negadir bu modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilgan.

3-noyabr kungi sud majlisiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonova hamda bir qancha ommaviy axborot vositalari vakillari kelishdi.

19-sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya sudlov hay’ati Xorazmda sodir etilgan pedofiliya jinoyati bo‘yicha sud muhokamalarini qayta boshlagan edi.


Shu yilning avgustida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya sudlov hay’ati jinoyat ishini qo‘shimcha ayblovlar bilan to‘ldirish va tergov qilish uchun bir oy muddatga Xorazm viloyati prokuraturasiga yuborgandi.

Advokatlarga ko‘ra, go‘yo jarblanuvchilarning advokati qizlarga o‘zlariga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bo‘lgani haqidagi yolg‘on ko‘rsatmalarni o‘rgatgan va avvalgi sud majlislarida yetimxona tarbiyalanuvchilari shuning uchun ham o‘zlariga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bo‘lganini ta’kidlashgan. Advokatlarga ko‘ra, aslida jinoyat ishida jinsiy zo‘ravonlik yo‘q.

Holbuki, apellyatsiya instansiya sudi shu yilning iyun-iyul oyidagi eshituvlarida Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan jinsiy tajovuz alomatlari borligini, mazkur harakatlar qayta tergovlarda o‘rganilishi lozimligini ta’kidlab, ajrim chiqargandi.

Mazkur ish tafsilotlari jamoatchilikka oshkor bo‘lishi ortidan Oliy sud va Bosh prokuratura sudlanuvchilar protsessual tartibda qamoqqa olinganini ma’lum qilgan edi.

Biroq jabrlanuvchi qizlarning aytishicha, bu gaplarning barchasi yolg‘on, sudlanuvchilar biror kun ham qamoqqa olinmagan. Jabrlanuvchilar davlat idoralari jamoatchilikning ovozini o‘chirish uchun yolg‘on xabar tarqatganini iddao qilmoqda.

Nemolchi.uz loyihasiga ko‘ra, Urganch shahridagi Mehribonlik uyi mudirasi uch qizni tanlab olib, 10 oy davomida (2021-yil maydan 2022-yil fevralga qadar) «moddiy manfaat uchun ularni turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan».

"Masalan, 2021-yilning mayida mudira hali 16 yoshga to‘lmagan R. ni tanishlaridan biri bilan yotishga majburlagan. Qiz buni istamasdan, qarshilik ko‘rsatgan, shunda mudira oshxonadan o‘qlovni olib kelib, qizning voyaga yetmagan ukasini boshqalar ko‘z o‘ngida kaltaklay boshlagan. Qizning irodasini sindirgan ayol keyinchalik uni o‘zi buyurgan barcha erkaklar bilan yotishga majburlagan", deb yozgandi Nemolchi.uz.

"Bu kabi voqealar qayta-qayta takrorlangan… 10 oy davomida viloyat Adliya boshqarmasining xizmat kvartirasidan idora boshlig‘ining voyaga yetmagan qizlar bilan jinsiy aloqalari platformasi sifatida foydalanilgan", deya ta’kidlanadi materialda.

Xorazm viloyat Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i ham Mehribonlik uyi mudirasining muammolarini hal etishga va’da bergan. Aytilishicha, may boshida u homiylik yordami sifatida divan, shkaf, oshxona stoli sovg‘a qilgan, bolalarga turli shirinliklar tarqatgan.

"2021-yil iyunda esa yordami evaziga jinsiy aloqa uchun qiz talab qilgan va yuqoridagi 17 yoshli R. bilan Mehribonlik uyi yotoqxonasida yotgan. Iyun oxirida u bolalar uyi mudirasiga 200 ming so‘m berib, yana qiz bilan yotgan. Shundan keyin Mehribonlik uyiga oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar olib kelib, 15 yoshli A.ni jinsiy aloqa qilishga majburlagan. Qizlar bir necha bor ushbu erkak bilan jinsiy aloqaga majburlangan, uchrashuvlar Mehribonlik uylarining o‘zida va boshqa joylarda tashkillashtirilgan", deyiladi Nemolchi.uz xabarida

2022-yilning sentabr oyida mazkur holatlarga nisbatan dastlabki instansiya sudi Xiva tumanida ko‘rib chiqilgandi va Mehribonlik uyi mudirasi Yulduz Xudoybergenova JKning 135-moddasi (Odam savdosi), 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bilan aybli deb topib, 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Adliya va Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari rahbarlari esa JKning 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan 1,5 yilga ozodlikdan cheklangan. Xorazm viloyati sudi apellyatsiya instantsiyasi 2022-yil dekabrda hukmni kuchda qoldirgan edi.

XS
SM
MD
LG